Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:27

Avstriya politsiyasi Ramzan Qodirovning tanqidchisi ekani aytilgan shaxs o‘limini tergov qilmoqda


Mamixan Umarov
Mamixan Umarov

Avstriya politsiyasi dam olish kunlari poytaxt Vena yaqinida otib o‘ldirilgan chechenistonlikning o‘limi siyosiy qotillik yoki uyushgan jinoyatchilikka aloqador ekanligini aniqlash ustida ishlamoqda.

Politsiya qotillikka aloqadorlikda gumonlanayotgan ikki rossiyalikni qo‘lga oldi. Otib o‘ldirilgan shaxs 43 yoshdagi Rossiya fuqarosi ekani, mamlakatga siyosiy boshpana izlab kelganini Avstriya rasmiylari ma’lum qildi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, marhumga Vena yaqinidagi Gerasdorf shaharchasida avtomobil to‘xtash joyida 5 marta o‘q otilgan.

Avstriya politsiyasi marhum nomini oshkor qilmagan bo‘lsada, Ozodlikning chechen diasporasidagi manbalariga ko‘ra, uning ismi Mamixan Umarov bo‘lib, Venalik Anzor laqabi bilan tanilgan. Umarov 2005 yilda Avstriyaga ko‘chib borgan va oradan ikki yil o‘tib siyosiy boshpana olgan.

Checheniston mustaqilligi uchun kurashgan Mamixan Umarov Checheniston lideri Ramzan Qodirovning tanqidchisi bo‘lgan.

Avstriya politsiyasi Umarovga himoya taklif qilinganini, ammo u bu taklifga rozi bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Qotillikdan bir necha soat o‘tib Venadan 200 km masofada joylashgan Lins shahrida bir gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Ozodlik u 47 yoshdagi Sarali Astayev ekanligini aniqladi.

Ozodlik, shuningdek, politsiya qo‘lga olgan ikkinchi gumonlanuvchi 37 yoshdagi Salman Magamadov ekanligini aniqladi. Rasmiylar uni boshida guvoh o‘laroq ko‘rgan.

Har ikki gumonlanuvchi chechenistonlik Rossiya fuqarosi bo‘lib, 2000- yillar boshida Avstriyada siyosiy boshpana olgan.

Avstriya hududiy razvedka hamda aksilterrorizm agentligi shov-shuvga sabab bo‘lgan ushbu qotillikni tergov qilmoqda. Agentlikning yetakchisi qotillik ortida siyosiy motiv yoki o‘zaro kelishmovchilik turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Umarov bergan intervyulari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida o‘zini sobiq jangchi hamda o‘z vaqtida mustaqil Ichkeriya Checheniston Respublikasi deb e’lon qilingan hudud xavfsizlik xizmatlarining sobiq xodimi deb atagan.

Marhum joriy yilning fevralida o‘z YouTube kanalini ochib, 30 video yuklagan. Videolarning oxirgisi platformaga 2 iyul kuni yuklangan.

Chechen tilida yozib olingan videolarning aksari yakunida Umarov Qodirovni, uning oilasi hamda sheriklarini haqoratlagan. Videolarning bir nechtasi 250 ming martadan ko‘p ko‘rilgan.

Umarov chechen qo‘mondoni Adam Osmayevga suiqasd urinishi bo‘yicha Ukraina rasmiylari olib borayotgan tergovda muhim guvoh bo‘lishi kutilayotgan edi, ammo u Ukrainaga kiritilmadi. Osmayev Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilarga qarshi jang qilgan. 2017 yilning oktabrida Kiyev shahrida amalga oshirilgan hujumda Osmayevning rafiqasi Amina Okuyeva halok bo‘lgan edi.

Osmayev va Okuyevaga qilingan hujumdan ko‘p o‘tmay «Radikal partiya» millatchi partiyasi a’zosi Ihor Mosiychukga suiqasd uyushtirildi. Amalga oshirilgan portlashda ikki kishi nobud bo‘ldi, ammo Mosiychuk tirik qoldi. Deputatning Osmayev va uning rafiqasiga aloqasi borligi aytildi.

Umarov Mosiychuk bilan aloqada bo‘lgan hamda bomba hujumi haqida uni oldindan ogohlantirgan.

Inson huquqlari faollari Qodirov repressiv yo‘llar bilan Chechenistonni boshqarib kelayotgani hamda mamlakat xavfsizlik kuchlariga cheksiz vakolat berganini aytib keladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston va xorijda muxolifat vakillarining o‘g‘irlab ketilishi, qiynoqqa tutilishi va sudsiz o‘ldirilishiga Qodirov zamin yaratib bergan.

Joriy yilning fevralida Shvetsiyada chechen bloger Tumso Abdurahmonov hujumga uchradi. Abdurahmonov hujumchiga qarshilik ko‘rsatib, uni rasmiylarga topshirishga muvaffaq bo‘ldi. 2019 yilning martida Checheniston parlamentining raisi Magomed Daudov Abdurahmonovga qarshi urush e’lon qilgan edi.

Joriy yilning 30 yanvar kuni Qodirovni tanqid qilib kelgan yana bir chechen bloger Imran Aliyev Fransiyaning Lill shahrida o‘lik holda topildi. Uning tanasiga 135 marta pichoq sanchilgan. Prokurorlar Rossiyada tug‘ilgan shaxs gumonlanuvchi o‘laroq ko‘rilayotgani, u qotillik ortidan tezda Chechenistonga qaytib ketganini ma’lum qildi.

2019 yilning avgustida esa gruziyalik sobiq chechen ayirmachi qo‘mondon Zelimxan Xangoshvili Berlinda otib o‘ldirildi. Ushbu holatga aloqadorlikda ayblanib, Rossiya fuqarosi qo‘lga olingan.

Avstriyaning Kurier gazetasining xabar berishicha, politsiya Umarov ishi uyushgan jinoyatchilik yoki chechen urug‘lari o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilikka aloqador bo‘lishi mumkin, degan qarashni ham ko‘rib chiqmoqda.

Gazeta xabarida yozilishicha, Umarovning Avstriyada ba’zi jinoyatlarga aloqasi borligi ham qayd etilgan. 2017 yili noqonuniy tarzda qurol-aslahaga egalik qilishda ayblanib qo‘lga olingan 22 nafar chechen orasida Umarov ham bo‘lgan.

Marhumning tovlamachilik hamda sug‘urta bo‘yicha firibgarlikka ham aloqasi borligi aytildi. Umarov 2019 yilning yoziga qadar qamoqda bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG