Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:47

Farg‘ona viloyat prokuraturasi jurnalistga tazyiq qilingani yuzasidan surishtiruv boshladi


Sharifa Madrahimova.
Sharifa Madrahimova.

“Ma’rifat” gazetasining Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri, 43 yashar Sharifa Madrahimovaning jurnalistik faoliyatiga Uchko‘prik tuman hokimligi xodimi to‘sqinlik qilgani yuzasidan Farg‘ona viloyat prokuraturasi nazorat tartibida surishtiruv boshladi. Bu haqda Ozodlikka Farg‘ona viloyat prokuraturasi vakili bildirdi.

Uchko‘prik tuman hokimligi xodimi esa, “tushunmovchilik borasida ichki surishtiruv olib borilayotganligini” aytdi.

Tazyiq nishoni bo‘lganini aytgan jurnalist Sharifa Madrahimovaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda 22 aprel kuni Uchko‘prik tuman hokimi u bilan ayni masala yuzasidan uchrashib, muhokama qilganini aytdi.

Шарифа Мадрахимова билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:07 0:00
Бевосита линк

21 apreldagi voqea

Madrahimovaning Ozodlikka aytishicha, Uchko‘prik tumanida oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasini yoritish uchun borganida o‘zini «tuman hokimining kotibi» ekanini aytgan Shohjahon Mo‘ydinov, uning qo‘lini qayirib kuch ishlatib telefonini tortib olgan:

- Mana hozir hokim qabulidan chiqdim. Anglashilmovchilik bo‘lganini tushuntirishga harakat qilishdi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Bosh prokuratura aralashganidan keyin meni suhbatga taklif qilishdi. Prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov vaziyatni nazoratga olish haqida Farg‘ona viloyati prokuraturasiga topshiriq beribdi.

Ozodlik: Sizdan 22 aprel kuni anglashilmovchilik deb uzr so‘rashibdi. 21 aprelda nima bo‘lgan edi?

- Tumanda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilingani haqida tuman hokimligi xabar berib, mahsulotlar narxi arzonligini tarmoqda yozdi. Men bu xabarni tekshirish uchun yarmarka o‘tayotgan joyga borib videoga oldim. Birdan Shohjahon Mo‘ydinov degan xokimlik xodimi yetib kelib, qo‘limni qayirib telefonimni tortib olishga urindi. Telefonni bermadim. Milisa chaqirdi. Shundan so‘ng shaxsimni aniqlash uchun tuman IIBga olib ketishdi. Erim jurnalist ekanligim haqidagi hujjatni olib kelib berdi. Shunga qaramasdan tuman IIBda ikki soatdan ko‘proq ushlab turishdi. Ular men taqdim qilgan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan berilgan a’zolik guvohnomamning haqiqiy yoki soxtaligini aniqlash uchun uyushmaning viloyat bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov bilan bog‘lanishdi. Muhammadjon Obidov a’zolik guvohnomasi haqiqiy emasligini aytib, jurnalistga qanday chora ko‘rsanglar ko‘raveringlar! dedi. Xona kichik bo‘lgani uchun uning ovozi menga aniq eshitilib turdi. Shundan keyin "hokim qo‘yvor desa, qo‘yvoramiz" deb, yana olib o‘tirishdi. Men ularga hokim qonundan kuchlimi?'" deganimdan so‘ng qo‘yib yuborishdi. Lekin telefonimda men suratga olgan videolarni o‘chirib tashlashibdi.

Sharifa Madraximova taqdim qilgan hujjatlar
Sharifa Madraximova taqdim qilgan hujjatlar

Ozodlik voqea yuzasidan Uchko‘prik tuman hokimligi bilan bog‘landi. Hokimlik umumiy bo‘limi xodimi Muhsin Mirzayev voqeaning anglashilmovchilik oqibatida yuz bergani va Sharifa Madrahimova yetuk jurnalist sifatida xurmat va e’tiborga loyiqligini aytdi.

O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi rahbari Muhammadjon Obidov o‘zining facebookdagi sahifasida Sharifa Madrahimova bilan bog‘liq vaziyatga baho berdi.

"Sharifa Madrahimovaning intervyusini ko‘rdim. Unga qo‘yilayotgan postlarni ham o‘qib boryapman. Bir oz sabr qilaylikchi, aslida bor gap yuzaga chiqar... Hozircha shuni aytmoqchimanki, Sharifa Madrahimova “Muhammadjon Obidov bu hujjat haqiqiy emas ekan debdi” degan gaplari g‘irt yolg‘on va tuhmatdan iborat".

Ozdlik Obidovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

Qonun buzildi

Toshkentdagi "Simay" advokatlik byurosi huquqshunosi Umid Davletovning aytishicha¸ jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilgan Uchqo‘rg‘on tuman hokimligi xodimi kamida ikki qonunni buzgan:

- Axborot olish erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasiga ko‘ra¸ O‘zbekistonda har kim “axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash” huquqiga ega. Demak hokimlik xodimi mana shu moddani buzdi. Ikkinchidan, Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning 8-moddasiga ko‘ra¸ “Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.Tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.9-moddasida esa jurnalist tekshiruvi davrida u qo‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emasligi aniq yozilgan. Jurnalist telefonidagi tasvirlarni o‘chirib tashlagan mulozim qonunning shu moddasini buzdi.

O‘zbekiston so‘z va matbuot erkinligi yomon bo‘lgan davlatlar qatorida sanab kelinadi. Keyingi 3 yilda mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat bir qadar yaxshilangani ham aytiladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2020 yildagi so‘z erkinligi reytingida O‘zbekiston 156 o‘ringa chiqdi. Bu 2019 yildagi reytingdan 4 pog‘ona yuqoridir. O‘tgan yili O‘zbekiston 160 o‘rinda edi.

Reytingda 180 davlatdagi so‘z erkinligi holati baholangan.

XS
SM
MD
LG