Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:55

IMEI registratsiyasidagi "o‘g‘ri"larni qidirish boshlandi. Iqtisodchilar “noto‘g‘ri tizim”ni to‘g‘ri yo‘lga solishni so‘ramoqda


Iqtisodchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonga mobil telefon va planshetlarni qonuniy yo‘l bilan olib kirish bu mahsulotlar narxining keskin qimmatlashiga olib kelishi bois¸ mamlakatda mobil qurilmalar kontrabandasi rivojlangan.
Iqtisodchilarga ko‘ra¸ O‘zbekistonga mobil telefon va planshetlarni qonuniy yo‘l bilan olib kirish bu mahsulotlar narxining keskin qimmatlashiga olib kelishi bois¸ mamlakatda mobil qurilmalar kontrabandasi rivojlangan.

2 sentabr kuni O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xorijdan olib kelingan mobil telefonlar IMEI kodini registratsiya qilish jarayonida o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish amaliyoti mavjudligini rasman tan oldi.

28 avgust kuni Ozodlik xorijga chiqib kelayotgan o‘zbekistonliklar pasport va shaxsiga oid ma’lumotlarning keng ko‘lamda o‘g‘irlanib¸ noqonuniy telefon importi bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan IMEI raqamini registratsiya qilish uchun ishlatilayotgani haqida maqola e’lon qilgan edi.

Mazkur maqolada keltirilgan ma’lumotlar to‘g‘ri ekanini bilvosita tasdiqlagan AT vazirligi o‘z ramiy baënotida “hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda”¸ deb ëzdi.

Shundan kelib chiqib¸ Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tuzilgan Mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi – UZIMEI bu jarayonda o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlarni ishlatayotgan “shaxslar”ni aniqlashni so‘rab¸ huquq idoralariga murojaat qilgan.

Vazirlik rasmiy baënoti.
Vazirlik rasmiy baënoti.

Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Bugungi kunda tergov surishturuv ishlari olib borilmoqda. Tergov surishtiruv ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”¸ deyiladi vazirlik Axborot xizmati 2 sentabr kuni chiqargan bayonotda.

O‘zbek blogosferasidan hukumat va huquq tizimlariga takliflar

Noqonuniy import qilingan telefonlar IMEI kodini registratsiya qilish jarayonida o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlardan foydalanganlarni aniqlash bo‘yicha tergov surishtiruv boshlangani haqidagi rasmiy xabar o‘zbek blogerlari va tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasidagi muhokama mavzuiga aylandi.

Xususan¸ iqtisodiy mavzudagi chiqishlari bilan tanilgan mahalliy blogerlar¸ bu jarayonning asl muammo emas¸ balki uning simptomlari bilan kurash kabi yanglish yo‘nalishdan ketishi xususida xavotir bildirdilar.

Kim eslasa, bir vaqtlari Toshkentda "Yevroset" magazinlari paydo bo‘lgandi. Mana servis xam kirib keladi deb xursand bo‘lganlar xam bo‘ldi. Adashmasam ko‘p ishlamadi, yopilib ketdi.

Sababi oddiy - to‘liq, chegaradan barcha bojxona bojlari to‘lanib olib kirilgan telefon, kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan telefondan baribir qimmat bo‘ladi va raqobat kila olmaydi.

Aslida kontrabandaga kurashish uchun o‘ylab topilgan IMEI nizomi, kontrabandaga umuman ta’sir qilmadi - shu eski toz, eski xammom, Malika yarmarkasi birovni nomiga ro‘yxatga olingan telefonlar bilan to‘lib yotibdi. Oxirgi paytlarda bunaqa telefonlar va’da bilan sotilmoqda ekan - ya’ni, siz sotib oling biz bir oyda ro‘yxatdan o‘tkazib beramiz. O‘xshamasa - pulini qaytarib beramiz ekan.

Eng qizig‘i kontrabanda telefonni kim va qaysi yo‘llar bilan olib kirishini deyarli ko‘pchilik biladi, lekin xech nima qilmaydi. Xazanov bir miniatyurasida aytgandik - kim, qayerda, qachonligini bilamiz, barmoq izlari, yashirin kamera tushirilgan videosi, guvohlar bor - lekin xech narsani isbotlay olmaymiz
”¸ deb yozdi Telegramdagi Kurbanoff.yoq kanali muallifi.

Bloger Otabek Bakirov esa¸ huquq tizimlari boshlagan tergov-surishtiruvda “pasport ma’lumotlarining o‘g‘irlanishi va chetdan kirib kelayotgan fuqarolarning pasport ma’lumotlarini IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish uchun foydalanilishi ildizini Karantin markazlari atrofidan izlash kerak”ligini ta’kidladi.

Mart oyidan buyon O‘zbekistonga kirgan fuqaro borki, Karantin markazlariga joylashtirilmoqda. Pasportlar ham ayni shu markazlarda yig‘ishtirib olinadi.

Nima deb o‘ylaysiz, balki noqonuniy telefon importi va Karantin markazlari o‘rtasida balki qandaydir bog‘liq bordir. O‘ylab ko‘ring. Buni balki surishtiruv va tergov aniqlar.

Nimagadir xavfsizliging uchun erkinligingdan voz kechsang, xavfsizlik ham erkinlik ham bo‘lmaydi, degan matal yodga kelmoqda
”¸ deb yozdi Telegramdagi bakiroo kanali avtori.

O‘zbekistonlik taniqli noshir Firuz Allayev esa¸ bu xabar ortidan “IMEI bilan bog‘liq muammo, sabab va yechimlar” deb nomlangan maqola e’lon qildi.

“Muammoning sabablari, yechimlari, xalq va davlatga zarari haqida” deb taqdim etilgan maqolasida Allaev muammoning ildizi “haqiqiy bozor qonuni amal qilmasligiga borib taqalishini yozdi.

Haqiqiy bozor qonuni amal qilgan joyda, kim mahsulotni arzon taklif qilsa, o‘sha ko‘proq savdo qiladi. Natijada telefon sotuvchilari telefonning narxini arzonlashtirish ustida bosh qotirishdi va yangi kombinatsiyalar o‘ylab topishdi. Mana shu kombinatsiyalardan biri telefonlarni oldingidek kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, chet elga chiqib kelgan fuqarolar pasportiga ro‘yxatdan o‘tkazishdir. Atrofdagi tanish-bilishlar nomiga minglab telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish imkonsiz. Demak, ma’lum bir sotuvchilar chet eldan kirib kelgan qaysidir fuqarolarning pasport ma’lumotlarini sotib olib, ularning nomiga yangi IMEIlarni ro‘yxatdan o‘tkazib boshlashdi”¸ deb yozadi Firuz Allayev.

Bloger¸ davlat himoyasiga olingan fuqarolarga oid shaxsiy ma’lumotlarning qora bozor(donasiga 5 dollar)da savdo obyektiga aylanganiga bunday “noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash” yechim bo‘la olmasligini ta’kidlaydi.

Muammo nopok sotuvchilardan ko‘ra noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizimdadir. Bu muammolar tizim boshdan-bosh mukammal o‘ylanmaganligi sababli paydo bo‘lmoqda. Dastlab, telefonlar narxi keskin oshgan bo‘lsa, undan so‘ng fuqarolar va biznes uchun noqulayliklar yaratadigan mana bu kabi muammolar paydo bo‘ldi. Natijada hamma yutqazmoqda. Turli manbalardan qidirdim, lekin O‘zbekiston telefonlar sotuvi bo‘yicha statistikani olish imkoniyati afsuski bo‘lmadi. Deylik, taxminan O‘zbekistonda bir oyda 30000 dona telefon sotiladi. O‘rtacha narx 300 dollar deydigan bo‘lsa, bu 9 million dollarni, bir yilga 108 million dollarni tashkil qiladi. 25 foiz soliqni hisobga olsak, bir yilga 280 milliard so‘m atrofidagi soliqlar muammo sababli davlat byudjetiga kelib tushmaydi.

Demak, telefonlar bozorida savdoni qonuniylashtirish uchun xarajatlarni kamaytirish va tizimdagi muammolarni yechish har doimgidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Davlat hech narsasiz qolgandan ko‘ra, yil boshida joriy qilingan 10 foizlik bojxona to‘lovini bekor qilib, telefon importiga faqatgina 15 foizlik QQSni qoldirsa, soliqlar yuki kamayganini evaziga tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Shuningdek, UzIMEI ro‘yxatidan o‘tkazishni telefon import qiluvchilarga mutlaqo tekin qilish yoki ramziy bir dollar atrofida belgilash mumkin, Natijada qonuniy va noqonuniy mahsulot o‘rtasidagi narxdagi tafovut arzimagan miqdorga tushadi va qonunni buzib, o‘zini xavf ostiga qo‘ygandan ko‘ra tadbirkor ham yaxshisi qonuniy ishlashni, soliqlarni to‘lashni ma’qul ko‘radi”.

Parlament jamoatchilik petitsiyasini e’tiborsiz qoldirmoqda

O‘zbekistonliklarning xorijdan o‘zi uchun telefon olib kirishini cheklash¸ bunday telefonlar IMEI kodini bir oy ichida pullik registratsiya qilish tartibi ular joriy etilgan 2019 yildan beri keskin e’tirozlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

O‘zbekistonliklar shaxsiy telefonini hozirda bir oy ichida 44 600 so‘m¸ bir oydan kechiksa¸ 55 750 so‘m to‘lab UZIMEI tizimida qayddan o‘tkazmasa¸ u mahalliy operator SIM kartasi bilan ishlamaydi.

Bunday tizimdan norozilar 2019 yil oxirida Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portalida petitsiyasi yozgan va 2020 yil fevraliga kelib 20 mingdan oshiq imzo to‘plagan bu petitsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan edi.

Parlamentga topshirilgan jamoatchilik so‘rovi.
Parlamentga topshirilgan jamoatchilik so‘rovi.

Petitsiyadagi so‘rov o‘rganilayotganini bildirgan Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hozirgacha bu jarayonga oid jamoatchilikka biror ma’lumot bergan emas.

10 mingdan oshiq imzo to‘plagan jamoatchilik so‘rovini muhokama qilishi shart bo‘lgan deputatlarning bu so‘rovni olti oydan beri e’tiborsiz qoldirib kelayotgani ham o‘zbekistonliklar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Mening fikrim portalida bu mavzudagi so‘nggi sharhlarga qaralsa¸ jamoatchilikning o‘z so‘roviga "saylangan xalq vakillari"dan javob kutayotgani ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG