Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:27

Markaziy Osiyoda koronavirus: O‘limdan omon qolgan 101 yoshli bemor, zotiljamning "g‘alabasi", yashirilgan statistika


Mart oyidan boshlab koronavirus aniqlana boshlangan Markaziy Osiyo davlatlarining har biri virusga qarshi "xalqaro tajribani inobatga olgan holda ishlab chiqilgan o‘z uslubi" bilan kurashmoqda. Ammo vaziyat yengillamoqda, deb aytishga ertaroq ko‘rinadi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekistonda kuniga kamida 500-1000 va undan ko‘p odamda koronavirus aniqlanmoqda. Tojikiston va Turkmaniston esa, ekspertlar fikricha, vaziyatni yumshatibroq ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Turkmaniston haligacha mamlakatda koronavirus borligini rasman tan olgani yo‘q.

Qirg‘iziston koronavirusdan o‘lganlar soni bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilmoqda

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, 4 avgust holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 1427 kishiga yetdi.

Vazirlik Qirg‘izistonda 37 541 kishiga koronavirus yuqqani va ulardan 28 743 nafari sog‘ayganini ta’kidladi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Aynura Akmatova 3 avgust kuni sog‘aygan bemorlar orasida 101 yoshli qariya ham borligini ma’lum qildi. Bundan tashqari 80 yoshli qariya ham tuzalgan.

“Bu tibbiyot xodimlarining og‘ir va professional mehnati samarasi bo‘ldi, deb aytsak xato qilmaymiz”, -dedi Aynura Akmatova.

Qozog‘istonda zotiljamdan o‘lim ko‘rsatkichi 50 foizga ko‘paydi

Markaziy Osiyoda koronavirus vaziyati eng murakkab bo‘lib qolayotgan davlat Qozog‘istondir. So‘nggi rasmiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, bu mamlakatda 92 662 kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 1058 nafari o‘lgan.

Joriy yilning 1 yanvaridan 2 avgustigacha esa 256 ming 541 odamda zotiljam aniqlandi. Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy 1 avgustdan boshlab koronavirus va zotiljam statistikasi birlashtirilishini e’lon qilgan edi.

Biroq 3 avgust kuni qilgan chiqishida u statistik ma’lumotlarni alohida-alohida aytib o‘tdi. Soyga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida pnevmoniyadan o‘lim holatlari 2019 yilning shu davriga solishtirganda 50 foizga ko‘paygan.

O‘zbekistonda ishsizlar soni ko‘paydi

4 avgust holatiga ko‘ra, koronavirusga chalingan 26 550 nafar bemor aniqlangan O‘zbekistonda esa pandemiya ishsizlik ko‘rsatkichning oshishiga sabab bo‘ldi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 3 avgustda bildirishicha, O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar-iyun oylarida ishsizlik darajasi 13,2 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davrida 9,1 foizga teng bo‘lgan.

Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni bugungi kunda 1 million 944 ming kishini tashkil etmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 65 foizni tashkil qilmoqda. Hozirda 9 127 nafar bemor kasalxonada qolmoqda. Ulardan 927 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

4 avgust holatiga ko‘ra, rasman 160dan ortiq bemor vafot etgan.

Tojikistonda o‘lim holatlari ozaytirib ko‘rsatilmoqda

Tojikiston hukumati esa shu kungacha jami 7,5 mingga yaqin fuqaroga koronavirus yuqqanini, bemorlardan 61 nafari o‘lganini bildirdi.

Biroq Ozodlik radiosi tojik xizmati tomonidan o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruvda o‘tgan oyda Tojikistonda COVID-19dan o‘lganlar soni kamida bir necha yuz kishi ekani aytildi.

Koronavirusdan vafot etgan tojikistonliklar orasida o‘nlab shifokorlar va hamshiralar bor.

Turkmanistonda rasman koronavirus yo‘q

Turkmanistonda shu kungacha koronavirus mavjudligi hukumat tomonidan rasman tan olinmadi. Biroq Ozodlik radiosi turkman xizmatining manbalari Turkmanistondagi kasalxonalar zotiljam simtomlari kuzatilgan bemorlar bilan to‘lib-toshib ketgani haqida xabar bermoqda.

Muxbirlarning ma’lum qilishlaricha, o‘lim holatlari ham ko‘paygan.

Ozodlikning Turkman xizmatiga intervyu bergan ikki ashxobodlik poytaxt shifoxonalari birining reanimatsiya bo‘limida har kuni o‘nlab odam o‘layotganini, boshqa bir shifoxonada murdalarni o‘rash uchun ishlatiladigan plastik qoplar tugagani uchun mayitlar xlorli aralashmada ivitilgan matoga o‘ralayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG