Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:44

O‘zekspomarkaz”dagi COVID-markazda shifokorlar ish tashlamoqchi ekanini bildirdi (AUDIO)


Koronavirusga shubha qilingan bemorlar uchun 500 o‘rinli statsionar iyul oxirida Toshkent shahar hokimligi ko‘magi bilan "O‘zekspomarkaz” pavilyonida ochilgan edi.
Koronavirusga shubha qilingan bemorlar uchun 500 o‘rinli statsionar iyul oxirida Toshkent shahar hokimligi ko‘magi bilan "O‘zekspomarkaz” pavilyonida ochilgan edi.

5 sentabrda Toshkentning Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz”da joylashgan koronavirusga chalingan bemorlarini taqsimlash markazida ishlayotgan o‘nlab shifokor va hamshiralar ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda shifokorlar avgust o‘rtalaridan ikki smenada kuniga 12 soatdan ishlaganliklari, ammo shunga yarasha maosh olmaganliklarini arz qildi.

Shifokorlarning biridan Ozodlikka kelgan audioda yig‘ilish jarayoni aks etgan bo‘lib, unda shifokorlar, agar ularning muammolari hal qilinmasa, ish tashlashlari mumkinligini bildiradi.

Koronavirusga shubha qilingan bemorlar uchun 500 o‘rinli statsionar "O‘zekspomarkaz” pavilyonida iyul oxirida Toshkent shahar hokimligi ko‘magi bilan ochilgan edi.

Hokimlik ishga qabul qilingan shifokorlarga 15 million so‘m oylik har kuni bo‘lib-bo‘lib berib borilishini va’da qilgan.

Markazning kadrlar bo‘limi xodimi Ozodlikka oyliklar shifokorlarga to‘liq berilishini va’da qildi.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:12 0:00
Бевосита линк

Ismi oshkor etilishini istamagan jizzaxlik shifokorning Ozodlikka aytishicha, 5 sentabr kungi yig‘ilishda o‘nlab shifokor va markaz kadrlar bo‘limi boshlig‘i qatnashgan:

- Hamma norozi. Ish tashlaymiz, deyishyapti. Ro‘zg‘orga yordam bo‘lsin, deb xavfli bo‘lsa ham katta oylikka rozi bo‘lib kelganmiz. Poliklinikada oyiga 1 million so‘m bersa, bu yerda ikki haftada 15 baravar ko‘p pul ishlash mumkin, deb kelganmiz. Bizni Aloqa institutining yotoqxonasiga joylashdi. Ish soati aniq belgilanmagan shartnomani imzolatishdi. Kuniga 12 soatdan bayram kunlari ham ishladik. 15 kun shu tartibda ishlaysizlar, 15 kun dam olasizlar, oylik har kuni beriladi, deb shunday ishlashga bizni ko‘ndirishgandi. 5 sentabr kuni hammani yig‘ib, dabdurustdan bir oylik ish rejimiga o‘tganimizni aytishdi. O‘n kun kuniga qiynalib 4 soatdan ortiqcha ishlaganimiz hisoblanmas ekan. Shunga 100 foiz hamma norozi. Ish tashlaymiz deyishdi.

5 sentabr kuni taqsimlash markazidagi yig‘ilishdan yozib olingan va Ozodlikka sizdirilgan audioda ba’zi shifokorlar, maoshlari to‘liq hisoblab berilmasa, ish tashlash bilan tahdid qilishadi.

"Shu paytgacha ishlagan pulimizni bering, hoziroq hammamiz ketamiz ishdan", deb arz qiladi shifokorlardan biri.

Kadrlar bo‘limi xodimi esa "ish sharoitidan norozi bo‘layotganlar bo‘lsa bugunoq ariza yozib ishdan ketishlari mumkin", deydi.

"12 soat tik oyoqda"

Toshkentlik ismi ochiqlanishini istamagan boshqa bir shifokor ham “O‘zekspomarkaz”dagi statsionarda 25 avgustdan har kuni bemorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davolashda ishtirok etganini gapirar ekan bunday dedi:

- Yaqinda ToshMIni tugatdim. Asosan yoshlarni olishayotgan ekan, ota-onam qarshiligiga qaramay, shu yerga ishga kirdim. Kuniga ikki-uch soat uxlaymiz xolos. 12 soat tik oyoqda xizmat qilamiz. Bemorlar juda ko‘p. Ularning barchasi og‘ir, muntazam parvarishga muhtoj. Harorati ko‘tarilishi, saturatsiyasi o‘zgarishi mumkin. Bu paytda doim ustida turish kerak. Biz shifokorlik kasbi haqqi-hurmati hayotimizni tikib, shunday sharoitda ishlashga rozi bo‘lyapmiz. Chunki oylikni to‘liq bermasa bemorlarda ayb yo‘q-ku!? Shuning uchungina ishlayapman. Ko‘pchilik ish tashlaymiz, deb turishgandi.

O‘zbekiston Mehnat Kodeksining 115-moddasiga ko‘ra, xodim uchun ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Olti kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida esa, 8 soatdan ortib ketmasligi lozim.

Toshkent shahar hokimligi 21 iyul kuni o‘z rasmiy saytida “O‘zekspomarkaz”da joylashgan koronavirusga chalingan bemorlarni taqsimlash markaziga malakali shifokorlar va hamshiralar ishga olinishini e’lon qilgandi.

500 o‘rinli statsionarda ishlashni xohlagan vrachlarga 15 million so‘m, hamshiralarga 10 million so‘m, kichik tibbiyot xodimlari, sanitarlarga 5 million so‘mdan oylik maosh va’da qilingandi.

Ishga olingan shifokorlar bepul ovqat, turar joy bilan ta’minlanishi, ish haqi har kuni berib borilishi aytilgandi.

Biroq shifokorlar o‘n kun davomida hayotini xatarga qo‘yib, koronavirus yuqqanlarni davolash ishlarida bevosita ishtirok etganlariga qaramay, ularga bor yo‘g‘i ikki marta maosh berilganini aytishdi:

- 10 kun ishlagan bo‘lsak, 500 ming so‘mdan ikki marta pul berishdi. 10 kun 12 soatdan ishlagan bo‘lsak, ortiqcha ishlagan 40 ish soati hisobga olinmagan, kuniga 8 soatdan hisoblashyapti, - deydi jizzaxlik shifokor.

Taqsimlash markazining Ozodlik bog‘langan kadrlar bo‘limi xodimi oyliklar shifokorlarga to‘liq berilishini va’da qildi:

- Ishga olinganlarida ular 12 soatlab ishlashga rozi bo‘lgan. Shunda ham 12 soatning 4 soati dam olish uchun, deb belgilangan. Bepul ovqat berilyapti. Avtobuslarda olib boriladi, olib kelinadi. Sharoitlar yaxshi. 10-15 million so‘m oylik qayerda bor?! Oyliklar beriladi, hech kim urib qolmaydi, shu yig‘ilishda hammasi aytildi ularga.

Prezident rag‘batlantirish pullari berilmayapti

Bundan oldin O‘zbekistondagi boshqa ba’zi kasalxonalarda shifokorlar koronavirusga chalinganlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davolashda ishtirok etganlarga va’da qilingan prezident rag‘batlantirish pullari berilmayotgani haqda arz qilishgandi.

O‘zbekiston prezidentining 26 martda imzolangan 4652-sonli qarorida koronavirus bemorlari bilan muloqotga kirishadigan, ular joylashtirilgan obyektlarda hamda infektsiyani aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlariga har 14 kunlik mehnati uchun 5 million so‘mdan 25 million so‘mga qadar rag‘batlantirish pullari berilishi ko‘zda tutilgan.

Jizzax shahar hamda Namanganning Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limi xodimlari 6 sentabr kuni Ozodlikka murojaat qilib, prezident va’da qilgan rag‘bat pullarini olmaganliklarini aytishgan.

- Har kuni maskada yopiq karantinda ishlaymiz. Buning uchun hali bir tiyin qo‘shimcha pul olganimiz yo‘q, - deydi chortoqlik shifokor.

Jizzax shahar Yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamshirasi ham: "Biz 25, 15, 10 million so‘m so‘rayotganimiz yo‘q.(Aslida shuni so‘rashga haqlimiz Covid 19). Hech bo‘lmasa prezident va’da qilgan rag‘bat pulini berishsin!", deb yozdi Ozodlikka.

Ozodlik nega xavfli koronavirus yuqtirib olgan bemorlarning sog‘ligi uchun o‘z hayotini xatarga qo‘ygan shifokorlarga va’da qilingan rag‘bat pullari berilmayotgani yuzasidan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidan izoh ololmadi.

Vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayevning qo‘l telefoniga kun davomida tushib bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG