14 sentabr kuni mahalliy matbuot prezident Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror imzolagani haqida xabar berdi.
Hozircha bu qarorning to‘liq matni rasmiy manbalarda e’lon qilingani yo‘q.
Qarorning asosiy o‘rinlariga oid matbuot xabarlarini o‘qib¸ Ozodlikka fikr bildirgan tashqi migratsiya mutaxassislari bu qarorni “hukumatning ishga yaroqli millionlab aholini ish bilan ta’minlay olmasligini e’tirof etish” sifatida baholadi.
Ayni paytda bu qaror tanqidchilari uning ayrim jihatlarini siyosiy jihatdan qaltis¸ huquqiy jihatdan esa¸ xalqaro konvensiyalarga zid deb baholadi.
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi¸ Tashqi migratsiya agentligi rasmiylaridan hozircha bu qarorga izoh olish imkoni bo‘lmadi.
Qaror nima haqda?
Qarordan ko‘zlangan maqsad¸ rasmiy iddaoga ko‘ra¸ ishsiz o‘zbekistonlikning xorij¸ birinchi galda Rossiyada ish topib¸ unga moslashish jarayonini tashkillashtirishdir.
Qaror bilan¸ o‘zbekistonliklarni “tashkillashtirilgan ravishda” xorijga ishga jo‘natish jarayonini boshqarish vakolati amalda Tashqi migratsiya agentligidan mahalliy hokimlarga olib berildi.
Hokim o‘rinbosarlari Migratsiya agentligining hududiy bo‘linmalarini boshqaradi¸ “vazifalar samaradorligini esa” hokimlar nazorat qiladi.
Chetga ketayotganlarga ish beruvchi topish¸ ular bilan mehnat shartnomasi imzolash¸ bo‘lajak mehnat migrantini yangi kasbiga o‘qitish bilan Tashqi migratsiya agentligining hokimga hisob beradigan hududiy bo‘linmalari shug‘ullanadi. Bu ishlar uchun pulni hokimlar “ mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari” (ochiqlanmagan – tahr.)dan olishi kerak.
Qarorga ko‘ra¸ “2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni ishga yuborishdan oldin majburiy tartibda kasb-hunarga o‘qitish va ularga sertifikat berish tizimi joriy qilinadi”.
Xorij¸ asosan¸ Rossiyaga ketayotganlarni til va kasb-hunarga o‘qitish bilan Moliya vazirligi qoshidagi “Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi” mablag‘i hisobidan tuzilgan “Ishga marhamat” monomarkazlari shug‘ullanadi.
Bu markazlarga qo‘shimcha ravishda¸ qarorda yozilishicha¸ 13 ta kollej va 13 ta texnikumda (jami yillik quvvati 20,2 ming o‘quvchi) mehnat migrantlari uchun qisqa muddatli (3 oygacha) kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslari tashkil etiladi; davlat mablag‘i hisobidan yirik xorijiy ish beruvchilar mutaxassislari kelib¸ o‘zbekistonlik bo‘lajak mehnat muhojirlarini o‘qitadi.
Prezident qarori bilan¸ xorijga ish izlab ketmoqchi bo‘lib¸ biletga pul topolmay yurganlarga ham chipta puli beriladigan bo‘ldi – pulsiz va ishsiz o‘zbekistonlik davlat jamg‘armasidan bir yilda qaytarish sharti bilan 10 million so‘m mikroqarz olishi mumkin.
Qarorga ko‘ra¸ joriy yil oxiriga qadar Rossiya Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston hududida pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochib¸ o‘zbekistonlik ishchilarga patent berishni yo‘lga qo‘yadi. Ayni paytda¸ Tashqi migratsiya agentligi Rossiya¸ Qozog‘iston va Turkiyaning o‘zbekistonliklar ko‘p bo‘lgan shaharlarida o‘z vakolatxonasini ochadi.
Davlat organlari tomonidan mehnat migratsiyasiga ketayotganlar 2021 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxs deb tasniflanadi va soliqqa tortiladi.
Hozircha rasman e’lon qilinmagan qaror¸ xususan uning nega aynan pandemiya davrida¸ minglab o‘zbekistonliklar ishsiz qolib¸ vataniga qaytishga majbur bo‘layotgan bir paytda qabul qilinganiga biror izoh yoki sharh berilmadi.
Ozodlik 16 sentabr kun davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi¸ Tashqi mehnat agentligi rasmiylaridan izoh olishga urindi. Ozodlik bog‘langan mulozimlar bu qarorni sharhlay olmasligini bildirdi¸ sharhlash vakolati bor rasmiylar esa telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Qaror mustaqil kuzatuvchilar tanqidiga uchradi
Ozodlik asosiy o‘rinlari mahalliy matbuotda yoritilgan prezident qarorini sharhlashni so‘rab¸ Rossiyadagi Migrantlarni o‘qitish mintaqaviy markazi rahbari¸ huquqshunos Maxsud Abdujabborov va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadagi ilk diaspora guruhi - “Vatandosh” jamiyati raisi, yana bir huquqshunos Usmon Baratovga murojaat qildi.
Usmon Baratov bu qarorni Mirziyoyev hukumatining iqtisodni ko‘tarish¸ ishsizlikni kamaytirish haqidagi va’dalaridan qaytish nuqtasi sifatida baholadi.
- Shavkat Mirziyoyev to‘rt yil oldin prezidentlikka kelganida O‘zbekistonda zavod va fabrikalar quramiz¸ tadbirkorlikka imtiyozlar beramiz va shu orqali chet ellarda sarson yurgan vatandoshlarimizni vatanga qaytaramiz¸ degan katta-katta va’dalar bergan edi. Populizm uzoqqa bormadi¸ zavod-fabrikalar qurilmadi¸ ish o‘rinlari yaratilmadi va bu qaror bilan prezident bilagida kuchi bor o‘zbekistonlikka¸ "qani chetga chiqib¸ o‘sha yerda kuningni ko‘r"¸ deyapti. Bu qaror O‘zbekistonning xorijga arzon ish kuchi eksport qiluvchi davlat ekanini rasman tan olishdir¸ deydi Baratov.
Bu qarorni 30 yildan beri davom etib kelayotgan tashqi migratsiya oqimi ustidan davlat nazoratini o‘rnatishning kechikkan urinishi sifatida baholagan Maxsud Abdujabborov ham¸ uning samara berishiga ishonmasligini bildirdi.
-O‘zbekistondagi mehnat migratsiyasi xufyona jarayon. Chetga ish qidirib ketayotgan o‘zbek hokimiyat yoki IIBga borib¸ men Rossiyaga pul ishlashga ketyapman¸ demaydi. Qarordagi asosiy jihatlardan biri¸ ish izlab ketadiganlarni til va hunarga o‘qitish¸ ularga sertifikat berishni majburiy qilishdir. Bu ishni qanday qilishmoqchi¸ tushunmadim. Bunaqa proyektlar Qirg‘iziston va Tojikistonda 6 yil oldin qo‘llanilgan¸ ammo biror samara bergan emas.
Maxsud Abdujabborov prezident qarori bilan “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatining kengaygani va majburiy sertifatni olish uchun talab etiladigan til va kasb kurslarini uyushtirishning aynan shu markazlarga berilganiga e’tibor qaratadi.
- Tushunishimcha¸ bu markazlar pulni davlat byudjetidan oladi. Davlat puliga asosan rus tilini o‘qitish¸ yirik xorijiy kompaniyalarga ishga kirish uchun zarur kasbga o‘rgatish¸ buning uchun xorij kompaniyasi mutaxassislarini olib kelish bilan shug‘ullanadi. Biror davlatda bunaqa ishlar davlat puliga qilinmaydi. Qaysi xorij kompaniyasiga arzon ishchi kerak bo‘lsa¸ tilga ham¸ hunarga ham o‘zi pul sarflab¸ o‘zi o‘qitib olishi kerak. Bu davlat byudjetidan milliardlab pulni noto‘g‘ri sarflashdir.
Mehnat muhojirini soliqqa tortish xalqaro kelishuvlarga ziddir
O‘zbeklarning Moskvadagi “Vatandosh” jamiyati rahbari Usmon Baratov¸ prezident qarori bilan 2021 yildan mehnat muhojirlarining o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliqqa tortilishini huquqiy jihatdan xato harakat deb baholadi.
-1993 yil 22 yanvarda imzolangan Minsk konvensiyasi bor. O‘zbekistonda ratifikatsiya qilingan bu konvensiya¸ MDH davlatlarining birida soliq to‘lagan fuqaroning boshqasiga soliq to‘lamasligiga huquqiy asos yaratgan. Xalqaro standartlarga ko‘ra ham bir odamni ayni ishi uchun ikki tomonlama soliqqa tortish mumkinmas. O‘zbek migranti Rossiyada patent to‘lab ishlayapti. Patent aynan o‘rtacha hisoblangan daromaddan olinayotgan soliq aslida. Ana shu patent to‘lovlari asosida o‘zbekistonlik migrant¸ ishlagan yiliga qarab¸ Rossiyadan yoki O‘zbekistondan pensiya olishga haqli. Yangi qarorni huquqiy savodsizlik namunasi deb bilaman.
Ozodlik gaplashgan kuzatuvchilar¸ Toshkent hukumatini pandemiya davrida bo‘shab qolgan byudjetdagi kamomadni to‘ldirishni mehnat muhojiri yelkasiga tashlayotganlikda aybladi.
-O‘zbeklar chet elga havasga mardikor bo‘lib ketayotgani yo‘q. Ko‘pchiligining Rossiyadagi hayoti nihoyatda og‘ir. Mirziyoyev hukumati bunaqa qaror bilan bir necha quyonni bitta o‘q bilan urmoqchi. Birinchisi¸ ishsizlikni Rossiya¸ Qozog‘iston¸ Turkiya va Koreyaga mardikor yuborish bilan yopmoqchi. Ikkinchisi¸ qashshoqlashib borayotgan mamlakatda ijtimoiy portlash oldini olmoqchi. Bilagida kuchi bor¸ lekin na ishi¸ na puli va na kelajagi yo‘q yoshlar erta-bir kun ko‘chaga chiqadida. Bularni chet elga¸ asosan Rossiyaga yuborish bilan hukumat ularni huquqiy bo‘shliqqa otmoqda. Rossiyada o‘zbek mardikori deyarli odammas¸ u patent to‘laydi¸ lekin huquqi yo‘q. Rossiyaning istagan idorasi ularni istagancha kamsitishi mumkin¸ O‘zbekiston hukumati ko‘zini yumib ketaveradi. Uchinchisi¸ hokimga qaraydigan qandaydir monopollashgan o‘quv markazlari¸ xorijdagi diasporalar tashkillashtiradigan til va hunar kurslari orqali davlat byudjetidan katta pulni o‘zlashtirishning yana bir kanali ochiladi. Bu esa¸ korrupsiya degani¸ deydi Usmon Baratov.
Rasmiy raqamlarga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklarning kamida 2 millioni xorijda mehnat muhojiratida yashamoqda. Bu esa¸ ishga yaroqli aholining 20 foizi demakdir. Ulardan 1¸5 millionining Rossiyada ekani aytiladi. Norasmiy manbalar esa¸ bu raqamning kamida ikki baravarga ko‘pligini aytib kelmoqda.