O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida bankomatlardan naqd pul chiqarib olish qiyinlashgani sababli mijozlar bank bo‘limlari oldida navbatga tizildi.
Ozodlikka 7 aprel kuni kelgan suratlarda Namangan, Andijon, Jizzax, Surxondaryodagi "Hamkorbank", "Agrobank", "Xalq banki", "Asaka bank" bo‘limlari qarshisida, koronavirus karantiniga qaramay, o‘nlab kishi navbatda turganini ko‘rish mumkin.
Ozodlik bilan suhbatda bo‘lganlar bankomatlardan naqd pul chiqarib bo‘lmayotgani uchun, karantin qoidalariga zid bo‘lsa ham, bank bo‘limlariga borishga majbur bo‘layotganliklarini aytishdi.
O‘zbekiston Markaziy banki naqd puldan virus yuqishi mumkinligini aytib, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qilgan.
Bank mijozlari esa oziq-ovqat do‘konlari va bozorlarda plastik karta bilan savdo qimmatga tushishi, ba’zi do‘konlar karantin davrida plastikka savdoni to‘xtatgani sabab qo‘shimcha naqd pulga ehtiyoj sezayotganliklarini ta’kidlab aytdi.
Chortoq tumanilik (Namangan viloyati) 68 yoshli nafaqaxo‘r Abdulla akaning Ozodlikka aytishicha, to‘rt kundirki tumandagi bankomatlardan naqd pul olib bo‘lmayapti:
Tumanimizda naqd pul chiqarish mumkin bo‘lgan uchta bankomat bor. 4 kun bo‘lyapti naqd pul yo‘q.
- Og‘ir kunlarda naqd pul zarur bo‘lyapti. Tumanimizda naqd pul chiqarish mumkin bo‘lgan uchta bankomat bor. Mana bugun 4 kun bo‘lyapti naqd pul yo‘q. Bankka borsak tushum yo‘q, deyishadi. Oziq-ovqatni plastikka olaylik desak do‘konlarda qimmat, bozorda faqat naqd so‘rashadi.
Andijonning Asaka tumanidan Ozodlikka bog‘langan talaba ilgari plastik kartaga savdo qilib kelgan do‘konlar naqd pul muammosi chiqqanidan so‘ng kartani qabul qilmay qo‘yganini aytdi:
- Do‘kon egalariinig aytishicha, banklar naqd pul bermay qo‘yibdi. Ko‘pchilik oziq-ovqat do‘konlari mahsulotlarni Andijon shaxridagi Jahon bozori yonidagi ulgurji savdo qiluvchi oziq-ovqat bozoridan naqd pulga harid qilishadi.
Ozodlik suhbatlashgan bir qancha oziq-ovqat do‘koniga ega xorazmlik tadbirkor Arslon Nurishov banklardan naqd pul olish doim muammo bo‘lgani, lekin karantin davrida naqd pulga ehtiyoj har qachongidan kuchayganini aytdi:
- Naqd pul banklarda doim muammo bo‘lib kelgan. Hozir shu karantin davrida bilinib qolyapti. Ulgurji bozorlardan olib, sotamiz. Ular naqd so‘raydi. Bankda naqd pul yo‘qligi sababli biz ham xaridorlardan naqd pul so‘rashga majbur bo‘lyapmiz.
Ozodlik 8 aprel kuni Namangan, Andijon, Jizzax, Surxondaryo viloyatlaridagi "Hamkorbank", "Agrobank", "Xalq banki", "Asaka bank" bo‘limlari bilan bog‘landi.
Bank xodimlari karantin davrida pul tushumi kamaygani sabab naqd pul yo‘qligini tasdiqlashdi:
- Hozir karantin, naqd pul yo‘q, chunki tushum bo‘lmayapti. Mijozlarga plastikka savdo qilishni tavsiya etamiz, - dedi "Hamkor bank"ning Denov tumanidagi bo‘limi xodimi.
Ba’zi viloyatlarda mijozlar "Uzcard" tizimidagi plastik kartalaridan naqd pul olib bo‘lmayotgani, "HUMO" tizimidagi kartalarda muammo yo‘qligini aytishdi.
Jizzax shahridan Ozodlikka bog‘langan tadbirkor bu haqda: "Bankomatlarda faqat "HUMO" kartalarida naqd pul olinmoqda. "UzCard"da umuman pul yo‘q. "HUMO" bankomatlari oldida tartibsiz navbatlar bo‘lmoqda", - dedi.
"Masofaviy xizmatlardan foydalaning!"
O‘zbekiston Markaziy banki naqd pul virus tashuvchi bo‘lishini aytib, aholiga to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
To‘lovlarni imkon qadar masofaviy tarzda amalga oshirishni tavsiya qilamiz.
4 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida MB bo‘lim boshlig‘i Husanxo‘ja Obidov to‘lovlarni amalga oshirishda imkon qadar banklarning masofaviy xizmatlaridan, jumladan internet-banking mobil ilovalari hamda to‘lov tashkilotlarining dasturlaridan keng foydalanishni tavsiya etgandi.
Obidov O‘zbekiston bo‘ylab 5 mingdan ortiq bankomat o‘rnatilgani, shulardan 948 tasida cash in/out, ya’ni pulni naqd qo‘yish va olish funksiyalari borligini aytgan.
"548 tasi "UzCard", 400tasi "HUMO" tizimidagi bankomatlar. Mazkur bankomatlar orqali mijozlar naqd pul mablag‘larini bank kartalariga kirim qilish imkoniyatiga ega", – degandi Obidov matbuot anjumanida.
Markaziy bankning rasmiy sahifasida bankomatlar qaerdaligi va unda "cash-in" funksiyasi bor-yo‘qligini bilib olish mumkin.
Ammo, bank bo‘limlari oldida naqd pul uchun navbatga tizilganlar bankomatlarning pul qo‘yish tizimi ishlayotgani, lekin chiqarib bo‘lmayotganini aytishadi.
Surxondaryoning Denov tumanidan Ozodlikka bog‘langan talaba naqd pul muammosiga echim topish o‘rniga banklar karantin davrida vaziyatni qiyinlashtirayotganini aytadi:
Biz ham masofaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istaymiz. Buning uchun avvalo ulgurji bozordagi do'konlarda plastik kartaga savdo qilish yo‘lga ko‘yilishini so‘raymiz.
- Hozirgi karantin paytida plastik kartani naqd pul qilish uchun shaharga borib bank oldida odam tuplanishining oldini olish o‘rniga banklar vaziyatni qiyinlashtiryapti. Biz ham masofaviy bank xizmatlaridan foydalanishni istaymiz. Buning uchun avvalo ulgurji bozordagi do'konlarda plastik kartaga savdo qilish yo‘lga qo‘yilishini so‘raymiz. Qishloqlardagi do‘konlarda plastik kartaga savdo qilinishini ta’minlab berishini tegishli rahbarlardan talab qilamiz. Plastikka bunday narx naqd pulga mana bunday, degan amaldan voz kechilsin.
Ozodlik banklardagi naqd pul muammosi yuzasidan O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmatiga bog‘lanishga urindi.
Markaziy bank matbuot kotibi Nodir Abdullayevning bank rasmiy saytida keltirilgan telefon nomeriga kun davomida tushib bo‘lmadi.
Saytda keltirilgan matbuot xizmati elektron manziliga yuborilgan so‘rovga 8 aprel kun oxirigacha javob bo‘lmadi.
Naqd pul virus tashuvchimi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqalishiga olib keluvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkin.
Virus qog‘oz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashashi ma’lum qilingan. Shu bois koronavirus ko‘p tarqalgan mamlakatlarda aholiga naqd pul to‘lovlaridan tiyilish tavsiya etilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham naqd pul o‘rniga kontaktsiz to‘lov kartalaridan foydalanish, bank kartalarini ishlatib bo‘lgandan so‘ng uni tibbiyot spirti yoki boshqa antiseptik vositalar bilan tez-tez artib, dezinfeksiya qilib turish haqida ogohlantirgan.
O‘zbekiston Markaziy banki ham 4 aprel kuni aholiga to‘lovlarni naqd shaklda amalga oshirish va qabul qilishdan cheklanishni tavsiya etgan.
Agar siz majburiy karantinda saqlanayotgan bo‘lsangiz¸ yoki koronavirusga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchilar safida bo‘lsangiz¸ hozirgi ish faoliyatingiz va sharoitingiz haqida jamoatchilikka hikoya qilishingiz mumkin.
Bu haqda Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga yozib yuboring¸ surat va video jo‘nating!