16 martdan O‘zbekistonning chet el davlatlari bilan avia va avtomobilь qatnovlari to‘xtatildi: fuqarolarning chetga chiqishi, chet davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlandi, hukumat xorijdagi o‘zbekistonliklarni qaytarish choralarini ko‘rmoqda.
O‘zbekistonning besh qo‘shnisi ham shunga o‘xshash choralarni joriy qilishni boshladi.
Ozodlik muxbiri chegaralarda 17 martda yuzaga kelgan vaziyatni o‘rgandi.
O‘zbek-qozoq chegarasi
"G‘ishtko‘prik" ("Chernyayevka") o‘zbek-qozoq chegara o‘tish punktidagi vaziyatni 17 mart kuni o‘rgangan Ozodlikning mobil muxbiriga ko‘ra, kuniga minglab odam o‘tib-qaytadigan ushbu chegara posti bugungi kunda huvillab qolgan:
- Odam ko‘p emas. O‘tib-qaytayotganlar sanoqli. Chegara to‘liq yopilmagan. O‘zbekistondan Qozog‘iston fuqarolari bemalol chiqib ketyapti. Qozog‘istondan O‘zbekiston fuqarolari bemalol kiryapti. Ularning kirib-chiqishi bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Oldin qanday o‘tgan bo‘lsa, shunday o‘tyapti. Men Qozog‘istondan kelgan o‘zbekistonliklar bilan gaplashdim. Ularning aytishicha, chegaradan o‘tish tartibi mutlaqo avvalgiday. Hech qanday tibbiy tekshiruv yoki qo‘shimcha savol-javoblar yo‘q. Xorijdan kelganlar karantinga olinadi, deyishgandi. Lekin chegaradan o‘tayotganlarning barchasi uyiga ketyapti. Odamlar chegaradan piyoda yoki mashinasida o‘tyapti. Yuk mashinalari ham bemalol o‘tyapti. Chegarada turgan soldatlar, bojxonachilar barchasi niqob taqqan.
Ozodlikka Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston bilan chegarasidan jo‘natilgan bir videoda odamlarning turnaqator bo‘lib, navbat kutayotgani aks etgan.
16 mart kuni olingani aytilgan ushbu videoda o‘nlab kishilarning Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tish uchun navbat kutib turgani aks etgan. Ular o‘ta oldimi-yo‘qmi - Ozodlikka ma’lum emas.
Ayni paytda o‘zbek-qozoq chegarasida “qamalda” qolgan 200ga yaqin tojikistonlikka 16 mart kuni kechqurun O‘zbekiston orqali Tojikistonga o‘tib ketishga ruxsat berildi.
“Navoiy” chegara postida 17 soat davomida qolib ketgan tojikistonliklar Rossiyadan uyiga qaytayotgan bo‘lgan.
Tojikiston hukumatining aralashuvi natijasida rasmiy Toshkent ushbu fuqarolarning O‘zbekiston orqali uylariga ketishiga ruxsat berdi.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasi
Ozodlik muxbiri Sherzod Yusuf o‘zbek-qirg‘iz chegarasining “Do‘stlik” postiga borib, u yerdagi vaziyatni o‘rgandi:
- Vodiyliklar hammasi shu postdan o‘tishadi. Bu o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi asosiy post. O‘zbekiston chegarani bir tomonlama yopgan. Qirg‘iziston tomoni ochiq. Lekin O‘zbekiston faqat o‘z fuqarolarini chegaradan o‘tkazyapti. Ularni ichkariga kirgizyapti, lekin O‘zbekistondan Qirg‘izistonga chiqarmayapti. O‘zbekiston ichkarisida bo‘lgan qirg‘izistonliklarning vataniga qaytishiga cheklov yo‘q. Ularni ham O‘zbekiston tomoni bemalol o‘tkazib yuboryapti. Chegarada odam juda oz, buni men olgan suratlardan ham ko‘rish mumkin. Ikki tomonga faqat sanoqli odamgina o‘tyapti. Lekin yuk mashinalari bemalol o‘tayotganini ko‘rdim. Masalan, 16 mart kuni kechqurun tosh ortilgan bir nechta mashina O‘zbekistonga muammosiz o‘tib ketganiga guvoh bo‘ldim.
(Surat 17 mart kuni olingan)
O‘zbek-turkman chegarasi
17 mart kuni o‘zbek-turkman chegarasining Shovot tumanidagi postiga borib, kelgan Ozodlikning mobil muxbiriga ko‘ra, ikki davlat chegarasi yopib qo‘yilgan:
- Men Shovot chegara posti butunlay yopib qo‘yilganini ko‘rdim. Chegara oldidagi darvoza yopiq, qulf osilgan. Chegaradagi bojxonachilar posti ham yopiq turibdi. Hech kim yo‘q chegarada, faqat soldatlar turibdi. Men chegara yaqinidagi do‘kon sotuvchisi bilan gaplashdim. Uning aytishicha, kecha ya’ni 16 mart kuni chegaradan oxirgi marta odam o‘tkazilgan. Urganchda o‘qiyotgan turkman talabalari, ikki tomonga mehmonga borganlarning hammasi kecha chegaradan o‘tkazilgan. Bugundan boshlab chegara butunlay yopilgan.
(Surat 17 mart kuni olingan)
O‘zbek-tojik chegarasi
Ozodlik iltimosiga ko‘ra, o‘zbek-tojik chegarasidagi vaziyatni o‘rganib bergan panjakentlik yigit chegaradan ikki davlat fuqarolari faqat o‘z vataniga o‘tayotganini aytdi:
- Tojikiston chegarasi ochiq, lekin O‘zbekiston yopib qo‘ygan. Faqat o‘z fuqarolarini Tojikistondan o‘tishiga ruxsat beryapti. Lekin o‘zbekistonliklar Tojikistonga o‘ta olmaydi, ularni chiqarmayapti. O‘zbekiston o‘z hududida bo‘lgan tojikistonliklarning chiqib ketishiga qarshilik qilmayapti. Yaqinda Jarqo‘rg‘onga kelin bo‘lib tushgan opam o‘g‘lini uylantirayotgandi. Afsuski, bora olmaydigan bo‘ldik.
O‘zbek-afg‘on chegarasi
Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkan o‘zbek-afg‘on chegarasidagi vaziyatni bilish uchun 17 mart kuni Afg‘onistonning Hayraton chegara posti boshlig‘i Nuraddin Raufiy bilan bog‘landi.
Raufiy ma’lumotiga ko‘ra, dastlab O‘zbekiston bir tomonlama o‘z chegarasini yopgan, keyinchalik Afg‘oniston ham chegaralarini yopgan:
- Menga Raufiyning aytishicha, hozir faqat ikki davlat o‘z fuqarolarini qabul qilyapti. Afg‘oniston O‘zbekistondagi fuqarolarini, O‘zbekiston Afg‘onistondagi fuqarolarini chegaradan o‘tkazyapti. Boshqa hech kim chegaradan o‘ta olmaydi. Ammo Raufiy tijoriy yuklar uchun cheklov yo‘qligini aytdi. Un, yog‘, bug‘doy va boshqa oziq-ovqatlar yoki boshqa turdagi yuklar ortilgan mashinalar chegaradan bemalol ikki tomonga o‘tkazilyapti.