Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:48

Temiryo‘lchilar metro qurilishidan endi Buxoroga ofat oqibatlarini tiklashga safarbar etildi 


"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJning Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli xodimlarining Ozodlikka aytishicha, Buxoroda, asosan, ular ishlamoqda.
"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJning Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli xodimlarining Ozodlikka aytishicha, Buxoroda, asosan, ular ishlamoqda.

Buxoroda kuchli dovuldan ziyon ko‘rgan uylarni ta’mirlash-tiklash ishlariga safarbar etilgan temiryo‘lchilar og‘ir sharoitlarda kun kechirayotganliklarini aytishmoqda.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari" provodnik¸ mashinist va vokzal xizmatchilariga ko‘ra, ular Bosh vazirning 1-o‘rinbosari¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ kengashi a’zosi (AJning oldingi rahbari) Ochilboy Ramatovning og‘zaki buyrug‘i bilan shu oy boshida Buxoroda tabiiy ofatdan vayron bo‘lgan uylarni tiklashga safarbar etilgan.

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJning Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli xodimlarining Ozodlikka aytishicha, Buxoroda, asosan, ular ishlamoqda.

Uzel rahbari yordamchisi Ozodlikka shirkat xodimlari tabiiy ofatdan ziyon ko‘rgan Buxoroni tiklashga ko‘ngilli ravishda jo‘natilganini aytdi.

O‘z xavfsizligidan cho‘chib Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan toshkentlik vagon kuzatuvchisiga ko‘ra, "O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ ga qarashli Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzelining 150 dan ziyod ishchisi shu oy boshidan buyon Buxoroda vayron bo‘lgan uylarni ta’mirlashga ko‘maklashmoqda:

- Bizni mahalliy aholi uylariga joylashtirishgan. Sharoit og‘ir. O‘n kundan oshdi, dala sharoitida kun ko‘ryapmiz. Kuni bilan g‘isht, shifer tashiymiz, beton qoramiz. Cho‘milishga imkoniyat yo‘q, antisanitariya holatida yashaymiz. Hamma qiyinchiliklarga chidaymiz, chunki ofatdan zarar ko‘rgan mahalliy aholiga bundan ham qiyin. Ularga yordam berib savob ishni qilyapmiz. Lekin boshliqlar vagonlarda alohida sharoitda, har kuni aysh-ishrat qilishi alam qilar ekan. Alohida oshpaz ularni xizmatida. Toshkentdan haftasiga ikki marta yeguliklar keltiriladi, ularga. Bizni mahalliy aholi boqyapti. Yordamga kelgan ekanmiz, hamma yordam qilishi kerak emasmi?!

Ozodlik suhbatlashgan boshqa vagon kuzatuvchisining aytishicha, qurilishga asosan provodniklar, mashinistlar va vokzal xizmatchilari jalb etilgan.

Suhbatdosh o‘z kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan ishlarni qilishga birinchi marta majburlanmayotganini aytarkan, bunday dedi:

- Bundan oldin Toshkentda uch oy tinimsiz metro qurilishida ishladik. Undan oldin Yangiyo‘lda "Obod mahalla"da ishladik. Hozir Buxorodamiz.

Temiryo‘lchilar Buxoroda qachongacha ishlatilishi haqida aytilmagan.

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzelining mas’ul xodimlaridan biri Ozodlikka ishchilar tabiiy ofatdan ziyon ko‘rgan buxoroliklarga yordam berishga ko‘ngilli ravishda jalb etilganini aytdi:

- Hech kim hech kimni majburlayotgani yo‘q. Ko‘ngilli bo‘lyapti. Chin ko‘ngildan yordam berilyapti. U yoqda Sardobada ham ishchilarimiz ishlashyapti. Ichki ishlar, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham bir yoqadan bosh chiqarib ishlashyapti. Shunday og‘ir kunda yordam berishimiz kerak bir birimizga.

"O‘zbekiston Temir yo‘llari" AJ Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzelining mas’ul xodimi ishchilar oilalarga joylashtirilganini, mahalliy uy sharoitida yashayotganliklarini, oziq-ovqat ta’minoti hokimiyat hisobidan bo‘layotganini aytdi.

Lekin, uzel boshliqlari "alohida vagonlarda kunni aysh-ishrat bilan o‘tkazayotgani, boshqa ishchilar og‘ir sharoitda qolayotgani" haqidagi iddaolar yuzasidan izoh olish uchun Ozodlik uzel rahbari Ixtiyor Farmonovga bog‘lana olmadi.

"Ramatovcha" safarbarlik?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofat oqibatlarini shaxsan ko‘zdan kechirish uchun 28 aprel kuni Buxoroga borgan.

Shu kuni Mirziyoyev Buxoroda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish haqidagi farmonni ham imzolagandi.

"Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonda ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga davlat byudjetidan 100 milliard so‘m ajratish belgilangan.

Farmonning bajarilishi Buxoroda keyingi yillarda qurilgan yangi ob’ektlarning bosh mas’uli - bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov zimmasiga yuklatildi.

Ozodlik suhbatlashgan "O‘zbekiston temir yo‘llar" shirkati xodimining aytishicha, ularga Buxorodagi o‘z xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar uchun qo‘shimcha haq to‘lanmasligi, doimiy oladigan oylikni olishlari aytilgan:

- Toshkentda metro qurilishida haq to‘lanmagan.Bunaqa ishlarga ko‘nikib ham qoldik. Ramatov ("O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning avvalgi rahbari Ochilboy Ramatov) bosh vazir birinchi o‘rinbosari bo‘lganidan beri ikkinchi kasbimiz quruvchilik bo‘lib qoldi. Lekin, tekinga ishlaydigan quruvchilarmiz.

Bundan oldin Ozodlik "O‘zbekiston Temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatiga qarashli "Toshkent mexanika zavodi" (sobiq Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi) ishchilarining yer usti metrosi qurilishlariga safarbar etilgani haqida xabar bergan edi.

Buxoroda temir yo‘l xodimlaridan tashqari Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Mudofaa vazirligi xodimlari ham ofatdan ziyon ko‘rgan uylarni tiklashga jalb etilgani haqda mahalliy matbuotda xabar qilingan edi.

Buxorodagi ofat

27 aprel kuni kuchli shamol birgina Buxoro viloyatining o‘zida qirq mingdan ortiq obyektga ziyon yetkazdi.

Buxoroda tabiiy ofat qirq mingdan ziyod binoga shikast yetkazdi
Buxoroda tabiiy ofat qirq mingdan ziyod binoga shikast yetkazdi

Aholi uylaridan tortib umumta’lim maktablari, bog‘chalar, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, savdo do‘konlari, ma’muriy binolar, madaniy meros va sport obyektlari vayron bo‘ldi.

Ko‘rilgan zarar miqdori, umumiy hisobda, 150 milliard so‘m atrofida etib belgilangan.

Buxoro viloyati hokimligining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi hozirga qadar tabiiy ofat oqibatida vayron bo‘lgan uylarning deyarli yarmi ta’mirlab bo‘linganini aytdi.

- Kuchli shamol 41 mingdan ortiq uyni vayron qilgan bo‘lsa hozirgacha 24 mingdan ziyod uy ta’mirlab bo‘lindi. Kelasi bir haftada qolganlari ham bitkaziladi, - dedi hokimlik rasmiysi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Buxoroga safar qilib, u yerda yuz bergan kuchli shamol oqibatlarini shaxsan ko‘zdan kechirgach¸ jabrdiydalarga uylarini tiklab olish uchun uzog‘i bilan 10 kun ichida zaruriy yordam berilishini va’da qilgan edi.

9 may kuni Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Buxoro viloyati Olot tumani "Xalqobod" mahallasida yashovchilar ochilib qolgan uylari tomini yopishga yordam so‘rab bir necha marta tuman hokimligiga borgani, ulardan "o‘zlaring qilasizlar" degan javobni olganliklarini aytishgandi.

XS
SM
MD
LG