Ozodlik surishtiruvi ortidan asakalik 31 yashar erkakning yosh qizaloqlarga jinsiy tegajog‘liq qilgani yuzasidan da’vogar ota-onalarning huquq-tartibot idoralariga murojaati nazoratga olindi.
Bu haqda Ozodlikka Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova 2 - oktabr kuni ma’lum qildi.
Ozodlik surishtiruvi jarayonida holatdan xabardor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bolalarga qarshi jinsiy zo‘ravonlikning "kechirib bo‘lmas jinoyat ekani"ni urg‘uladi.
Tergovgacha dastlabki surishtiruvni olib borgan Asaka tuman IIB tergovchisi Ozodlik bilan suhbatda tegajog‘lik hodisasi yuz berganiini tasdiqladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hodisa yuzasidan tergovgacha surishtiruv ishlari tugallanib, ish Asaka shahar prokuraturasiga oshirilgan.
Tergovchining aytishicha¸ joriy yilning 22 - sentabr kuni tegajog‘lik qurboni bo‘lgan qizlardan biri tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan va uning "iffatiga zarar yetmagani" aniqlangan.
"Nega voqeadan 17 kun o‘tib, tibbiy ko‘rik o‘tkazildi?" degan savol ochiq qolayotir.
Tergovchi jinoyatning voyaga yetmaganlar bilan bog‘liqligi vajidan tibbiy ekspertiza xulosasini Ozodlikka taqdim eta olmasligini bildirdi.
Ekspertiza xulosasi qizning ota-onasiga ham berilmagan.
Pedofillikda gumonlanayotgan shaxsning ismi va yashash manzili hamda yuzlashtirish chog‘ida olingan tezkor suratlar Ozodlik ixtiyorida mavjud.
Tergovchining aytishicha¸ bu qilmish yuzasidan to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 129 - moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat tarzida malakalash uchun yetarli.
Modda “shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda, unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish” deya nomlanadi.
Bu jinoyatda aybdor, deb topilgan shaxs "uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash" bilan jazolanadi.
Tergovga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha¸ dastlabki surishtiruv chog‘ida gumonlanuvchi "o‘z aybiga iqror bo‘lgan".
Gumondor bilan yuzlashtirish chog‘ida tegajog‘lik qurboni bo‘lgan 6 va 7 yasharlik uch nafar qizcha “aynan shu odam ularga tegajog‘lik” qilganini aytib, ko‘rsatma berishgan.
Gumonlanuvchidan shaharni tark qilmaslik borasida tilxat olinib, tergov va sudga kelish sharti bilan qo‘yib yuborilgan.
Asaka tumanida joriy yil 4 - sentabrida 31 yashar erkak (ism-sharifi Ozodlikka ma’lum - tahr.) ikki nafar 6 va bir nafar 7 yashar qizni “quyon ushlab beraman” deb aldab, bedapoyaga olib kirib, tegajog‘lik qilgan.
Bu haqda Ozodlikka gumonlanuvchini "voqea ustida ushlagani"ni aytgan MFY faollaridan biri gapirib berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra¸ hozir mahallaga navbatchi qo‘yilgan.
Tegajog‘lik qurboni bo‘lgan 7 yashar M. ismli qizning otasi, 32 yashar kasalxona ishchisi M. J. Ozodlik bilan 1 - oktabr kuni bo‘lgan suhbatda¸ qiziga jinsiy tegajog‘lik qilgan shaxs "ochiqda yurgani"dan xavotir bildirdi.
“Yetti yashar qizim xamma gapni to‘liq aytmayapti. Xotinim ham gaplashib ko‘rdi qizim bilan. O‘sha uyat ish qismiga kelganda, tili tutilib, yig‘layapti. Shu voqea bo‘lganidan beri ruhiy holati yaxshi emas. Negadir ishni asossiz cho‘zishmoqda. Men bu ish yuzasidan Bosh prokuraturaga ham ariza tashladim. Arizam qabul qilingani haqidagi hujjat nusxasi bor. Lekin nega mening 7 yashar, qo‘shnilarimning 6 yashar qizlarini bedapoyaga olib kirib, jinsiy tajovuz qilgan shaxs ochiqda yuribdi? Kim meni va qizimni himoya qiladi?”
Ozodlik bilan bir soatlik suhbat chog‘ida qizning otasi M.J. voqea sodir bo‘lgan paytda bedapoya egasi kelib qolgani bois gumondor qo‘lga olinganligini aytdi.
“Qizlarga tegajog‘lik qilayotganda mahalladagilar ushlab, militsiyaga berishdi. Lekin chertishgani yo‘q. Militsiya ishni cho‘zib - cho‘zib, prokuraturaga o‘tkazdi. Haliyam jinoyat ishi ochilmadi. Qizimni qo‘lidan tutib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Nomus-iffati joyida. Ammo yechintirib, shahvoniy, uyatsiz ishlar qilgan o‘sha odam. O‘sha odam ozodlikda yuribdi, aybini tan olsa ham. Mahalladagi yosh qizlar uni tanib, yozib berishdi. Lekin nimagadir prokuratura va IIB bu ishni cho‘zib yuboryapti, yosh qizlarimiz maktabga borgani qo‘rqishyapti", - deydi tegajog‘lik qurboni bo‘lgan qizning otasi.
Ozodlik tegajog‘lik qurboni bo‘lgan qizlardan biri bilan suhbatlashdi. M. ismli 7 yashar qiz o‘ziga nisbatan qilingan tegajog‘lik tafsilotlarini so‘zlab berdi. Ozodlik tegajog‘lik qurboni bo‘lgan qizlarning video tasvirga olingan ko‘rsatmasi bilan ham tanishdi.
Ombusdman nazoratga oldi
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova Ozodlik muxbiri bilan 1 oktabr kuni bo‘lgan suhbatda bu kabi holatlar respublikaning turli joylarida sodir bo‘layotganini tan oldi.
Ombudsmanning ta’kidlashicha, bu kabi holatlarga qarshi kurashish uchun IIV hamda Bosh prokuratura bilan birgalikda "keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda".
1 - oktabr kuni Oliy Majlis vakili Asakadagi holat yuzasidan Ozodlik to‘plagan faktlar bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga va’da berdi.
Oradan bir kun o‘tib, “bu ishning ombudsman nazoratiga olinganini” ma’lum qildi.
"Prokuratura jiddiy shug‘ullanadi"
Ozodlik Asakadagi hodisa va umuman, yosh qizchalarga jinsiy zo‘ravonlik borasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bilan suhbatlashdi.
Svetlana Ortiqova Ozodlik bilan suhbatda “ pedofil hujumiga nishon bo‘lgan asakalik qizchalar bilan ruhshunoslar ishtirokida suhbat uyushtirilishi va gumondorning aybi tasdiqlansa, qattiq jazolanishini” ta’kidladi.
Ortiqova honim “oldimizdagi bir hafta davomida mazkur ish bilan prokuratura xodimlari jiddiy shug‘ullanishini va jarayon nazoratda ekanini” ta’kidladi.
Pedofilga jazo 300 soat ko‘cha supurishmi?
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida pedofiliya uchun alohida modda yo‘q.
2018 - yili yosh qizlarga jinsiy tajovuz qilgan qo‘qonlik Yu.M. O‘zbekiston JKning 129 - moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish - tahr)da ayblanib, 1 yilga ozodlikdan maxrum qilingan edi.
O‘zbekiston JKning pedofiliyada ayblanganlarga nisbatan qo‘llanadigan mavjud 129-moddasi "uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash" jazosini nazarda tutadi.
O‘zbekiston jinoiy qonunchiligidagi ushbu holatga izoh bergan Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova "milliy qonunchilik jinsiy tajovuz bo‘yicha jinoyatchilarga jazo bera olishi"ni ta’kidladi.
Uning Ozodlikka aytishicha, "jinoyat uchun jazoning muqarrarligi" tamoyili mavjud.
Bundan oldin Rossiyaning Kaluga viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 3 nafar qizchani zo‘rlagan 33 yashar o‘zbekistonlikni 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.
Kimyoviy kastratsiya
Qo‘shni Qozog‘iston jinoiy qonunchiligida pedofiliyada aybdor, deb topilgan shaxsni kimyoviy kastratsiya (kimyoviy dori vositasida erkaklikdan bir umr mahrum qilish-tahr.) jazosi belgilangan.
Qozog‘istonda 2018 - yil 1 - yanvaridan buyon o‘tgan vaqt mobaynida 11 nafar shaxs kimyoviy kastratsiya shaklida tibbiy majburlov chorasini qo‘llash jazosiga mahkum etilgan.
Bu borada eng qattiq jazo qonunlaridan biri AQShda amal qiladi.
AQShning Rod-Aylend shtati mahkamasi o‘tgan yili 6 va 12 yashar qizlarga jinsiy tegajog‘lik qilishda aybdor, deb topilgan 45 yashar erkakni 260 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.