Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:44

Xorazmda karantinga olinganlarga qarayotgan vrach sirli vaziyatda pichoqlandi


Rossiyadan charter reysda qaytarilgan yuzlab o‘zbekistonlik Xorazmdagi harbiy kazarma va sanatoriyda karantinga olingan.
Rossiyadan charter reysda qaytarilgan yuzlab o‘zbekistonlik Xorazmdagi harbiy kazarma va sanatoriyda karantinga olingan.

Mudofaa vazirligining Xorazm viloyati Shovot tumanidagi safarbarlik chaqiruv rezervi kazarmalarida karantinga olinganlarga qarayotgan infeksionist vrach 24 martga o‘tar kechasi pichoq jarohati oldi.

Bu xabarni tasdiqlagan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi hozirda voqea sabablari o‘rganilayotganini aytish bilan cheklandi.

Viloyat hokimligining karantin rejimiga mas’ullaridan biri, voqeaning vrachlar ikki charter reysda uchib kelgan yuzlarcha odamni qabul qilgan 24 mart tunida oshxonada¸ tibbiy xodimlarning hammasi qattiq stress holatida bo‘lgan paytda yuz berganini aytdi.

Shovot tumanidagi safarbarlik chaqiruv rezervi kazarmalarida karantinga olingan fuqarolarni nazorat qilayotgan 58 yashar infeksionist vrach (shifokorning ismi-sharifi Ozodlikka ma’lum¸ ammo oshkor qilinmayotir - tahr.) 24 martga o‘tar kechasi pichoqlanganini Shovot tumani ichki ishlar bo‘limi mulozimi tasdiqladi.

Ozodlikka bu xabarni yetkazgan harbiy qism joylashgan Qiyot qishlog‘i mahalla faollaridan birining aytishicha, vrach ko‘kragining uch joyidan pichoqlangan.

Rossiyadan, Dubaydan qaytgan o‘zbekistonliklarni shu harbiy qismga karantinga olishgan.


“Bu harbiy qism bizning qishlog‘imiz yaqinida. Oldida bitta ko‘l ham bor. Rossiyadan, Dubaydan qaytgan o‘zbekistonliklarni shu harbiy qismga karantinga olishgan. Atrofi baland tikanli simlar bilan o‘ralgan harbiy qism. O‘sha yerdagi askarlardan biri bilan gaplashganimda, u vrach o‘zini o‘zi pichoqladi, dedi. Ko‘kragiga uch marta pichoq sanchgan ekan. Lekin, nima sababdan ekanligi noma’lum ekan. Odamning o‘ziga o‘zi uch marta pichoq sanchishi juda ishonchsiz”.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi vrachning o‘ziga o‘zi pichoq sanchganini iddao qildi.

“O‘sha kechasi UVDdan biznikilar borib tekshirishgan. Uch marta emas, bir marta sanchgan. Tirik qolgan, hozir kasalxonada, lekin qaysi kasalxonada ekanligini ayta olmayman”.

Jarohatlangan vrachni yaxshi taniydigan xorazmlik shifokorlardan biri, uning tajribali vrachlardan biri ekanligini aytadi.

U o‘zini o‘zi pichoqlaydigan odam emas, bu yerda bir gap borga o‘xshaydi.


“Bu vrach juda kuchli, obro‘li infeksionist. Urganch shahridagi yuqumli kasalliklar kasalxonasi bosh vrachi ham bo‘lgan. Karantindagilarni tekshirish uchun ularni yuborgan. U o‘zini o‘zi pichoqlaydigan odam emas. Bu yerda bir gap borga o‘xshaydi, lekin hammadan yashirishyapti. Bilishimcha¸ o‘sha kechasi harbiy qismga viloyat prokurori, IIb boshlig‘i hammasi borgan va gapni ko‘paytirmaslik uchun shu versiyani tadbiq qilishgan”.

Viloyat hokimligining karantin rejimiga mas’ullaridan biri Ozodlik bilan suhbatda vrachning o‘zini o‘zi pichoqlagani haqidagi iddaoni bilvosita inkor qiluvchi tafsilotlarni ma’lum qildi.

Shu yiqilgan paytda pichoq o‘zining biqiniga kirib ketyapti.


“Bu voqeani sizlarga hozir ehtiyotsizlik oqibatida bo‘lgan desam, balki ishonmassiz. Mana sizga bor gapni aytay. Xabaringiz bor, ikkita charter reys qabul qilganmiz, karantin post tashkil qilingan. Ikki-uch kun tinimsiz ish bo‘lgan. Vrachlar uxlamasdan ishlagan. Vrachlarda peresmenshik yo‘q, vrach kam. Hammasi kuchli stressda. Kechasi soat ikkida oshxonada choy ichayotgan paytda bo‘lyapti. Endi vrachlar "navbat seniki, navbat seniki" degan paytda ehtiyotsizlik oqibatida shu pichoqbozlikka o‘xshash voqea bo‘lgan. Vrach pichoqni qo‘liga olgan. Pichoq buni qo‘lida bo‘lgan, u tomon gap qaytargan. Keyin bu vrach chapga qaragan, kimdir uni turtib yuborgan, keyin yiqilyapti. Shu yiqilgan paytda pichoq o‘zining biqiniga kirib ketyapti. Bo‘lgan voqea shu, kimdir pichoqlabdi yoki o‘zini jorniga qasd qilibdi, degan gaplar bekor”.

Shovot tumani prokuraturasi 26-27 mart kunlari telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermagani bois, voqea yuzasidan rasmiy munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Viloyat IIB matubot xizmati rahbari Zokir Ismoilov 26 mart kuni bu voqeani o‘rganib, 27 mart kuni xabar berishini aytgan edi.

Ammo Ismoilov 27 mart kuni Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekistonlik vrachlarning koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun og‘ir sharoitda ishlayotganini 26 mart kungi murojaatida prezident Shavkat Mirziyoyev ham alohida ta’kidladi.

"Koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi"¸ dedi prezident jumladan.

Tibbiyot xodimlarining murakkab vaziyatda deyarli dam olishsiz ishlayotganini rag‘batlantirish maqsadida prezident "karantin amal qiladigan muddatda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar, epidemiologlarga har oyda qo‘shimcha 25 million so‘m, hamshira va laborantlarga 15 million so‘m, sanitar xodimlarga 10 million so‘m va boshqa xodimlarga 5 million so‘m rag‘batlantirish to‘lovlari berilishi¸ bemorlar bilan ishlash vaqtida koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga esa¸ 100 million so‘m miqdorida alohida to‘lov berilishini va’da qildi.

Agar siz koronavirusga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchilar safida bo‘lsangiz¸ hozirgi ish faoliyatingiz va sharoitingiz haqida jamoatchilikka hikoya qilishingiz mumkin.

Koronavirus bilan kurash jabhasidagi hayotingiz haqida Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga yozib yuboring.

XS
SM
MD
LG