Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:29

Nukusda uch faolning Cotton Campaign a’zolari bilan uchrashishiga monelik qilindi


Nukusdagi majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanuvchi "Chiroq" nodavlat tashkiloti faollari.
Nukusdagi majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanuvchi "Chiroq" nodavlat tashkiloti faollari.

Cotton Campaign koalitsiyasi Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonda majburiy mehnat monitoringi bilan shug‘ullanuvchi "Chiroq" nodavlat tashkiloti faollarining koalitsiya a’zolari bilan uchrashishiga to‘sqinlik qilinganidan taassuf bildirdi.

Dunyodagi mashhur 310 savdo brendini birlashtirgan Cotton Campaign delegatsiyasi 27 yanvar — 6 fevral kunlari O‘zbekistonda bo‘lib, mahalliy huquq faollari hamda hukumat rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekistonda majburiy mehnatni tag-tubi bilan yo‘q qilish, tizimli islohotlar va fuqaroviy jamiyat rolini oshirish Cotton Campaign koalitsiyasi qo‘yayotgan asosiy talablar - yo‘l xaritasidir.

Cotton Campaign vakilining Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston hukumati yo‘l xaritasi bo‘yicha talablarni bajarishga va’da bergan.

Nukus shahridagi "Chiroq" nodavlat tashkiloti rahbari Azimboy Otaniyozovning Ozodlikka aytishicha, 1 fevral kuni Cotton Campaign delegatsiyasi bilan uchrashishi kerak bo‘lgan uch nafar faoli turli bahonalar bilan militsiya va hokimliklarda kechgacha ushlab turilgan:

- Bir faolimiz Kegeylidan Nukusga kelayotganida mashinasi "Postgai"da to‘xtatilgan, keyin tuman hokimligida kechgacha ushlab turilgan, telefonini ham olib qo‘yishgan. Kegeyli tumani hokimligidagilar "qayerga boryapsan, kim bilan uchrashyapsan, nima haqda gap bo‘ladi", deb so‘roqqa tutishgan. Yana bir faolimizni Nukusdagi militsiya tayanch punktida "qo‘shni xonadonda janjal bo‘ldi, guvohsan", deb kechgacha ushlab o‘tirishgan. Undan ham "nimaga boryapsan, kim bilan uchrashasan" deb so‘rashgan. Uchinchi faolimiz, Nukusdagi sil kasalliklari shifoxonasida ishlaydi, uni shanba kuni, dam olish kuni ataylab navbatchilikka qo‘yishgan.

"Chiroq" jamoat tashkiloti 2019 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat bilan bog‘liq yigirmadan ortiq xolatni o‘rgangan.

Azimboy Otaniyozovning fikricha, aynan shu holatlar guvohi bo‘lgan faollariga Cotton Campaign delegatsiyasi bilan uchrashishlariga monelik qilingan:

- Masalan, Qo‘ng‘irot soda zavodida 1300 atrofida odam ishlaydi. Ular paxtaga chiqish yo o‘rinlariga odam yollashga majburlangan. Bundan tashqari To‘rtko‘l tumanida maktablar, markaziy kasalxona xodimlari, shifokor va o‘qituvchilar 2019 yil 5 sentabrdan boshlab paxtaga safarbar etilgan yoki o‘rinlariga mardikor yollashga majbur qilingan. Shunga o‘xshagan yigirmadan ortiq holatni o‘rganganmiz. Shu ma’lumot xalqaro tashkilotlarga yetib bormasin debmi yoki boshqa sababmi, bularni uchrashishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Ozodlik faollarning ularga to‘sqinlik qilingani haqidagi iddaosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasidan izoh ololmadi.

Cotton Campaign mehnat va inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, investor va biznes-tashkilotlarining xalqaro koalitsiyasi bo‘lib, maqsadi paxta yetishtirishda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Koalitsiya majburiy mehnat mahsuli deb ko‘riladigan o‘zbek paxtasi mahsulotlarining jahonga mashhur tekstil va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan boykot qilinishi tashabbuskori sanaladi.

Cotton Campaign delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga safar qilgan germaniyalik faol Linn Shvayzfurz Nukusda "Chiroq" jamoat tashkilotining ayrim faollariga to‘sqinlik qilinganidan taassuf bildirdi.

- Biz Nukusda 12 faol bilan uchrashishimiz kerak edi. Ayrimlariga jismoniy to‘sqinliklar bo‘lganini o‘rgandik. Bundan tashqari mahalliy rasmiylar "Chiroq" tashkilotini ro‘yxatga olishni paysalga solib kelmoqda. Ularning arizasi arzimagan grammatik xatolar sabab qilib, rad qilingan. Bir tomondan O‘zbekiston hukumati mamlakatga kelayotgan sarmoyador shirkatlarini o‘n daqiqada ro‘yxatga olamiz deydi, majburiy mehnat yoki inson huquqlari bo‘yicha nohukumat - nodavlat tashkilotlari esa ro‘yxatga olinishni yillab kutishyapti, - deydi Shvayzfurz.

Germaniyalik faolga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatni tugatish borasida sezilarli ishlar qilgan bo‘lsa-da, uni tugatolmagani uchun o‘zbek paxtasiga bo‘lgan yuzdan ortiq shirkatning boykoti o‘z kuchida qolmoqda.

- O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatni tugatish urinishlari tahsinga sazovor, lekin bu borada barqaror natijaga erishish uchun jurnalistlar va inson huquqlari faollarining bu boradagi izlanishlariga to‘sqinlik qilinmasligi kerak, - dedi Linn Shvayzfurz.

G‘arb davlatlaridagi huquq himoyachilari¸ biznes va investitsiya guruhlaridan tuzilgan Cotton Campaign koalitsiyasi 2010 yili bolalar va majburiy mehnat evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan va bu boykotga umumiy kapitali 1 trillion dollarga teng bo‘lgan Nike, Zara, GAP, C&A, Levi's, H&M, UNIQLO kabi yetakchi kiyim-kechak va to‘qimachilik shirkatlari qo‘shilgan edi.

​O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining ixtiyoriga zid ravishda 2019 yilda ham paxtaga majburlangani haqida Ozodlik xabar bergan.

O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi qonunlar qabul qilinganiga qaramay¸ Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida o‘qituvchi va shifokorlarning ham mahalliy hokimlar tomonidan majburiy mehnatga jalb etilgani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG