Rossiyaning Kislovodsk shahridagi “O‘zbekiston” oromgohida dam olib, yo‘llanma muddati allaqachon tugagan 13 o‘zbekistonlik koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida chegaralar yopilgani uchun vatanga qayta olmayapti.
O‘zbekiston Prezidenti apparati tasarrufidagi bo‘lgan "O‘zbekiston" Kislovodsk kurortining eng qadimgi va chiroyli oromgohlaridan biridir.
Rossiyaning Stavropolye o‘lkasidagi Kislovodsk kurort-shahridagi sanatoriylaridan birida koronavirus tufayli chegaralar yopilgunicha O‘zbekistonga chiqib keta olmagan 13 nafar dam oluvchi qolmoqda.
Kislovodsk shahar ma’muriyati matbuot xizmati rahbari Yelena Poltavskayaning Ozodlikka bergan ma’lumotga ko‘ra, sanaytoriyda qolayotganlarning barchasi O‘zbekiston grajdanlaridir.
- Shahrimizda dam oluvchilardan hozir deyarli hech kim qolmagan. Kislovodskda faqat o‘z yurtiga ketolmay qolganlar qolyapti. Xususan, shahrimizning Mir prospektidagi “O‘zbekiston” sanatoriysida 13 kishi qolgan. Ular O‘zbekistonga chegaralar yopilgungacha chiqib ketishga ulgurmagan. Bilishimcha, bu vaziyatdan O‘zbekiston elchixonasi va konsulligi xabardor.
Shahar ma’muriyati rasmiysi o‘zbekistonliklar koronavirus pandemiyasi e’lon qilinishi ortidan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnov, avtomobil va temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgani bois mamlakatda qolishga majbur ekanini bildirdi.
Yelena Poltavskayaning aytishicha, dam olish maskanida qolayotgan muhojirlar orasida yosh bolalar yo‘q va ular sanatoriy ma’muriyati qaramog‘ida qolmoqda.
Kislovodskdagi “O‘zbekiston” oromgohi ma’muriyati Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Oromgoh - O‘zbekiston davlati mulkidir
“O‘zbekiston” rasmiy saytida “sanatoriy 2020 yilning 1 iyunigacha yopiq” ekani, “yangi dam oluvchilarni qabul qilish pandemiya tufayli to‘xtatilgani” aytilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, “O‘zbekiston” oromgohi Kislovodsk kurortining eng qadimgi dam olish maskanlaridan biridir.
Dengiz sathidan 900 metr balandlikdagi maydoni 1,5 gektar bo‘lgan bu oromgoh toshkentlik arxitektor N.Qorjibekov boshliq guruh loyihasi asosida o‘zbek ertaklari motivlari asosida qurilgan. U shaharning tarixiy qismida 1932 yilning 7 noyabrida Oktabr inqilobining 15 yilligiga bag‘ishlab ochilgan.
Urush yillarida O‘zbekiston hukumati balansidagi sanatoriyda harbiy gospital ishlab turgan.
Shahar ma’muriyatida 170 kishiga mo‘ljallangan “O‘zbekiston” oromgohi bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti apparati Tibbiyot markazi mulki ekanini ma’lum qilishdi.
Oromgoh asab, yurak, ichki a’zolar va ginekologiya kasalliklarini davolashga ham mo‘ljallangani aytildi.
9 qavatli ulkan yotoq korpusi, 2 qavatli va 5 qavatli yotoq binolarida davolash kabinetlari, oshxona, “Choyxona” bari, 2000 kitob fondiga ega kutubxona, klub, bilьyard zali joylashgan. “O‘zbekiston” o‘zining narzan vannalari va ajoyib parki bilan mashhur. Davolanish maskani Kurort parki zonasining mineral buloqlari otilib chiquvchi Narzan galereyasiga tutashgan.
Rasmiy saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, kurort yotoqxonalari nomerlari sutkasiga 3 mingdan 5 ming rublgacha (40-80 AQSh dollari) qilib belgilangan.
Ozodlik dunyoning ko‘plab mamlakatlarida O‘zbekistonga chegaralar yopilguniga qadar qaytishga ulgurmagan minglab muhojirlar qolayotgani, ularning eng katta soni aynan Rossiyada kun kechirayotgani borasida xabar berib kelmoqda.