Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:49

Andijonliklar mahalliy futbol klubining bir yillik chiptasini sotib olishga majburlanmoqda


“Andijon” futbol klubi 2019 yilgi O‘zbekiston superligasi o‘yinlarini 14 jamoa orasida 10- o‘rin bilan yakunladi.
“Andijon” futbol klubi 2019 yilgi O‘zbekiston superligasi o‘yinlarini 14 jamoa orasida 10- o‘rin bilan yakunladi.

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining yuzlab ishchi-xodimi mahalliy “Andijon” futbol klubi o‘yinlariga yillik chipta sotib olishga majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan ishchilar o‘zlarining 500 ming so‘mlik chipta pulini maoshdan ushlab qolishni so‘rab ariza ëzishga majburlanayotganini bildirdi.

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” mulozimi hududiy bo‘limlarga shunday chiptalar sotilayotganini tan oldi, lekin bu tadbirning majburiyligini inkor qildi.

Jarayonga aloqador mulozimlarning Ozodlikka bir-biridan mustaqil tarzda aytishicha¸ mahalliy futbol klubi uchun pul undirish jarayoni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning og‘zaki buyrug‘i asosida amalga oshirilmoqda.

Majburiy futbolsevarlik

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” korxonasining tuman bo‘limida ishlaydigan ustalardan biri o‘z ishxonasiga 15 ta bir yillik chipta sotib olish majburiyati qo‘yilganini aytadi.

Kimning oyligi 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lsa, o‘shalar bittadan chiptaga ariza yozishi majburiy ekan.


Bu majburiy tadbir o‘tgan oy boshlandi. Bitta biletni to‘rt kishi bo‘lishib olishasan degan edi. Keyin to‘rt kishi kelishib, bittamizning nomimizdan ariza yozilgan edi. Lekin 26 fevral kuni bo‘lim boshlig‘imiz har bittang bittadan bilet olasan deb¸ aytdi. Unga bu buyruqni direktor bergan. Kimning oyligi 2 million so‘mdan ko‘p bo‘lsa, o‘shalar bittadan chiptaga ariza yozishi majburiy ekan. O‘zim umrimda qiziqmaydigan futbolga nima uchun men maoshimning to‘rtdan bir qismini berishim kerak?

Asaka tuman Elektr tarmoqlari korxonasida ishlaydigan xodim “Andijon” futbol klubi o‘yinlari uchun bir yillik chiptani sotib olishga majburlash o‘tgan yillarda ham bo‘lgani¸ ammo bunday o‘lponning ishchi boshiga solinmaganini aytadi.

“Andijon” futbol klubi koshkiydi bir tuzukroq o‘yin ko‘rsatsa ekan, alam qilmasdi.


“O‘tgan yili ham 3-4 kishidan bo‘lib sotib olgan edik. Bu yil hammang o‘zing uchun olasan¸ deyapti. Shuncha pul berganimizga yarasha “Andijon” futbol klubi koshkiydi bir tuzukroq o‘yin ko‘rsatsa ekan, alam qilmasdi. Doim jadvalning oxirida sudralib yuradi. Qaysi mamlakatda futbolchini elektrik yoki boshqasi boqadi. Yaxshi o‘ynasa futbol o‘zi pul topadi, bo‘lmasa boridan yo‘g‘i yaxshi”.

Ozodlik bog‘langan Andijon va Marhamat tumani elektr tarmoqlari idorasi xodimlari ham o‘zlariga ayni bosim bo‘layotganini bildirdi.

“Andijon hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi yillik futbol chiptalarining hududiy bo‘limlarga sotilayotganini tan oldi.

Majburiy emas. Ishchilar o‘zlari sotib olishyapti.


“Viloyat shahar va tumanlarida 22 ta hududiy bo‘lim bor. Ishchi va xizmatchilar soniga qarab 5 tadan 30 tagacha bir yillik chipta sotib olish taklif qilindi. Majburiy emas. Ishchilar o‘zlari sotib olishayapti. Mening o‘zim ham bittasini sotib oldim. Chunki viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘zimizning komandani qo‘llab-quvvatlash kerak, dedilar. Bu yil yaxshi joylardan zo‘r o‘yinchilar jamoaga olib kelindi. Masalan, Afrikadan bitta o‘yinchi sotib oldik. Bugun Toshkentda “Lokomotiv” bilan o‘ynaymiz”.

Ozodlikka kelgan xabarlarga ko‘ra¸ "Andijon" klubining bir yillik chiptalari viloyatdagi boshqa korxona va tashkilotlarga ham majburan sotilmoqda.

O‘zbekistondagi aksar futbol klublari kabi¸ "Andijon" klubi ham asosan davlat tomonidan belgilangan homiylar mablag‘iga qaram.

“Andijon” klubi boshqaruviga aloqador mulozimlardan biri o‘tgan yili Ozodlikka futbol klubining bosh sponsori GM Uzbekistan smetaga kiritilgan mablag‘ning uchdan birini ham bermagani oqibatida superligaga chiqqan klubning moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolda qolganini bildirgan edi.

2019 yil iyul oyida “Andijon” futbol klubining bir necha futbolchisi Ozodlikka murojaat qilib, to‘rt oydan beri ish haqi berilmayotganidan shikoyat qilgan edi.

Moliyaviy ta’minoti abgor ahvolda bo‘lgan mahalliy klubga yordam berish iddaosi bilan andijonliklarga majburiy o‘lpon solinishi o‘tmishda ham kuzatilgan.

Xususan¸ 2019 yil boshida Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat hududidagi barcha tadbirkorlik sub’ektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.​

“Andijon” futbol klubi 2019 yilgi O‘zbekiston superligasi o‘yinlarini 14 jamoa orasida 10 o‘rin bilan yakunladi.

28 fevral kuni "Andijon" klubi 2020 yil superligasidagi birinchi o‘yinini, Toshkentning “Lokomotiv” jamoasiga 1-2 hisobida yutqazib, boshlab berdi.

XS
SM
MD
LG