Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:21

Navoiyda 3 million o‘rniga 800 ming so‘m oylik berilgan ayol rahbarlarga pichoq bilan hujum qildi


10 fevral kungi voqea "Qizilqumsement" AJ binosida sodir bo‘lgan.
10 fevral kungi voqea "Qizilqumsement" AJ binosida sodir bo‘lgan.

Navoiydagi "Qizilqumsement" AJning ayol ishchilaridan biri yanvar oyi uchun shtat birligida ko‘zda tutilganidan 2,5 barobar kam oylik berilgani ortidan 10 fevral kuni hisobchi va zavod rahbariga pichoq bilan hujum qildi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor ishchilardan birining Ozodlikka ma’lum qilishicha, ismi aytilmayotgan ayol ishchi har kuni Navoiydan Nurotaga qatnab, zavod filiallaridan birida ishlab kelgan.

"Qizilqumsement" AJning Ozodlik bog‘langan mas’uli shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi. Mulozimga ko‘ra, ayni paytda ayolga nisbatan ichki ishlar xodimlari surishtiruv-tergov ishlarini olib bormoqda.

"Kuniga 120 kilometr yo‘l bosib ishga kelgan ayol 800 ming so‘m oylikdan g‘azabga keldi"

"Qizilqumsement" AJda 10 fevral kuni sodir bo‘lgan voqea tafsilotidan yaxshi xabardor ishchilardan birining Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ dushanba kuni maosh olish uchun zavodga kelgan ayol yanvar oyi mehnati uchun 800 ming so‘m oylik yozilganidan qattiq g‘azablangan. Shundan so‘ng u qo‘liga pichoq olib, oldin hisobchi, keyin esa o‘sha yerda bo‘lgan zavod rahbariga hujum qilgan. Ammo bu yerda turgan boshqa xodimlar uni to‘xtatib qolishgan.

Zavodda o‘rtacha oylik 3-4 million so‘m. Unga esa 800 ming so‘m oylik berishgan. Ayol mana shundan g‘azablangan

“Bu ayol har kuni Navoiydan zavodning Nurotadagi fililaliga borib ishlar ekan. Navoiydan Nurotagacha 60 kilometr, demak u har kuni 120 kilometr yo‘l bosgan. Har kuni borib kelishga kamida 30 mingdan yo‘lkira qilgan. Zavodda o‘rtacha oylik 3-4 million so‘m. Unga esa 800 ming so‘m oylik berishgan. Ayol mana shundan g‘azablangan”, - dedi "Qizilqumsement" AJsining shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan ishchisi.

Bu suhbatdosh¸ voqea ortidan zavod direktori ayolni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborishga buyruq bergani va uning Navbahor tumanidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga olib ketilganini iddao qildi .

"Yanvar oyida oz oylik olganlar soni ko‘p"

Xalq orasida eski - "Navoiysement" nomi bilan tanilgan zavod ishchilaridan birining aytishicha, yanvar oyida belgilanganidan 2,5-3 barobar kam ish haqqi olgan ishchilar soni bir ayol bilangina cheklanmaydi.

Har buzilganda oyligimdan ushlab qolishaversa, unda mening quldan qanday farqim qoladi?

“Rahbariyat odamlarning g‘azabini keltiradigan ish qilayapti. Masalan, mening buldozerimning bolgarkasi sinib qolgani uchun menga 1 million so‘m oylik berishdi. Qolgan uch millionni oyligimdan ushlab qolishdi. Men uni maxsus sindirganim yo‘q-ku? Texnika bo‘lganidan keyin buziladi. Buldozer sovet zamonidan qolgan, juda eski, u ko‘p buziladi . Har buzilganda oyligimdan ushlab qolishaversa, unda mening quldan qanday farqim qoladi?”, degan ishchi yanvar oyida zavodning yuzlab ishchisi oyligining turli bahonalar bilan shtat birligida ko‘zda tutilganidan bir necha baravar oz maosh olganini bildirdi.

Rasmiy voqeani tasdiqladi

"Qizilqumsement" zavodining Ozodlik izoh so‘rab murojaat qilgan mas’ullaridan biri 10 fevral kuni korxona ishchilaridan birining hisobchi va direktorga pichoq bilan tashlanganini tasdiqladi.

“Bunday voqea bo‘lgan, hujum qilgan ayol bilan hozir ichki ishlar bo‘limi shug‘ullanmoqda. Zavod direktori ayolni jinnixonaga jo‘natdi, degan gap yolg‘on. Zavod direktorining bunga vakolati yo‘q, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga sudning qarori bilan joylashtirish mumkin”.

Ayni paytda¸ zavod mutasaddisi ishchi ayol shaxsi, nega unga shtat birligida yozilgan maoshning uchdan biri berilgani¸ zavod boshqa ishchilariga ham oyliklar belgilanganidan bir necha barobar kam miqdorda berilganiga oid Ozodlik savollarini javobsiz qoldirdi. Mulozim shuningdek ishchi ayol hujumi oqibatida jarohat olganlar bormi¸ degan savolga ham javob berishni istamadi.

Navoiy shahar ichki ishlar bo‘limi Tergov departamenti rasmiysi Ulug‘bek Kenjayev hodisa yuzasidan Ozodlik savolini eshitishi bilan telefonini o‘chirib qo‘ydi va qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Jismoniy tahdid nohaqlikka qarshi kurash usulimi?

O‘zbekistonda rasmiylarning ayrim harakatlariga jismoniy tahdid bilan norozilik bildirish holatlari kam emas.

Jumladan, 10 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda​ Sariosiyo tuman, Gulobod mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘ksiga prezident Mirziyoyev portretini osib olgan yosh ayolning qo‘lida bolta bilan uyini buzishga kelganlarga tahdid qilgani aks etgan video tarqadi.

21 yanvar kuni samarqandlik Dilorom Roziqova uyidan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi sud qarorini ijro etish uchun kelgan MIB xodimlarini yoqib yuborishga urindi. 23 yanvar kuni Roziqovaga sud qarori bilan tergov jarayoni yakunlanguniga qadar qamoqda saqlash ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ayni o‘sha kuni Andijonda Xushnud G‘oyibnazarov uyini musodara qilishga kelgan MIB xodimi oldida o‘zini yoqib yubordi va oradan bir necha kun o‘tib kasalxonada vafot etdi.

2019 yili Yakkabog‘ tuman hokimi o‘rinbosari buldozerga chiqib¸ do‘konini buzishga uringanida tadbirkor Bahriddin Isomov uning ustiga benzin sepib¸ yoqib yuborgan edi.

XS
SM
MD
LG