Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:01

XTV o‘qituvchilarning majburiy mehnati taqiqlanganini eslatdi - ammo u davom etmoqda


O‘zbekistonda o‘qituvchi va boshqa byudjet xodimlarini asosiy vazifasi chetda qolib, boshqa ishlarga jalb etish majburiy mehnatning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan
O‘zbekistonda o‘qituvchi va boshqa byudjet xodimlarini asosiy vazifasi chetda qolib, boshqa ishlarga jalb etish majburiy mehnatning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlash qonunda taqiqlanganini yana bir bor eslatdi.

Vazirlik bayonoti ayrim viloyatlarda o‘qituvchilar hamda yoshlar yetakchilari hokimlar buyrug‘i bilan uyma-uy yurib, ishga yaroqli shaxslar ro‘yxatini tuzishga safarbar etilayotgani haqidagi xabarlar manzarasida yangramoqda.

Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi maktab o‘qituvchilari asosiy vazifasi bir chetda qolib, paxta terimiga odam yig‘ish uchun 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishsizlar ro‘yxatini tuzishga j​alb etilganliklarini aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan muallimlarga ko‘ra, bu ishni qilishdan bosh tortgan o‘qituvchilar ishdan haydalish, dars soatlarining qisqartirilishi va yo maoshlarining bir qismi ushlab qolinishi bilan qo‘rqitilgan.

"Oldinlari yoshlarga kredit berish borasida uyma-uy yurishga majburlashdi. Endi paxtaga 30 yoshgacha bo‘lganlar ro‘yxatini tuzishga majburlashyapti. MOT (tahr: Xalqaro mehnat tashkiloti) kelyapti, deb paxta dalasini ko‘rishga ham majburlashadi. Dalada bolalar ko‘rinsa baloga qolamiz-da. Paxtaga chiqarilmaganimiz bilan uyma-uy yurish ham yaqqol majburiy mehnat-ku. Iltimos? hokimlar bizni tinch qo‘yishsin, o‘quvchilarga bilim va tarbiya berishga halal berishmasin", - deydi ishidan ayrilishidan qo‘rqib ismi ochiqlanishini istamagan muallim.

Namangan viloyatining Kosonsoy hamda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanilik muallimlar ham uyma-uy yurib ma’lumot to‘plashga majburlanayotganlari haqida Ozodlikka xabarlar yo‘llashgan.

Qorako‘llik maktab o‘qituvchisi bu haqda Ozodlikka shunday dedi:

- Buxoro paxta terimida orqada qolayotgan ekan. Shunga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ishsizlarni ro‘yxatini tuzyapmiz. Bizni maktabdan yetti o‘qituvchi chiqqanmiz. Har birimizga ko‘chalar bo‘lib berilgan. Tayyor bo‘sh anketa bor, ismi, pasport raqami, ishlaydimi yo‘qmi, nogironligi bormi yo‘qmi, shularni uylarga kirib to‘lg‘izdirip yuripmiz, - deydi anonimlik asosida Ozodlikka gapirgan buxorolik muallim.

O‘qituvchilar ularga uylarga kirib to‘ldirish uchun berilgan anketa nusxasini Ozodlikka taqdim etishdi.

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholini ro‘yxatga olish anketasi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholini ro‘yxatga olish anketasi.

Namanganlik o‘qituvchilar jo‘natgan anketa nusxasida uni to‘ldiruvchi shaxsning ismi-sharifi, manzili, tug‘ilgan joyi, pasport yoki metrika raqami, ro‘yxatga olinganligi, qayerda ishlashi, qayerda o‘qishi, sinfi, nogironligiga oid ma’lumotlar so‘ralgan.

NAMANGAN vil. – “O‘qituvchilar uyma-uy yurib, xonadon a’zolari haqida ma’lumot yozar ekan”
NAMANGAN vil. – “O‘qituvchilar uyma-uy yurib, xonadon a’zolari haqida ma’lumot yozar ekan”

O‘qituvchilarning bu jarayonga qay asosda jalb etilgani haqida izoh olish uchun Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimligi va Xalq ta’limi bo‘limi rasmiylariga bog‘lanib bo‘lmadi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati mulozimi Ozodlik bilan suhbatda muallimlarni o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarga majburlash nafaqat taqiqlanishi, balki majburlovchilar jazoga tortilishini eslatdi.

"O‘zbekiston prezidentining ikki yil avval qabul qilgan 3907-sonli qarorini hech kim bekor qilgan emas. O‘sha qarorda xalq ta’limi xodimlarini ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi, bu talablarni buzganlar tegishli javobgarlikka tortilishi haqida aytilgan. Shuning uchun biz yana bir bor eslatamiz, qaysidir xalq ta’limi xodimi qandaydir o‘z vazifasiga kirmaydigan ishga majburlansa Bosh prokuraturaning 1007, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 200-06-00 ishonch telefonlariga xabar berishi mumkin. Shuningdek, bunday holatlarda Xalq ta’limi vazirligiga ham murojaat qilishlari uchun alohida tizim yaratilgan", - dedi Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati mulozimi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning o‘z asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz otgan muammolardan sanaladi.

Xalq ta’limi tizimi xodimlari mahalliy hokimliklarning "dastyorlariga aylanib qolgani"ni hukumat rasmiylari ham tan olgan.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘z chiqishlarida maktablar hokimliklarga bo‘ysunmasligi haqda ta’kidlagan.

2018 - yilda O‘zbekiston prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan qarori qabul qilingan.

Qarorning 16-bandida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida majburiy mehnatning ayni ko‘rinishi bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG