Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:24

YOIIda qarorni katta davlatlar qabul qilayapti, kichiklar bo‘ysunayapti - Qirg‘iziston Bosh vaziri


Qirg‘iziston Bosh vaziri Muhammedqaliy Abilg‘aziyev parlamentda chiqish qilmoqda.
Qirg‘iziston Bosh vaziri Muhammedqaliy Abilg‘aziyev parlamentda chiqish qilmoqda.

Qirg‘iziston hukumati Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) tarkibidagi yirik davlatlar tashkilot doirasidagi shartnomalarni buzib, kichik davlatlarga zug‘um o‘tkazayotganini tanqid qildi.

5 fevral kuni parlamentda so‘zlagan Bosh vazir Muhammedqaliy Abilg‘aziyev bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziriga ham gapirganini alohida ta’kidladi.

Qirg‘iziston YOIIga 2015 yilda qo‘shilgan edi. Bir qator mahalliy ekspertlar Qirg‘iziston YOIIga qo‘shilganidan beri soliq sifatida tushuvchi mablag‘lar ozaygani va birlashmaning umumiy bozoriga kirishda qiyinchiliklar ko‘p bo‘layotganini aytib kelishadi.

"Katta hal qiladi, qichik bo‘ysunadi"

Qirg‘iziston Bosh vaziri Muhammedqaliy Abilg‘aziyev 5 fevralda parlamentda so‘zlagan nutqida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan norozilik bildirdi:

“Bu yerda “katta davlat hal qiladi, kichik davlat bo‘ysunadi”, degan prinsip amal qilayapti. “Mening chegaramda mening huquqim ko‘p”, degan munosabat bo‘lyapti. Men buni qozoq bosh vaziri Maminga ham ochiq aytdim. Yaxshi natijalar ham bor, biroq xalqqa to‘sqinlik qilish, pul jo‘natmalarini ozaytirish, kirayotgan mahsulotlarni qayta tekshirish... Masalan, Yevropa ittifoqida barcha qarorlarni hamma mamlakatlar bajarishi kerak, bizda esa, qaror chiqarib, o‘zimiz bajarmayapmiz, aksincha chegaralarni ochish o‘rniga to‘sib olishayapti, - dedi Abilg‘aziyev.

Qirg‘iziston hukumati bundan avval YOII doirasidagi hamkori Qozog‘istondan noroziligini bir necha marta bildirgan edi. Chunki Qozog‘iston YOII shartnomalariga zid ravishda chegaralarni yopib qo‘yishi yoki qo‘shimcha tekshiruvlar joriy etishi ortidan chegarada Qirg‘izistondan yuk olib o‘tayotgan avtomashinalar tiqilinchi paydo bo‘ladi.

Yangi yildan boshlab Qozog‘iston Qirg‘izistondan kelayotgan yuklarga qo‘shimcha tekshiruvni joriy etgani ortidan ikki davlat chegarasida yana yuk mashinalarining tiqilinchi paydo bo‘lgan. Buning ortidan qirg‘iz hukumati Qozog‘istonni YOII doirasidagi majburiyatlariga amal qilishga chaqirdi.

Qirg‘iz deputati YOIIni mafiyalashgan organga o‘xshatgan edi

29 yanvar kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Azamat Arapbayev ham parlamentda YOII “4-5 mafiyalashgan organning daromad manbaiga aylandi” deb gapirgan edi.

Unga ko‘ra, qirg‘iz tadbirkorlari yuk tashishda YOIIning yana bir a’zosi - Qozog‘istonning soliq inspeksiyasi bilan chegara xizmati tomonidan to‘siqlarga uchramoqda. Xalq vakilining aytishicha, qo‘shni mamlakatning nazorat organlari yuklarni o‘tkazish uchun 5 ming dollargacha pul talab qilmoqda.

- Barcha kuchimizni Qozog‘istonning soliq inspeksiyasi bilan chegara xizmatini boyitishga sarflayapmiz. Qirg‘iz tadbirkorlari o‘z mahsulotlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlariga yuborish uchun o‘sha yerda tovariga qarab 500dan 5 ming dollargacha berishayapti. Boshlanishida “YOIIda 180 millionlik kishilik bozorga yo‘l ochiladi” deyilgandi, hozir aksincha, YOII 4-5 mafiyalashgan organ foydasiga ishlayapti, - degan edi Arapbayev.

YOII va O‘zbekiston

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi avval Belorusdan, Qozog‘iston va Rossiya Bojxona birlashmasi sifatida tuzilgan. 2015 yildan keyin mazkur tashkilotga Armeniya hamda Qirg‘iziston qo‘shilib, hozirgi nomini olgan.

Bir qator mahalliy ekspertlar Qirg‘iziston tarif yengilliklarini foydalana olmaganini, soliq sifatida tushuvchi mablag‘lar ozaygani va birlashmaning umumiy bozoriga kirishda qiyinchiliklar ko‘p bo‘layotganini aytib kelishadi.

Davlat rahbari So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov yaqinda YOIIdagi mamlakatlar iqtisodi rivojlanayotganini bildirgandi.

O‘zbekistonning bu tashkilotga qo‘shilishi ehtimoliga oid turli fikrlar mavjud.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro press-klubning 25 yanvar kuni o‘tkazilgan sessiyasida so‘zlagan nutqida jumladan bu borada mana bularni aytgandi:

"Qaysi shaklda, qaysi qismida O‘zbekiston mazkur integratsion tashkilotlarda ishtirok etishi mumkinligini aniqlaymiz. YOII bo‘yicha ko‘plab savollar paydo bo‘lyapti. Avvalo, bizning integratsiyaga munosabatimizni bildirsam. Globallashuv davrida bu - tabiiy jarayon. O‘zbekiston ham bu jarayondan chetda qolishi mumkin emas. Biz doim milliy va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, ish tutamiz".

Avvalroq, Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga O‘zbekistonning joriy yil a’zo bo‘lishi haqidagi muhokamalarga munosabat bildirgandi.

Mirziyoyev o‘z chiqishida YOII ga qo‘shilish ehtimolini Qozog‘iston va Rossiyada ishlayotgan millionlab mehnat muhojiri manfaatini himoyalash va O‘zbekiston iqtisodini riivojlantirish uchun zarur milliardlab dollar bilan izohlagan.

Ayni paytda Mirziyoyev 20 yanvar kungi chiqishida mustaqil kuzatuvchilarning Rossiya yetovidagi bu siyosiy guruhga qo‘shilish O‘zbekiston mustaqilligini boy berishga olib kelishi haqidagi xavotirlarini rad qilishga uringan.

“Mustaqillikni birovga berib qo‘yadi, degan xomxayol gaplar hoyu-havas gaplar. Kim berib qo‘yadi mustaqillikni?”¸ deb iqtibos keltirgan Mirziyoyevdan mahalliy nashrlar.

Prezidentga ko‘ra¸ O‘zbekiston YOIIga avvaliga kuzatuvchi maqomida qo‘shilib¸ “nima yaxshi, nima yomonligini kuzatgandan keyin" a’zolik borasida qaror beradi.

XS
SM
MD
LG