Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:27

Sardoba texnogen falokatidan ziyon ko‘rgan uylarni qurilishdan bexabar arzon ishchilar ta’mirlamoqda


Sardoba toshqinida vayron bo‘lgan uylarni, asosan, viloyatlardan kelgan quruvchilar ta’mirlamoqda.
Sardoba toshqinida vayron bo‘lgan uylarni, asosan, viloyatlardan kelgan quruvchilar ta’mirlamoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi viloyat hokimliklari zimmasiga Sardoba toshqini oqibatida vayron bo‘lgan uylardan 1813tasini bir oy muhlat ichida ta’mirlab, egalariga topshirish yuklatilgan.

Ta’mirtalab ushbu uylar uchun har viloyat hokimligiga 5 milliarddan jami 70 milliard so‘m ajratilgan.

Qurilish ishlarida qatnashayotganlar hisob-kitobicha, ta’mirtalab ushbu uylarni qayta tiklash uchun taxminan 300 milliard so‘m mablag‘ zarur.

Ayni paytda hokimliklar ajratilgan mablag‘ kamligi bois qurilishni tadbirkorlar mablag‘i va arzon ishchi kuchi hisobiga amalga oshirmoqda.

Sirdaryo viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bir oy muddat ichida Oqoltin, Sardoba va Muzrabot tumanlaridagi toshqindan vayron bo‘lgan 1813ta uyni ta’mirlab egalariga topshirish lozim.

“Bu hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan tadbirlardan biri. Oqoltin tumanidagi to‘rtta mahallada 675 ta uy, Muzrabot tumanidagi uchta mahallada 631 ta uy, Sardoba tumanidagi uchta mahallada 507 ta uyni bir oy muddat ichida ta’mirlab topshirish lozim. Toshqinda loydan qurilgan uylarning hammasi buzilib ketdi. Bu uylar betondan tiklangan bo‘lgani uchun ularni qayta remont qilish mumkin deb topishgan”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolishni so‘ragan hokimlik mas’uli.

Qurilish ishlarida qatnashayotgan ustalardan birining Ozodlikka aytishicha, ta’mir ishlarida asosan arzon ishchi kuchidan foydalanilmoqda:

“Men 12 kun ishlab salkam 1 million so‘m pul oldim. Bu juda arzon. Karantin bo‘lgani uchun shu pulga rozi bo‘ldim. Aslida¸ bir necha barobar qimmat bo‘lishi kerak. Men o‘zim Oqoltin tumanida yashayman. Surxondaryo viloyatiga ajratilgan Uchtom mahallasidagi uylarni remont qilayotgan guruhda yollanma ishchi sifatida qatnashdim. Qurilishda qatnashayotganlar orasida arzonligiga qaramay rozi bo‘lgan men kabi mahalliy ishchilar juda ko‘p. Hamma karantinda ishsiz o‘tirgani uchun rozi bo‘lgan”.

Muzrabot tumanining Navbahor mahallasidagi uylar ta’mirida ishtirok etayotgan yana bir mahalliy ustaga ko‘ra, ta’mir ishlariga qurilishdan bexabar kishilar jalb qilingani sabab aksar uylar sifatsiz bitkazilmoqda:

“Navbahor mahallasidagi 134 ta uyni ta’mirlash Namangan viloyatiga topshirilgan. Namangan hokimligi mingga yaqin ishchini ishlatmoqda. Ular orasida qurilishdan umuman bexabar odamlar juda ko‘p. Namanganning o‘zidan qancha odam olib kelinganini bilmadim. Ular markazdagi klub binosida yashayapti. Men ular bilan birga ishlaganim uchun bilaman, ko‘pchiligi faqat oddiy ishlarni qila oladi. Suvash, g‘isht uzatish, tomga shiferlarni yetkazib berish kabi oddiy ishlarni qila olishadi. Ular Namangandagi turli tashkilotlarning ishchilari ekan, ya’ni qurilishga umuman aloqasi bo‘lmagan odamlar. Shuning uchun ham ayrim uylarning qurilishi sifatsiz bo‘lyapti. Bir nechta uy tomining ma’lum qismini hatto buzib, qayta qildik. Chunki ular qiyshiq qilib qoqishgan ekan”.

Jizzaxliklar Sirdaryodagi 131ta uyni ta’mirlashda ishtirok etmoqda.
Jizzaxliklar Sirdaryodagi 131ta uyni ta’mirlashda ishtirok etmoqda.

Sardobadagi qurilish ishlarida qatnashayotgan toshkentlik hasharchi-quruvchilardan biri o‘zining majburan ushbu ishlarga jalb qilinganini iddao qildi.

“Ishxonamizdan Sardobaga borasizlar, dedi. Bordik, ishlashgayam, yashashgayam sharoit yo‘q, amallab qaytib keldik. Endi “yana boringlar” dedi, “yo‘q bormaymiz” desak, “bo‘shashga ariza yoz”, deb do‘q qilishmoqda. Sardobadagi qurilishlarda ishlayotganlarning ko‘pchiligi o‘z xohishi bilan bormagan, ishidan ayrilishdan qo‘rqib, borishgan. Faqat bizning tashkilotni aytmang. Men doim haqiqatni talab qilganim uchun mendan ko‘rishadi”, dedi Toshkentdagi byudjet tashkilotlaridan birining ishchisi ismini ham oshkor qilmaslik sharti bilan.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab 8 iyun kuni gaplashgan sardobaliklardan biri ham Do‘stlik mahallasidagi ta’mirlanayotgan uylar qurilishida ​Qoraqalpog‘istondan kelgan byudjet tashkilotlari xodimlari ishtirok etayotganini aytgan edi.

Sirdaryo viloyat hokimligidagi Ozodlik suhbatlashgan (yuqoridagi) mas’ul toshqindan vayron bo‘lgan uylarga arzon ishchi kuchi jalb qilingani sababini shunday izohladi:

“Hukumat hokimliklarga atigi 5 milliard so‘mdan ajratdi. Bu pul nimaga ham yetadi? Xomcho‘t hisob-kitob qilinsa, bitta uyning ta’miri uchun 140-170 million so‘mdan ketyapti. Bitta Navoiy viloyatiga 167 ta uyni ta’mirlash topshirilgan. Bu uylar ta’miri uchun kamida 20 milliard so‘m ketadi. Quruvchilar hisob-kitobicha, ta’mirtalab 1813ta uyni qayta tiklash uchun taxminan 300 milliard so‘m mablag‘ zarur. Shuning uchun eng arzon yo‘li izlanyapti. Viloyat hokimligi tuman hokimligiga topshiryapti, tuman hokimligi tumandagi katta tadbirkorlarga yuklayapti. Tadbirkorlar esa¸ tabiiy o‘z hisobidan qatnashishi kerak, ular Rossiyaga keta olmay, karantinda o‘tirgan yigitlarni arzon pulga yollab jo‘natgan”.

Moliya vazirining o‘rinbosari Yorqin Tursunov Sardobadagi uylar qurilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda byudjetdan har bir viloyatga 5 milliard so‘mdan jami 70 milliard so‘m ajratilganini bildirgan edi.

16 may kungi yig‘ilishda Tursunov Sardobadagi qurilish uchun pulni davlat to‘lab berishini ta’kidlay turib:

"Chunki buni muhtaram prezidentimiz alohida ta’kidladilar: “Sizlar ishni bajarib berasizlar, davlat pulini to‘lab beradi”¸ degan edi.

Sardoba suv omborining o‘pirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida 4 435ta xonadon zarar ko‘rgan. Shundan 2 390 tasi yaroqsiz, 2 045 tasi ta’mirtalab holatda. Bu haqda 2 iyun kuni AOKAda o‘tgan brifingda Qurilish vazirligi matbuot kotibi Jamoliddin Qalandarov ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, ta’mirtalab uylardan 1813 tasi iyun oyi oxirigacha egalariga topshirilishi lozim.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ayni kunlarda O‘zbekiston Qurilish vaziri va uning o‘rinbosarlari Sardoba texnogen falokatidan talafot ko‘rgan uchta tumandagi qurilish va ta’mirlash ishlarini bevosita ko‘zdan kechirmoqda.

XS
SM
MD
LG