Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:53

Rossiya OTMlari an’anaviy ta’limga qaytdi - o‘zbekistonlik talabalar o‘qishga qaytolmayapti


8 - fevraldan Rossiya oliy ta’lim muassasalarida dars jarayoni boshlandi
8 - fevraldan Rossiya oliy ta’lim muassasalarida dars jarayoni boshlandi

2021 - yilning 8 - fevralidan Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qish jarayoni boshlandi. Rossiyaga kirolmayotgan o‘zbekistonlik talabalar darslardan ortda qolayotganliklarini aytishmoqda.

Rossiya Fan va ta’lim vazirligi vakili Ozodlik so‘roviga xorijlik talabalarning Rossiyaga kirishiga hozircha ruxsat yo‘qligini bildirdi.

Sankt-Peterburgdagi universitetlaridan birida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik 20 yashar Shahboz Rossiyada 8 - fevraldan kunduzgi bo‘limlarda dars jarayoni boshlangani, ammo o‘zbekistonlik talabalar Rossiyaga kirolmayotgani haqida gapiradi.

- 8 - fevraldan Rossiyadagi barcha institutlar o‘qish boshladi. Biz yana qolib ketdik. O‘qishimiz o‘tgan yilning oktabridan onlayn edi. Men birinchi kursni bitiryapman - universitetni hali ko‘rmaganman! Katta kurslar 2020 - yilning aprelida Rossiyada kiritilgan karantin paytidan beri onlaynda edi, - deydi Shahboz.

Rossiyada tahsil olayotgan talaba yigit endilikda onlayn kurslar ham yakunlanib, ular mutlaqo o‘qish jarayonidan ortda qolishi mumkinligini bildirdi.

Shahbozning aytishicha, pandemiya tufayli o‘quv yili boshidan beri onlayn o‘qishga majbur.

- Bilasizmi, universitetim onlayn kurslarni qilib bermas ekan. Haliyam kursdoshlarim bilan yaxshi chiqishib oldim va ularni zaryadkasi tugaguncha kecha telefonlaridan onlayn ma’ruza tingladim, ulab bergandi. Universitetimiz faqat vazifa berish bilan cheklanyapti. Vaholanki, to‘lovlarni o‘z vaqtida olishyapti. Yaxshiyam qishki sessiyani a’lo bahoga yopganim uchun 50 foizga kontrakt to‘lovlarni tushirib berishdi, - deydi vodiylik talaba.

U Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bir guruh talabalar nomidan mazkur vaziyatga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Ta’lim vazirligi mutasaddilari e’tibor qaratishini so‘radi. U o‘zbek tomoni Rossiyaning tegishli idoralari bilan hamkorlikda bu masalaga yechim topishiga umid qilmoqda.

2020 - yil martida Rossiya koronavirus infeksiyasiga qarshi karantin cheklovlarini joriy qilgan va xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan edi. Iyul oyida bir nechta xorijliklar toifasiga kirishga ruxsat berilgan. Jumladan, Rossiyadagi ayrim agentliklar va yirik kompaniyalar O‘zbekistondan olib qirayotgan ishchi migrantlarga ruxsat berilmoqda.

Yanvar oxirlarida Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va ilm-fan vazirligi 2021 - yilning 8 - fevralidan oliy o‘quv muassasalarida o‘qish jarayoni boshlanishini e’lon qilgandi. Shu bilan birga ta’lim muassasalarida koronavirus bilan bog‘liq sanitariya normalariga rioya qilish tartibi to‘liq saqlanib qolishi, bu virus bilan kasallanganlar soni hali ham ko‘pligi aytildi.

Xorijlik talabalarga qachondan boshlab Rossiya oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qatnashiga ruxsat beriladi?

Ozodlik bu savolni Rossiya Fan va ta’lim vazirligiga uzatib, quyidagi mazmunda javob oldi:

- An’anaviy dars o‘tish tartibida rossiyalik va Rossiya bilan chegaralari ochiq bo‘lgan mamlakatlar talabalariga ruxsat berildi, xolos. Afsuski, O‘zbekiston bilan chegaralar ochilganicha yo‘q. Demak, O‘zbekistonda qolayotgan xorijlik talabalarimiz masofaviy ta’limni davom ettiraveradi. Bunday holat qachongacha davom etadi, degan savolingizga ham javob berolmaymiz, chunki bu bizning vakolatimizda emas: hukumat darajasida hal etiladigan masala. To‘g‘risi, bizning vazirlik ham qachon chegaralar ochilishi va normal ish jarayoni boshlanishini intizorlik bilan kutmoqda, - dedi o‘zini Anna deb tanishtirgan Rossiya Fan va ta’lim vazirligi matbuot xizmati vakili.

Avvalroq O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi o‘zbek talabalari Rossiyaga qaytib kirish uchun turli noqonuniy yo‘llarga bosh urayotgani, jumladan, Rossiya oliy ta’lim muassasalari nomidan hujjatlarni soxtalashtirayotgani to‘g‘risida xabar qilgandi.

Ammo hozirgi vaqtda Rossiya OTMda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Rossiya Federatsiyasi hududiga to‘sqinliklarsiz kirish huquqiga ega fuqarolar tasnifiga kirmaydi. Shunday qilib, Rossiya xalqaro aeroportlariga charter reyslari bilan kelgan O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tishda va tasdiqlovchi hujjatlar yuzasidan muammolarga duch kelishlari mumkin”, - deyiladi O‘zbekiston elchixonasi rasmiy bildirishnomasida.

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi “ushbu davlatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan bunday ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni, Rossiya Federatsiyasi qonunlariga rioya etishni va odamlar ko‘p to‘planayotgan joylarga bormaslikni” so‘rab, bayonot tarqatdi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchilikda va yil sayin bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 - yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik kunduzgi bo‘limlarda tahsil olganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG