Hujayralarni transplantatsiya qilish yo‘li bilan davolangan shaxs orttirilgan immun taqchilligi virusidan (OITV) butunlay qutulgan ikkinchi shaxs bo‘ldi.
Shifokorlar bemorda davolash muolajalari tugatilganidan keyin 30 oy o‘tgach, uning tanasida virus yo‘qligini aniqlashdi.
O‘tgan yilda kelib chiqishi venesuelalik bo‘lgan boshqa bir bemor qonida 18 oy davomida OITV topilmaganidan keyin uning butunlay sog‘aygani e’lon qilingan edi.
Ikkinchi marta virusdan qutulgan bemor haqidagi ilmiy maqola bosh muallifi Ravindra Gupta o‘tkazilgan testlar bemor virusdan butunlay xalos bo‘lganini ko‘rsatishini aytdi.
Gupta AFP agentligiga bergan intervyusida:
- Tananing OITV yashirinib oladigan bir necha joyini tekshirdik va ularning birortasida faol virus izlarini topmadik, — dedi.
Tuzalib ketgani aytilayotgan kishi 40 yoshdagi Adam Kastilyexo ekanligini ma’lum bo‘ldi. Kastilyexo 2003 yilda OITV yuqtirganidan xabar topgan va 2012 yili davolana boshlagan. Boz ustiga, 2012 yilda u saratonning bir turi bo‘lmish Xojkin limfomasiga chalingan.
Kastilyexo 2016 yilda qon saratonini davolash uchun suyak iligi transplantatsiya amaliyotidan o‘tgan. Xususan, u OITV tarqalishiga yo‘l qo‘ymaydigan tabiiy mutatsiyaga ega bemordan olingan ilik hujayralari bilan davolangan. Kastilyexodan oldin «Berlin bemori» nomi berilgan 41 yoshdagi shaxs ayni muolaja yordamida OITVdan butunlay tuzalgan ilk bemor bo‘lgan edi.
Kastilyexo miyasi, ichaklari hamda limfalaridan olingan to‘qimalarda davolanish to‘xtatilganidan keyin 2 yil o‘tib virus alomatlari aniqlanmagan.
Gupta sinovlar davomida OITV qoldiqlari topilganini, ammo ular ko‘payishga qodir emasligini va shuning uchun xavfsiz ekanligini aytdi.
- Bu kutilgan natija. Milliardlab hujayraga yuqqan virus izini tanadan butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi, — dedi u.
Olimlar ushbu yangi uslub OITV uchun umumiy davo bo‘la olmasligi haqida ogohlantirdi. Xususan, Gupta boshqa bir necha shaxsda ayni muolaja o‘tkazilganini, ammo ularda yaxshi natijaga erishilmaganini aytdi.
Jahon bo‘ylab yiliga 1 millionga yaqin odam OITV va u keltirib chiqaradigan orttirilgan immun taqchilligi sindromi (OITS) tufayli halok bo‘ladi.
Gupta bunday muolajaning axloqiy jihatlari ham e’tiborga olinishi kerakligini aytdi. Xususan, olim ildiz hujayra transplantatsiyasi tufayli bemor halok bo‘lishi ehtimoli 10 foiz ekanligini, bu ko‘rsatkich hech qanday chora ko‘rilmaganda bemor vafot etishi ehtimoli bilan taqqoslanishi kerakligini aytdi.
Kastilyexoning o‘zi esa erishilgan natija uni ismini oshkor qilib, boshqalarga ham OITV haqida ma’lumot berishga undaganini aytdi.