Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:33

Soliq xodimlari: Prezident va Bosh vazir topshirig‘iga qaramay yarim kechagacha majlisbozlik davom etmoqda!


Davlat Soliq qo‘mitasida videoselektor.
Davlat Soliq qo‘mitasida videoselektor.

Joriy hafta davomida Ozodlikka bir-biridan mustaqil tarzda murojaat qilgan respublika Soliq qo‘mitasi Urganch shahri¸ Toshkent shahri va viloyatidagi bo‘limlarining ayrim mas’ul xodimlari soha rahbarlarin “muttasil majlisbozlik” da aybladi.

Oqibatda¸ soliqchilarga ko‘ra¸ ular uyida tungi 11 dan keyin bormoqda, oilasi¸ xususan¸ farzandlarini deyarli ko‘rmasdan yashamoqda.

Ozodlikka bog‘langan soliq xodimlari ta’kidicha, “majlisbozlik” professional ish faoliyati¸ muhimi salomatligi va oilaviy halovatiga “eng ko‘p ziyon yetkazayotgan omil” bo‘lmoqda.

Toshkent viloyat Zangiota tumani DSI (Davlat soliq idorasi) xodimi o‘z so‘zi isboti sifatida Ozodlikka respublika Soliq qo‘mitasi va Toshkent viloyati soliq idorasining 11 mart kuni kechqurun o‘tkazgan selektor majlisi audioyozuvlarini taqdim qildi.

Audioyozuvda erkak mulozimning “hisobotni falon joyingizni qisib o‘tirib vaqtida topshiring” kabi jumlalardan tarkib topgan dashnomlar silsilasi eshitiladi.

Bu audioyozuvni Ozodlikka taqdim qilgan Zangiota DSI xodimi selektor bo‘lgan kuni uyiga yarim tunda kirib borganini bildirdi:

- Selektor yig‘ilishi 11 mart soat 17:00 da boshlandi. Respublika Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Olimjon Fayziboyev olib bordi. Respublika qismi 19:00 da tugadi. Keyin viloyat DSB (Davlat soliq boshqarmasi) selektori boshlandi. Toshkent viloyati DSB boshlig‘i muovini Sulton Obidov bir soatdan ko‘p dashnomu malomat qildi. Ishga ertalab 7.30 da kelganman. Ertalabki 8 da ham Sulton Obidov selektor o‘tkazgandi. Ertalab selektor¸ kechqurun 8 dan keyin ham yana selektor. Uyga borsam yarim tun bo‘libdi¸ deydi ¸ deydi ishini yo‘qotishidan qo‘rqqani uchun ismini aytmagan Zangiota DSI xodimi.

Ozodlik 11 mart kuni respublikaning boshqa viloyatlari¸ xususan Urganch shahrida ham soliqchilar tungacha cho‘zilgan selektor majlisi bois uyiga kech ketganini aniqladi.

Kunora selektor

Respublika soliq qo‘mitasining o‘zini xodimlar bilan ishlash bo‘limi xodimi deb tanishtirgan mulozimi¸ 11 mart kuni selektor majlisi o‘tkazilganligini tasdiqladi:

- Yangi moliyaviy yil boshlanishi munosabati bilan ishlar ancha tig‘iz. Ishlarni muvofiqlashtirish uchungina haftaning ba’zi kunlari selektor o‘tkazildi. Siz aytgan 11 mart kuni ham o‘tkazuvdik. Lekin o‘sha kuni soat 19 da selektor tugadi. Viloyat shundan keyin davom ettirgan bo‘lsa¸ buni ulardan so‘rang. Lekin har kuni selektor o‘tkazilayotgani yo‘q. Navbatdagi selektor 14 mart¸ shanbaga mo‘ljallangan. Ishdan keyin bor-yo‘g‘i bir soat¸ dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi va ovozi efirda berilishini istamagan mulozim.

Soliqchilar oilasidan uzoqlashdi

Xorazm viloyati Urganch shahar DSI xodimi Ozodlik bilan suhbatda bunday selektorlar bois oilaviy halovat yo‘qolganini aytadi.

- Koshki bir muhim narsa aytilsa bu selektorda. Stolga mushtlab¸ dag‘dag‘a qilib qulog‘imni og‘ritishadi. Har biri 3-4 soatga cho‘ziladigan majlislarda biror jo‘yali masala muhokama qilinmaydi. Yarim oqshomda uyga boraman va tong qorong‘isida ishga kelaman. Uydagi xotin¸ bola-chaqani tanimaydigan holatga ham yetib keldik¸ deydi urganchlik DSI xodimi.

Selektorga kelmagan ishdan quviladi

Soliq inspektorlarining ta’kidlashicha, har gal ayni gap takrorlanadigan bu yig‘ilishlarda biror sabab bilan qatnashmaganlarga ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilinadi.

Ayni shunday shikoyat bilan Ozodlikka murojaat qilgan Toshkent viloyati Zangiota tuman DSI xodimi ¸ viloyat rahbari har kun tonggi 8 da majlis chaqirtirishi¸ uzoq masofadagi xodimlarning ham erta tongda bu majlisga yetib kelishi shart qilib belgilanganini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik va xorazmlik soliqchilar ¸ mehnat qonunchiligiga zid belgilangan ravishda ish soatlaridan keyin majlis o‘tkazish Soliq qo‘mitasi tizimida muttasil davom etayotganini bildirishdi.

Urganchlik soliqchi ishsiz qolmaslik uchun bunga chidab kelayotganligini aytadi:

- Boshimiz majlisbozlikdan chiqmaydi. Normal ish soatlari yo‘q¸ dam olish kuni yo‘q. Bunaqa ritmdan hammamiz holdan toyganmiz. Yoqmasa ketinglar¸ deydi. Qaerga boramiz. Ish yo‘q bo‘lsa. Rossiyaga ketsak bo‘lar.

Oddiy inspektorning ish kuni 15-16 soat bo‘lib qolgan!

Toshkent shahar tumanlaridan birida ishlovchi soliq inspektori¸ majlisda qatnashish-qatnashmaslikdan tashqari¸ oddiy xodimning ish kuni 16 soatga cho‘zilishini aytadi.

-Toshkent shahar davlat soliq xodimlarimiz. Bizning ish kun tartibimiz 8:30 dan 23:30 gacha. Bunga tashabbuskor DSB boshlig‘i Tursunov Normat bo‘ladi. Axir bizda ham oila¸ bola-chaqa borku! Nimaga muhtaram prezidentimiz davlat xodimlari dam olsin deydi? Nimaga mehnat qonunchiligi buzilmasin deydi? Bu boshliqlarga shu gaplari ta’sir qilmaydimi? Majburmiz ishlashga¸ oilani boqish uchun¸ farzand katta kilish uchun. Lekin surunkali uyqusizlikdan¸ dam olmay ishlashdan ertaga kasal bo‘lib qolamiz. Muxbirlar kelib¸ masalan¸ Yunusobod¸ Bektemir¸ Mirzo-Ulug‘bek¸ Sergeli va Chilonzor tuman soliqchilari bilan bir kun birga yursin¸ ko‘radi bularning ish kuni qanchaligini.

Selektoriston

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab majlis o‘tkazish¸ xususan¸ prezident va Bosh vazirning videoselektor majlislari o‘tkazish urfga kirdi.

Butun mamlakat bo‘ylab minglab davlat xizmatchisi va tadbirkorlar asosiy vaqtini soatlab davom etgan bu majlislarda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay¸ majlisbozlikning yangi muammoga aylanganini anglagan hukumat rahbarlarining o‘zi uni kamaytirish haqida gapira boshladi.

2018 yil 25 avgust kuni Bosh vazir Abdulla Aripov¸ majlislar tartibi va samaradorligini oshirish maqsadida ular sonini keskin kamaytirish haqida topshiriq bergan edi.

Ammo bu topshiriqdan keyin o‘tgan ikki yil mobaynida o‘tkazilgan yuzlab selektor yig‘ilishlari bu muammoga Bosh vazir ham barham bera olmaganini ko‘rsatdi.

2019 yil sentabrida xalqaro muzokaralardan birida Toshkent mulozimining hushdan ketgani ortidan Reuters agentligi¸ mulozimning uzoq muddat majlisbozlik tufayli normal uxlamagani va qattiq stressdan yig‘ilganini yozgan edi.

Agentlik gaplashgan Toshkent mulozimlari¸ bunday samarasiz majlisbozlik davlat boshqaruvida ishlayotgan pastdan tepagacha bo‘lgan mulozimlar tinkasini quritganini ta’kidlagan edi.

XS
SM
MD
LG