Joriy yilning 28 - oktabr kuni tan olinmagan Abxaziya respublikasida qolib ketgan 299 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari vataniga yuborildi. O‘zbekiston Bosh konsulligi yaqin kunlarda Sochidan yana ikkita reys amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Abxaziyada qolib ketgan o‘zbekistonlik muhojirlarning 299 kishidan iborat ikkinchi guruhi 28 - oktabr kuni Sochi shahridan “Uzbekistan Airways” charter reyslari bilan yurtiga olib kelindi.
Bu haqda Ozodlikka qo‘shimcha ma’lumot bergan O‘zbekistonning Rostovdagi Bosh konsulligi 20 kun muqaddam, 9 - oktabr kuni, Abxaziyadagi o‘zbeklardan yordamga muhtoj (homilador ayollar, qariyalar, kasallar va bolali ayollar) 19 nafari maxsus poyezdda O‘zbekistonga qaytarilganini qayd etgan.
Konsullik xabariga ko‘ra, o‘zbek muhojirlarini olib chiqishda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va konsullik bo‘limlari, Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Transport vazirligi xodimlari ishtirok etgan.
- O‘zbekiston Abxaziyani mustaqil davlat sifatida tan olmagani bois u yerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirish va odamlarni olib chiqish bilan bog‘liq muammolar vujudga kelgan edi. Xalqaro qoidalarga ko‘ra, O‘zbekiston diplomatlari ham bu mamlakatga kirishga haqqi yo‘q. Shu sababli O‘zbekistonga jo‘natilishi kerak bo‘lgan odamlar ro‘yxati Abxaziyada qolgan o‘zbekistonlik faollar tomonidan tuzilgan. Rossiya Tashqi va Ichki ishlar vazirliklari, Rosgvardiya va Chegara xizmati xodimlari ko‘magida o‘zbekistonliklardan 299 nafari avtobuslarda Sochi aeroportiga olib kelindi va Toshkentga jo‘natildi, dedi vakolatxona rasmiysi.
Suhbatdosh ma’lumoticha, tashkil etilgan ikkita reysda mehnat muhojirlari bilan birga 5 nafar go‘dakli ayollar ham bo‘lgan.
Ozodlik olgan ma’lumotlarga ko‘ra, Abxaziyada O‘zbekistonga ketish istagida bo‘lgan yana 200 ziyodroq o‘zbek migrantlari qolmoqda.
Konsullik 1 - noyabr kuni Sochidan Toshkentga yana ikkita charter reysi amalga oshirilishi yuzasidan Rossiya tarafi bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Bundan oldinroq Ozodlik koronavirus cheklovlari tufayli Abxaziya-Rossiya chegarasida yuzlab o‘zbekistonlik muhojir vataniga qayta olmay, ko‘chada yashashga majbur bo‘layotgani to‘g‘risida xabar bergan edi.
Pandemiya ortidan chegaralarni yopgan O‘zbekiston hukumati Rossiya va boshqa mamlakatlarda qolib ketgan minglab o‘zbek musofirlarini olib chiqish uchun havo va temir yo‘llar orqali charter reyslarini yo‘lga qo‘ygan edi.