Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:01

Kristian Lasslett: Toshkent hokimiga aloqador universitetga tekinga yer va imtiyozlar berilayotgani taajjub uyg‘otmoqda


Open Democracy tashkiloti hisobotiga ilova qilingan surat. "Akfa" universiteti binolari tashqi ko‘rinishi.
Open Democracy tashkiloti hisobotiga ilova qilingan surat. "Akfa" universiteti binolari tashqi ko‘rinishi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi koronavirus pandemiyasi davrida abgor ahvolga tushib qolgan bir paytda, hukumat Toshkent shahar hokimiga aloqador guruhlar asos solgan yangi xususiy tibbiyot universitetiga tekinga yer va eksklyuziv imtiyozlarni in’om qilayotgani taajjublanarli.

Bu taajjub Britaniyadagi Open Democracy tashkiloti 29 iyul kuni e’lon qilgan tadqiqotda bildirilgan.

Unda o‘qish O‘zbekistondagi boshqa oliygohlardagidan bir necha baravar qimmat bo‘lgan xususiy universitetga hukumatning eksklyuziv imtiyozlari berilayotgani yuqori doiralardagi manfaatlar to‘qnashuvi borasida jiddiy xavotirlar uyg‘otishi aytilgan.

Tadqiqot muallifi, Britaniyadagi Alster (Ulster) universitetininng kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslettning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, bu yerda gap O‘zbekistonning eng badavlat odamlaridan biri¸ mamlakatdagi eng yirik xususiy holding egasi¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli deb ko‘rilayotgan "Akfa" universiteti va bu universitetga Toshkentning eng qimmat rayonidan 30 gektar yer va boshqa imtiyozlar berish haqidagi hukumat qarori loyihasi haqida bormoqda.

25 iyun kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamaga qo‘yilgan rasmiy saytda¸ "Akfa Universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlangan O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi e’lon qilingandi. Loyihaning muhokamaga ajratilgan muddati 10 iyulda yakuniga yetgan. Qaror qabul qilinganmi-yo‘qligi Ozodlikka ma’lum emas.

Qaror loyihasida "Akfa" universitetiga bozor narxi bo‘yicha 7000 AQSh dollari ekani aytilayotgan Kibray tumanidagi 30 gektarlik yerni tekinga berish va oliygohni uch yilgacha daromad hamda boshqa soliqlardan ozod qilish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvini tadqiq qilib kelayotgan professor Lasslet prezident qarori bilan Toshkent hokimiga tegishli universitetga tekinga yer va imtiyozlar berilishi taajublanarli hol deydi:

- Toshkent shahar hokimi koronavirusni jilovlay olmayotgani tanqidga uchrayotgan bir paytda hokimga yaqin guruhlar boshqaradigan xususiy tijorat tibbiyot universitetiga muhim yer maydonlari va boshqa imtiyozlar in’om etilyapti. Bu juda taajjublanarli. Hukumatning 2019 yil qaroriga binoan "Akfa" universiteti "Akfa Medlayn" hususiy kompaniyasi tomonidan ta’sis etilib, uning aksariyat ulushi Toshkent shahar hokimining rafiqasiga tegishli. Bundan esa qaror kimning manfaatini ko‘zlab chiqarilayotganini anglash mumkin, - deb ta’kidlaydi Lasslett Ozodlik bilan suhbatda.

Britaniyalik professor "Akfa" universitetida o‘qish puli O‘zbekistondagi boshqa oliygohlardagi kontrakt narxlaridan bir necha baravar qimmatligiga e’tibor qaratadi.

- O‘qishga qabul qilingan talaba yiliga 5700 AQSh dollari to‘lashi kerak. Bu O‘zbekistondagi o‘rtacha yillik ish haqidan ikki baravar ko‘p. Hukumatning "Akfa"ga berayotgan imtiyozlari esa so‘nggi paytlarda mamlakatda ochilgan Britaniya Menejment universiteti va boshqa universitetlarga taklif qilingan imtiyozlarga qaraganda ancha katta, - deydi Lasslett.

O‘zbekistonning Aktivlarni boshqarish bo‘yicha davlat agentligi va Monopoliyaga qarshi davlat qo‘mitasi ham "Akfa Universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" deb nomlangan prezident qarori loyihasini tanqid qilib chiqqan.

Monopoliyaga qarshi qo‘mita hujjat loyihasining ayrim bandlari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ekani haqida 10 iyul kuni bayonot berdi.

Davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha davlat agentligi esa 12 iyuldagi bayonotida "yerni ochiq va raqobatbardosh tanlov asosida ajratish kerakligi"ga urg‘u bergan.

"Akfa"universitetiga imtiyozlar berish haqidagi prezident farmoni loyihasi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga duch kelmoqda.

O‘zbekistnlik tahlilchi Alisher Ilhomov Facebook sahifasida: "Akfa" universitetida tibbiyot sohasidagi kadrlar tayyorlash sohasida monopoliya paydo bo‘lishidan xavotir bor, chunki hozirda ularga talab juda katta. Hukumat "Akfa"nikidan boshqa diplomlarni ham tan olmaslikkacha borishi mumkinmi? ", - deb yozdi.

Akfa universiteti esa tanqidlarni rad etib, taklif etilayotgan davlat imtiyozlari O‘zbekistonda xususiy oliy o‘quv yurtini ochishga tayyor bo‘lgan xalqaro universitetlarga taqdim etilayotgan imtiyozlarga o‘xshashligini ta’kidlagan.

Londondagi Open Democracy guruhi Ortiqxo‘jayev hokim lavozimidan o‘ziga tegishli shirkatlarning boyishi yo‘lida foydalanayotgan bo‘lishi va bundan oldin Tashkent City loyihasi "pul yuvish o‘chog‘i"ga aylanishi ehtimolidan xavotir bildirgandi.

Tashkilot ikki yil avval O‘zbekistonda tashkil etilgan 67 ta shirkat hujjatlarini o‘rganish asosida ularning Ortiqxo‘jayevga tegishli Akfa-Artel guruhiga bog‘langanini aniqlagandi.

XS
SM
MD
LG