Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:52

Bandlik agentligi Latviyaga jo‘natgan o‘zbekistonliklar qaytishga pul topolmayapti


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Polshada bo‘lib turgan 8 o‘zbekistonlikni bandlik agentligi ularga 1000 yevrodan mehnat haqi berilishini va’da qilib, Latviyaga ishga jo‘natgan. Ammo ular 1,5 oy ishlab, faqat 400 yevrodan ko‘proq ish haqi olgan.

Oxiana work xususiy bandlik agentligi vakili Ozodlik radiosi bilan suhbatda aybni muhojirlarning o‘ziga ag‘dardi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentligi rasmiysi so‘nggi paytlarda bu kabi holatlar ko‘p uchrayotganini va ayniqsa, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Latviyaga ishga jo‘natilgan o‘zbekistonliklardan ko‘plab shikoyatlar kelayotganini aytdi.

"Bir yarim oy ishlab 420 yevro ish haqi oldik"

O‘z oilalarini tashvish va havotirga qo‘ymaslik maqsadida ismlarini sir tutishimizni iltimos qilgan sirdaryolik, surxondaryolik va namanganlik 8 nafar muhojirning Ozodlik radiosiga aytishicha, ular 2019 yilning 15 noyabrida Latviya poytaxti Riga shahriga yetib kelishgan.

“Oxiana work xususiy bandlik agentligiga bu yerga ishga kelish uchun har birimiz 14 million so‘mdan pul berganmiz. Biz bilan tuzilgan mehnat shartnomasida Riga yaqinidagi o‘rmon xo‘jaligida ishlashimiz va buning uchun, soliqlarni chegirib tashlaganda, ming yevrodan haq olishimiz aytilgandi. Ammo Latviyaga kelganimizdan keyin bir yarim oy davomida bir marta 50 yevro, ikkinchi marta 120 yevro, keyin esa 250 yevro, jami 420 yevro haq oldik. Ish beruvchiga noroziligimizni aytsak, men soliqlarni chegirib qoldim deydi. Bandlik agentligiga telefon qilsak, hech qanday yordam bermadi”, dedi muhojirlardan biri.

Uning aytishicha, shundan so‘ng sakkiz kishidan iborat muhojirlar guruhi Polshaga kelgan. Muhojirlardan biri bu mamlakatda tanishi borligini aytdi:

“Tanishimiz orqali ish topdik. Ish haqi ming-bir yarim ming yevro ekan. Polshaga kelganiga uch oy bo‘lgan tanishimizning o‘zi uyiga uch ming yevro pul chiqaribdi. Ammo hali ishga kirishishimizga ulgirmasimizdan turib, Latviyadagi ish beruvchi ish o‘rnini noqonuniy tashlab ketdi, deb vizamizni bekor qildirib qo‘yibdi. Endi nima qilishimizni bilmay Polshada o‘tiribmiz. O‘zbekistonga qaytaylik desak, pulimiz yo‘q”.

Xususiy bandlik agentligi muhojirlarni aybladi

Oxiana work xususiy bandlik agentligi vakili Qodir Mamajonov Ozodlik radiosi bilan suhbatda aybni muhojirlarning o‘ziga ag‘dardi:

“O‘n kun ishlaganlari uchun ular 170 yevrodan haq olishgan. Hamma joyda uch oylik sinov muddati bo‘ladi. Shartnomada sinov muddati bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bular o‘sha sinov muddatini o‘tamasdan oyliklari oz ekan, deb ketib qolishgan. O‘n kuniga 170 dollardan haq olganida, oyiga 500-600 yevro haq olishar edi, chidab ishlaganlarida. Ular shartnomani buzib, ketib qolganlaridan keyin ish beruvchi ham ortiqcha soliq to‘lamaslik uchun ularning vizalarini bekor qildirgan. Biz ularni O‘zbekistonga qaytib kelishlari uchun samolyot pullarini to‘lashga tayyormiz, ammo shikoyatchilar “Bizni aldadinglar, 14 milliondan bergan pullarimizni qaytarib berasizlar, keyin qaytamiz”, deb shart qo‘yishayapti. Bu shartga biz rozi emasmiz”.

Latviya va Litvaga ishga jo‘natilganlardan shikoyatlar ko‘p

Mavzuni o‘rganish doirasida Ozodlik Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentligiga bog‘landi. Ozodlik savollariga agentlik matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov javob berdi:

“Bu kabi holatlar ko‘p bo‘layapti. Ayniqsa Litva, Latviyaga jo‘natilgan mehnat muhojirlaridan aldanganlari to‘g‘risida ko‘p shikoyatlar kelimoqda. Shuning uchun qonunchilikka o‘zgartirish kiritish masalasida ish olib borayapmiz. Ya’ni mehnat muhojirlarini aldagan xususiy bandlik agentliklariga jazo choralarini kuchaytirish taklifini kiritayapmiz, bundan tashqari ishga jo‘natish mexanizmlarini mukammallashtirish ustida ishlayapmiz. Bunday vaziyat 2018 yildan keyin, xususiy bandlik agentliklari faoliyat boshlaganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Hozirda bunday holatlarning oldini olish uchun chora-tadbirlar rejasi ishlanayapti”.

Ozodlik radiosiga 2019 yilning 25 dekabrida Litvada ishlayotgan bir guruh o‘zbekistonlik muhojirlar murojaat qilib, "Amili Bahora" xususiy bandlik agentligiga aldanib qolganlarini aytgan edilar.

Muhojirlarga ko‘ra, agentlik ularni Germaniyaga ishga yollagan, ammo Litvaga jo‘natgan. Bu yerda muhojirlar ish bilan ta’minlanmay, chiqindixonada jon boqishga majbur bo‘lishganini aytishgan.

Shundan so‘ng Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentlik o‘zbekistonliklarni ortga qaytargan hamda "Amili Bahora" shirkati ularning ayrimlariga to‘lagan pullarini qaytarib bergandi.

Bundan avvalgi holatlar

O‘zbekistonliklarni millionlab so‘m evaziga xorij¸ xususan¸ Yevropa davlatlariga yaxshi haq to‘laydigan ishga jo‘natishni va’da qilib¸ bu va’dasini bajarmayotgan xususiy bandlik agentliklari soni oshib bormoqda.

Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar ortidan¸ bunday agentliklarning bir qanchasi faoliyati to‘xtatildi¸ ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Navoiy shahridagi Navoiy xususiy bandlik agentligi 211 nafar odamni 633 million so‘mga aldadi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 25 noyabrw kuni xabar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ish qidirayotgan shaxslarga chet eldan ish topib berish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30tasi birorta ham fuqaroni xorijiy davlatlarga ishga yubormagani ma’lum qilingan edi.

Bundan tashqari Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining uch rahbari hibsga olingani aytilgan.

Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, Korean&Migrations ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan har bir kishidan 32 million 400 ming so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.

Oldinroq esa, 70 ga yaqin o‘zbekistonlik Toshkentdagi HUMAN xususiy bandlik agentligi Germaniya va Chexiyaga jo‘natish uchun to‘lovlarni olgani, ammo jo‘natmaganidan Ozodlikka shikoyat qilgandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG