Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:23

Navalniy xos vrachi rasmiy tashxisni rad etdi. Germaniya muxolifatchi hayotini qutqarish lozimligini aytmoqda(VIDEO)


Aleksey Navalniy ancha yillardan buyon Vladimir Putin rejimini tanqid qilib keladi.
Aleksey Navalniy ancha yillardan buyon Vladimir Putin rejimini tanqid qilib keladi.

Aleksey Navalniyning “qoni va siydigida zahar topilmadi”.

Putinning ashaddiy tanqidchisi kuchli zaharlanish alomatlari bilan hushsiz holatda olib kelingan 1-sonli Omsk shifoxonasi bosh vrachi Anatoliy Kalinichenko 21 avgust kuni shunday bayonot berdi.

Muxolifatchi hayotini zudlik bilan qutqarish lozimligini ta’kidlayotgan Germaniya hukumati¸ uni maxsus uchoq bilan mamlakatning eng yaxshi klinikasida davolashga tayyorligini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda¸ rossiyalik vrachlar konsiliumi Navalniyni maxsus sanitar uchoq bilan zudlikda Germaniyaga yuborishga "uning boshqa joyga ko‘chirilishga tayyor emasligi" iddaosi bilan rozilik bermadi.

Navalniy yaqinlari va tarafdorlari uning maxsus zaharlanganiga shubha yo‘qligi¸ rasmiy vrachlar bayonoti esa¸ "yuqoridan kelgan buyruq" ijrosi ekanini aytmoqda.

20 avgust kuni ertalab Tomskdan Moskvaga uchayotgan paytda Navalniyning ahvoli to‘satdan yomonlashgani ortidan samolyot Omsk aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

Navalniy yonida bo‘lganlar darhol uning Tomsk aeroportida ichgan choydan zaharlangani taxminini bayon qildi.

Rasmiy tibbiy tashxis

21 avgust kuni Omsk kasalxonasi boshlig‘i Kalinichenko kasalxonaning toksikologiya bo‘limida behush qolayotgan Aleksey Navalniy organizmida hech qanday zahar alomatlari topilmaganini bildirdi¸

- Hozirgacha o‘tkazilgan analizlarga ko‘ra, qon va siydikda hech qanday zahar topilmadi. Shu sababli “zaharlanish” tashxisi taxminini ehtimoldan to‘liq soqit qilmasak ham, biz patsient zaharlanmagan, deb hisoblaymiz.

Kalinichenko analizlarning nafaqat Omsk, balki Moskva laboratoriyasida ham tekshirilayotganini bildirdi.

Davolovchi vrach Aleksandr Muraxovskiy Navalniyning ahvoli biroz yaxshilangani, ammo u haliyam behush va sun’iy nafas olish apparatiga ulangan holatda qolayotganini bildirdi.

Vrachga ko‘ra¸ muxolifatchiga organizmda moddalar almashinuvi buzilishi ortidan kelib chiqqan qondagi qand yetishmovchiligi diagnozi qo‘yilgan.

Navalniy vrachi rasmiy tashxisni rad etdi

Aleksey Navalniyga qarayotgan vrachlarning bunday bayonotlari bilan ayni paytda uning xos vrachi Anastasiya Vasilyeva rasmiy tashxisga ishonmasligini bildirdi.

- Moddalar almashinuvi buzilishi ko‘plab kasalliklar oqibatida bo‘lishi mumkin. Bu holat, tashxis emas. Qonda qandning kamayishi ham tashxismas. Aytgancha, kecha qandi normal holatda edi. Bizni yana axmoq qilishyapti: chiroyli aqlli so‘zlarni gapirishyapti, koma sababi va diagnoz qo‘yishga qurbi yetmayapti ekan, deb yozdi Tvitterda Anastasiya Vasilyeva.

Keyinroq shifokor “bu zaharlash, uning fonida moddalar almashinuvining og‘ir buzilishi sodir bo‘lgan”, deya xulosa qildi.

Ayni paytda Navalniy davolovchi vrachi Muraxovskiy¸ Rossiya va Germaniya vrachlari o‘zaro maslahatlashib¸ ahvoli to‘liq stabillashmagunga qadar Navalniyni boshqa joyga ko‘chirmaslikka qaror qilganini bildirdi.

Navalniy matbuot Kira Yarmish esa¸ rasmiy vrachlarning bu bayonotini "yolg‘on"ga chiqardi.

Unga ko‘ra¸ nemis vrachlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish mumkinligini bildirgan.

Bundan oldinroq Germaniyaning Bild gazetasi Aleksey Navalniyning maxsus uchoq bilan Berlinning “Sharite” klinikasiga olib kelinishi mumkinligini xabar qilgan edi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda nemis mutaxassislari bilan birga kelgan Bombardier Challenger layneri fotosuratlari ham paydo bo‘ldi. Navalniy shtabi xabaricha, Germaniya Tez yordam uchqichi va uning bortidagi vrachlar hamon Omsk aeroportida qolmoqda.

Navalniy xos vrachi Vasilyeva¸ muxolifatchini Germaniyaga olib ketishga ruxsat berilmagani ortidagi sababni ham shubha ostiga oldi.

-Agarda shunchaki “moddalar almashinuvi buzilishi” bo‘lsa, Alekseyni nega Berlinga jo‘natishmayapti? Chunki ular uch kun ichida organizmda zahar izlari yo‘qolishi va Yevropaga borganida toksik moddani aniqlashga mavjud imkonni yo‘qqa chiqarishni kutmoqda, dedi Vasilyeva.

Omsk kasalxonasidagi jarayonlar haqida Tvitter sahifasida xabar berib borayotgan muxolifatchi matbuot kotibasi Kira Yarmish ikki kundan beri kasalxona bosh vrachi kabinetida kostyum kiygan va maska taqqan uch kishi qolayotgani va ular o‘zini tanishtirmayotganini yozdi.

Ayni damda, Navalniy tashkilotining Omskdagi shtabiga tegishli VKontakte sahifasida muxolifatchi tarafdorlariga shifoxona oldiga to‘planish va uni davolashga Germaniyaga jo‘natishga ruxsat olish uchun norozilik aksiyasi uyushtirish chaqirig‘i paydo bo‘ldi.

Jamoatchilikka murojaat qilgan Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma (FBK) direktori Ivan Jdanov va Aleksey Navalniyning xotini Yuliya Navalnaya tergovchilarga tayanib¸ muxolifatchi organizmida o‘ta xavfli va zaharli modda aniqlangani, lekin bu moddaga oid ma’lumot "tergov siri" sifatida ochiqlanmayotganini bildirdi.

Navalniy yaqinlari joriy vaziyatda vrachlarning mustaqil emasligi¸ “yuqori lavozimli amaldorlar” buyrug‘ini bajarayotganini aytmoqda.

Ayni paytda¸ “Putin oshpazi” nomi bilan tanilgan biznesmen va restorator Yevgeniy Prigojin Rossiyadagi korrupsiyaga qarshi kurash simvoliga aylangan Navalniy zaharlanishini "troll" qildi.

Putin yaqinlaridan sanalgan Prigojinning Peterburgdagi “trollar fabrikasi” va Rossiyaning deyarli barcha harbiy avantyuralarida ishtirok etayotgan “ChVK Vagner” harbiy yollanmachilar guruhlarini moliyalashtirishi taxmin qilinadi.

- Biz Navalniyni yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak, zero u uzoq yillar davomida juda ko‘pchilik vaqtini chog‘ etib keldi, usiz biz zerikib qolamiz. Agarda o‘tgan safar u mendan bir million rubl xayriya pulini olganida barbiturat qo‘shilgan aroq ichib o‘tirmasdi, dedi Prigojin rus nashrlaridan biriga bergan intervьusida.

Hayoti xavf ostida qolayotgan muxolifatchini mayna qilgan Prigojindan farqli Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Aleksey Navalniyning kasalxonaga yotqizilishi to‘g‘risidagi xabarlarni kuzatib borayotgani va uning tezroq sog‘ayib ketishiga tilakdoshligini bildirdi.

Navalniyni davolash uchun Rossiyadagi eng yaxshi mutaxassislar jalb etilganini iddao qilgan Peskov muxolifatchini chet elga davolanishga jo‘natish uchun yordam va’da qildi.

Soppa-sog‘ yurgan 44 yashar Aleksey Navalniyning kutilmaganda komaga tushishi Belarusda Lukashenkoni hokimiyatdan chetlatishga qaratilgan norozilik namoyishlari bilan bir paytda sodir bo‘ldi.

Belarusdagi noroziliklarni jonli yoritib¸ sharhlab kelayotgan Navalniy Putinning 20 yillik hukmronligi¸ bu davrda ildiz otgan korrupsiya vertikalidan charchagan rossiyaliklarni birlashtirish potensialiga ega muxolifatchi sifatida ko‘rilayotgan edi.

XS
SM
MD
LG