Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:50

Toshkentda DXX va Mudofaa vazirligining o‘ndan ziyod zobiti davlatga xiyonatda ayblanmoqda


Yopiq sudning ikkinchi majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida o‘tkazilmoqda.
Yopiq sudning ikkinchi majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida o‘tkazilmoqda.

10 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar siyosatshunos Rafik Sayfulin ustidan yopiq sud majlisi boshlandi.

Jarayondan bevosita xabardor Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ bu Sayfulin ustidan o‘tayotgan sudning ikkinchi majlisidir.

Birinchi majlis fevral boshida Respublika harbiy sudi binosida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda ma’lumot bergan sud xodimiga ko‘ra¸ “harbiy sud binosi remont bo‘lgani bois¸ ish tuman sudi binosida ko‘rilmoqda”.

Sayfulin ishini O‘zbekiston harbiy sudi hakamlari ko‘rib chiqmoqda. Sayfulin O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi - davlatga xoinlik qilishda ayblanmoqda.

Sayfulin bilan birgalikda o‘nga yaqin sobiq harbiy ham Rossiya foydasiga josuslik qilish¸ davlat sirlarini fosh qilish va boshqa jinoyatlarda ayblanib¸ sudga tortilgan.

Qamoqqa olinib ishi sudga oshirilganlar orasida O‘zbekiston qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev ham bor. Yarbabayev ham O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat - davlatga xoinlik qilishda ayblanmoqda.

O‘zbekiston huquq tartibot tizimidagi bir-biridan mustaqil ikki mulozim Ozodlikka taqdim etgan bu ma’lumotlarni qamalgan harbiylardan biri yaqinlari ham tasdiqladi.

Akbar Yarbabayevning akasi Rossiya federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida yashaydigan Aleksey Yarbabayev Ozodlik bilan suhbatda ukasi ustidan tergov joriy yilning 1 fevralida tugallanib¸ sudga oshirilganini aytdi.

Rossiya aviatsiyasi zobiti Aleksey Yarbabayevning Ozodlikka bildirishicha¸ uning ukasi O‘zbekiston qurolli kuchlari shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev va xotini Yelena 2019 yil 15 iyul kuni hibsga olingan.

Bundan oldin 2019 yilning 2 iyul kuni Toshkentda iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli ​“Vatanparvar” gazetasi muxbiri Vladimir Kaloshin hibsga olingani haqida Ozodlik habar bergan edi. Kaloshin O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 162- moddasida (“Davlat sirlarini oshkor qilish”) nazarda tutilgan jinoyatda ayblangan edi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimining yuqori lavozimli mulozimning aytishicha¸ “Kaloshin¸ Sayfulin va Yarbabayev” ayni ish doirasida “Rossiya manfaati uchun josuslik” qilganlik va “davlat sirlarini oshkor qilganlik” kabi mushtarak jinoyatlarda ayblanmoqda.

"Ular O‘zbekiston Respublikasiga qarshi dushmanlik faoliyati olib borishda boshqacha yordam ko‘rsatish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, hududiy daxlsizligiga, xavfsizligiga, mudofaa salohiyatiga, iqtisodiyotiga zarar yetkazishga qaratilgan qasddan sodir etilgan qilmishda ayblanmoqda".

Ayni mulozim iddaosicha¸ O‘zbekiston Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibidagi o‘nga yaqin polkovnik va general rutbasidagi zobit ham ayni ish figuranti sifatida hibsga olingan.

Ozodlikda hibsga olingan bu harbiylar shaxsiga oid aniq ma’lumot hozircha yo‘q. Suhbatdosh mulozim hibsga olingan zobitlarning uyushgan tarzda Rossiya manfaatlari uchun davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanayotganini aytish bilan kifoyalandi.

Jinoyat ishi figurantlari bilan bevosita tanish manbaning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka aytishicha¸ "ayblanuvchilar Rossiya foydasiga tahliliy xulosalar sizdirishgan¸ ammo maxfiy informatsiya va hujjatlar berishmagan".

Ozodlik hibsga olinganlarning advokatlari bilan bog‘landi. Ammo sudlanuvchilar himoyachilari harbiy sud majlisining yopiqligi bois¸ hech bir ma’lumot bera olmasligini aytish bilan cheklandi.

Rafik Sayfulin
Rafik Sayfulin

“Davlatga xoinlik qilish”da ayblanib sud qilinayotgan Rafik Sayfulin o‘z xizmat faoliyatini sovet davrida Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) zahirasidagi fors¸ dari va pushtun tillarini yaxshi bilgan xodim sifatida boshlagan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Sayfulin 1994 yildan 1995 yilgacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Statistika qo‘mitasida ishlagan.

Keyinchalik u O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar institutining direktori sifatida faoliyat yuritdi. Uning O‘zbekiston MXX sobiq raisi¸ qudratli general Rustam Inoyatovga juda yaqin bo‘lgani aytiladi.

Siyosatshunos sifatida tanilgan Sayfulin o‘z maqolalarida G‘arb va AQShdan uzoqlashish va Rossiya bilan yaqinlashish g‘oyasini ilgari surib kelgan.

Ayni “davlatga xoinlik qilish” jinoyatida ayblanib sud qilinayotgan O‘zbekiston qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev 2006 yilning 26 avgustida O‘zbekistonning o‘shandagi prezidenti Islom Karimov tomonidan “Shon-Sharaf” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Ozodlik tasarrufidagi UP3795 raqamli hujjatga ko‘ra¸ Yarbabayev o‘shanda ham qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Yarbabayev 1986 yili Volgograd (Rossiya)dagi Kachinsk harbiy uchuvchilar oliy maktabini tugatgan. 1993 yildan boshlab O‘zbekiston qurolli kuchlari tarkibida ishlay boshlagan. Ikkita farzandi bor.

Sud tomonidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) aybli deb topilganlar¸ o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Rafik Sayfulin¸ Akbar Yarbabayev va shaxsi hozircha ochiqlanmagan boshqa sobiq harbiylar ustidan borayotgan mahkama keyingi majlisining qachon bo‘lishi¸ hukmning qachon e’lon qilinishi hozircha ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG