Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:23

"Shuhrat" ordenli G‘aniyevning mojaroli shuhrati


Shuhrat G‘aniyev
Shuhrat G‘aniyev

25 - sentabr kuni Farg‘ona viloyatining 52 yashar hokimi Shuhrat G‘aniyev Bosh vazirning Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egalladi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida muntazam tanqid qilinadigan G‘aniyevning lavozimdagi hayoti “o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” deya ta’riflanadi.

G‘aniyevni yaxshi bilgan farg‘onalik jurnalistning Ozodlikka aytishicha¸ "Shuhrat Madaminovich o‘z tabiatiga ko‘ra krizis davrining jasur menejeridir".

"Harbiy komendantlarga xos xususiyat bu. Shuhrat Madaminovichning tortmasida tabel pistoleti turganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Pistoletning yonida desant qo‘shinlari armiya albomi ham turgan edi. Masalani tez va effektiv va ma’muriy bosim bilan¸ ba’zan qonunni aylanib o‘tib yechish u kishiga xos xususiyat. Ishchi kuchi ko‘p va yer o‘ta oz¸ diniy nizolar doimiy mavjud bo‘lgan¸ etnik tarkibiga ko‘ra ko‘p millatli Farg‘ona viloyatida birinchi rahbar bo‘lish favqulodda qiyin. Ammo Shuhrat Madaminovich bu ishni mavjud sharoitlarda nisbatan qoniqarli ado qildi”,- dedi suhbatdosh.

Shuhrat G‘aniyev 2012 - yilda Farg‘ona viloyati hokimligiga tayinlanganidan buyon o‘tgan 8 yil mobaynida o‘nlab mojaro markazida qoldi. Bu janjallar ta’rifi Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan 2016 - yildan boshlab o‘zbek blogosferasi mundarijasidan doimiy o‘rin ola boshladi.

Joriy yil yanvarida "Amerika ovozi" muxbiriga bergan suhbatida G‘aniyev “o‘zini mazax qilgan¸ o‘zi haqida salbiy maqola yozgan yoki audiosini tarqatgan biror blogerni ta’qib qilmagani va maxsus qidirtirib, jazo berish istagi ham yo‘qligini “ aytgan edi.

Ammo joriy oy boshida Farg‘ona viloyat hokimi ishdan olinishini talab qilgan so‘xlik blogerning qamoqqa olinishi, norozilarning so‘roq qilingani ortida G‘aniyev turgani aytiladi.

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimovaga ko‘ra¸ “G‘aniyev hech qachon jurnalistlarning do‘sti bo‘lmagan. Doimo jurnalistlarni ta’qib qilgan. Majlislarda ularning ba’zi mavzularida savol berishini taqiqlab qo‘ygan".

Ozodlik bilan suhbatda Madrahimova viloyat rahbari o‘zidan "yomon ot" qoldirganini aytdi.

U kishining ko‘p qarindoshlari Farg‘onada ma‘sul lavozimlarda ishlaydi. Ukasi o‘g‘it sotish bilan bog‘liq shubhali sxemalarni amalga oshirib keladi, degan gumonlar bor. G‘aniyev viloyat jurnalistikasi¸ xalq ta’limi va ijtimoiy sohaga biror hissa qo‘shgani yo‘q. O‘zidan yomon ot qoldirdi. Bu yomon ot qoldirishga uning matbuot xizmati ham hissa qo‘shdi”, - deydi Sharifa Madrahimova.

Jurnalistga ko‘ra, 2019 - yilda “Mehnat shuhrati ordeni” bilan taqdirlangan Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq janjallarni birin-ketin yozib chiqilsa, u kishi haqida xolis tasavvur hosil bo‘ladi.

Shuhrat G‘aniyev Senatda izza qilingan yagona hokim
Shuhrat G‘aniyev Senatda izza qilingan yagona hokim

Toshloqdagi “haromilar”

2018 - yilning yanvarida o‘tkazilgan videoselektor paytida viloyat hokimi G‘aniyev toshloqliklarni “haromi” deya haqoratlaydi va ularning xaj safariga borishiga taqiq qo‘yganini aytadi.

Bu dashnom 2018 - yilning 18 - yanvarida Rossiyaga ketayotgan avtobusda toshloqliklarning yonib ketgani munosabati bilan aytilgan edi.

“Kolxoz raisi”

Oradan 6 oy o‘tgach, 2018 - yilning 21 - iyunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati hokimi haqida salbiy fikr bildiradi:

«Farg‘ona viloyati hokimidan nima uchun noroziman. Uning yoniga ikki odamimni olib borib qo‘ydim. Akmal Ortiqovni, Teshayevni (Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Akmalxon Jo‘raxonovich Ortiqov viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevga birinchi o‘rinbosar, sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Shuhrat Jo‘raqulovich Teshayev qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlandi - tahr.) Kechirasizlaru, Farg‘ona viloyati hokimi - katta bir kolxoz raisidek. Men bunday odam bilan islohot qila olmayman. Qila olmayman".

2019 - yilning 2 avgustida Mirziyoyev Rishton tumanidagi uy buzilishlarda "viloyat hokimi aybdor" deya G‘aniyevni tanqid qiladi.

“O‘tinib-o‘tinib" so‘ralgan uzr...

2019 - yilning 3 - avgustida Shuhrat G‘aniyev “O‘zi yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun” matbuot orqali uzr so‘raydi.

Oradan bir oy o‘tib, 2019 - yining sentabrida Ozodlik Shuhrat G‘aniyevning “soqol qo‘ygan erkak va hijobli ayollarni so‘kib haqorat qilganiga” oid audioni yoyinlaydi.

Hokimlik matbuot xizmati avvaliga bu audio "yolg‘on"deya rad etadi, ammo masala Oliy Majlis Senati Reglament va etika qo‘mitasi kun tartibiga chiqqanidan so‘ng, hokimlik bu voqea haqiqatan bo‘lganini tan oladi.

Senat muhokamasida Shuhrat G‘aniyev aybini tan olib, "o‘tinib-o‘tinib" uzr so‘raydi. Senat qo‘mitasi G‘aniyevga “qattiq xayfsan” berib, uch oylik sinov muddati tayinlaydi.

Oradan bir oy o‘tib, G‘aniyevning O‘zbekiston saylov tizimi haqida gapirgan gapi ovoza bo‘ladi. 2019 - yilning oktabr oyida G‘aniyev hokimlik mulozimlariga qarata: “O‘zbekistonda deputatlar yuqorining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Ular saylanmaydi”, deydi. O‘zbekiston MSK bu bayonotning asossiz ekanligini aytib, raddiya beradi.

Blogerga janoza o‘qish

2019 - yil oxirida Ozodlik G‘aniyevga oid yana bir audioni yoyinladi. 2 - dekabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishidan yozib olingan audioda G‘aniyev Quvada gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sish voqeasini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygan shaxsning “janozasi o‘qilmagani” uchun Quva tumani hokimini tergaydi.

2019 - yil davomida janjallar girdobida qolgan G‘aniyev o‘sha yil so‘ngida O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan “Mehnat shuhrati" ordeniga loyiq ko‘riladi.

Marg‘ilon shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan Shuhrat G‘aniev 1992 yilda Toshkent qishloq xo‘jalik institutini tugatgan.

U 2019 - yilning 2 - fevralida MDH internatsionalist jangchilar qo‘mitasi raisi Aleksandr Kovalevdan “Sovet vataniga xizmat qilgani uchun” degan ordenni qabul qilib olgan edi.

Rossiya targ‘ibot nashrlari"orden Shuhrat G‘aniyevga 1987 - yildan 1989 - yilgacha Afg‘onistondagi sovet desantchi qo‘shinlari tarkibida xizmat qilgani uchun berildi", deb yozgan.

G‘aniyevning sovet ishg‘olchi kuchlari tarkibida Afg‘onistonda xizmat qilgani haqida uning rasmiy biografiyasida ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG