Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:00

Moskva tergovchilari o‘zbekistonlik muhojirni 6 yashar o‘g‘lini urib o‘ldirganlikda ayblamoqda


Moskva viloyatida 6 yashar o‘g‘lini o‘qlov bilan urib o‘ldirganlikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik hibsga olindi.

27 yashar mehnat muhojiri "Tez yordam" va politsiya xodimlariga bolasining zinapoyadan yiqilib tushganini aytgan. Ammo tibbiy ekspertiza bola tanasining kamida 20 joyida kuchli kaltak izlari borligini aniqlagach¸ tergov iddaosicha¸ ota uni o‘qlov bilan urib o‘ldirganiga iqror bo‘lgan.

Videoyozuvi tarmoqlarda tarqagan so‘roq paytida bunday vahshiylik sababini izohlagan 27 yashar migrant ish joyidagi moliyaviy muammolar ortidan o‘z g‘azabini katta o‘g‘liga sochganini aytgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati Taldom shahri bo‘yicha tergov bo‘limi 2014 yilda tug‘ilgan farzandini o‘qlov bilan urib o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirini sud qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga oldi.

Tergovchilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, 3 avgust kuni mahalliy shifoxonaga 27 yashar o‘zbek migranti “Yordam bering, o‘g‘lim zinapoyadan tushib ketdi!”, deb qo‘ng‘iroq qilgan.

Hodisa joyiga “Tez yordam” xodimlari yetib kelgunga qadar¸ tibbiyotchilarning aytishicha¸ bola allaqachon o‘lib bo‘lgan. Ota ularni o‘g‘lining podyezd zinapoyasida o‘ynayotib pastga qulaganiga ishontirmoqchi bo‘lgan, ammo uning tanasidagi jarohatlar bois vrach politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.

Hodisa joyiga Tergov qo‘mitasi va politsiya xodimlari yetib kelgan.

- Ko‘zdan kechirilganda bola tanasida ko‘plab tan jarohatlari borligi va ular bolaning shunchaki yiqilishiga aloqasi yo‘qligi aniqlandi. Keyinchalik sud-tibbiyot eksperti o‘g‘il bolaning tanasining kamida 20ta joyiga shikast yetkazilgani, badani mo‘mataloq bo‘lib ketgani va boshqa mayda jarohatlar borligini tasdiqladi. Qattiq kaltak zarbidan bola travmatik shok holatiga tushib o‘lgan, dedi hodisani o‘rganayotgan Moskva viloyati bo‘yicha Tergov boshqarmasi rahbari muovini Olga Vradiy Ozodlik bilan telefon suhbatida.

So‘roq paytida o‘zbekistonlik muhojir o‘z o‘g‘lini o‘qlov bilan jahl ustida urib o‘ldirganiga iqror bo‘lgani aytilmoqda. Tarmoqlarda otaning iqror bo‘layotgani videosi ham tarqaldi.

Tergovchilar ta’kidicha¸nihoyatda kuchli kaltaklanish oqibatida bola tanasining bir qancha joyida teri ko‘chib tushgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 27 yashar A. bir necha yildan beri Podmoskovyening Taldom shahridagi yem-xashak ishlab chiqaradigan korxonalardan birida ishlab kelgan. Bundan 5 oy oldin u ishchilar yotoqxonasidan bir xonani ijaraga olib¸ O‘zbekistondan 26 yashar xotini, 6 va 2 yashar o‘g‘illarini olib kelgan. Er-xotin navbatma-navbat bolalarga qaragan va ikkalasi ham shu korxonada ishlab kelgan.

Tergov tarqatgan xabarga ko‘ra, 3 avgust kuni turmush o‘rtog‘i smenada bo‘lgan paytda ota ikki o‘g‘liga qarashga qolgan. Anchadan beri ish joyidan haqini ololmayotgan o‘zbekistonlik migrant jahl ustida sho‘xlik qilgan katta o‘g‘lini savalashga tushgan.

- Bolani o‘qlov bilan savaladim. Men jahl ustida o‘zimni bilmay, o‘zimni nazorat qilolmay qoldim, deydi bu videoda muhojir yigit.

Tergov iddaosicha¸ o‘laksa qilib urilgan bola hushidan ketganidan keyin, otasi uni xonasiga olib kirib yotqizib qo‘ygan.

Kechki soat 7 larda u bolani uyg‘otmoqchi bo‘lganida¸ o‘g‘lining o‘lib bo‘lganini tushungan va tergovchilar ta’kidicha¸ qilmishini yashirish maqsadida uni podyezd zinasidan yiqilib tushganga chiqarish rejasini tuzgan.

Ishdan qaytib kelgan xotini avvaliga tergovchilar iddaosi va erini bolaning o‘limiga aloqasi borligiga ishonmagan. U tarjimon yordamida eri ilgari bolalarga hech qachon qo‘l ko‘tarmaganini bildirgan.

Hozirda tergov izolyatorida qolayotgan o‘zbek muhojiriga nisbatan Rossiya Jinoyat Kodeksining 111-moddasi 4-qismi (o‘limga olib kelgan qasddan tan jarohati yetkazish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘z bolasini o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbek muhojiri¸ bu ayb sudda tasdig‘ini topsa¸ 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG