Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:04

Larisa Burakova: Gruziya islohoti haqidagi kitobim o‘zbek tilida chiqqanidan mamnunman


Larisa Burakova
Larisa Burakova

Londonda iqtisod ilmidan tahsil olgan¸ Rossiyadagi iqtisodiy tahlil intituti xodimi¸ shu kunlarda Fransiyada istiqimat qilayotgan Larisa Burakovaning “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobining o‘zbekcha nashri blogerlar tarafidan faol targ‘ib qilinmoqda.

O‘ziga xos chellenjda blogerlar bu kitobni o‘qiyotgan yoki bag‘riga bosgan holda suratga tushib, suratlarni tarmoqqa qo‘ymoqda.

Bloger Xurshid Abdurashid esa, kitobni go‘yoki tishlab yeyayotgan tarzda suratga tushib tarmoqqa ildi.

Kitob chellendjdagi rasmlardan biri
Kitob chellendjdagi rasmlardan biri

Internetning o‘zbek segmentidagi Aziza Umarova¸Sardor Salim¸ Sharifa Madrahimova¸ Rahimjon Rahmat¸ Farrux Samarqandiy kabi faollar “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobini turli tarzda targ‘ib qilishdi.

Bloger Sharifa Madrahimova
Bloger Sharifa Madrahimova

Yerga urilgani uchun ko‘kka sapchigan kitob

Anqarada siyosatshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yozayotgan Firdavs Annageldiyevning aytishicha, bu targ‘ibot tadbiri bloger va Islom madaniyat markazining yarim stavkaga ishlovchi xodimi Abror Abduazimovning (Abror Muxtor Aliy) kitob haqidagi haqoratli fikrlariga o‘ziga xos javobdir.

“Kitob 2011 - yilda Rossiyadagi "Yunayted Press" nashriyoti tomonidan nashr qilingani ortidan Rosiyadagi putinparastlar nima degan bo‘lsa, diniy voiz Abror Muxtor Aliy aynan shu gapni takrorladi. Ya’ni kitob - rangli inqilob qilish uchun qo‘llanma. Abror Muxtor Aliy rossiyalik "vata"dan ham o‘tib tushib , kitobni “O‘zbekistonni sotish fikrni shakllantiradigan kitob” degan iborani qo‘llandi. Kitobni o‘qigan va kitobning ahamiyatini bilgan blogerlar kitob himoyasiga chiqdi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ldi. Abror Muxtor Aliy kitobni yerga uraman deb qilgan harakati kitob uchun reklama bo‘ldi”.

Inqilob qo‘llanmasi?

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mas’ul xodimi ekani aytilgan Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) Andijondagi kutubxona xodimlari bilan uchrashuv paytida tahlilchi Larisa Burakovaning yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobini “O‘zbekistonda rangli inqilob qilishga tashviq” deya tanqid qilgan edi.

Kitob sotuvi jonlangani aytildi
Kitob sotuvi jonlangani aytildi

“U kitob bizning millatni ichida ho‘v okean orqasidagi odamlarning puli bilan ba’zi ishlarni qilishga targ‘ib qiladigan kitob. Ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Sorosning puli bilan Gruziyada unday qildik¸ palonchini sotdik¸ palonchini sotmoqchimiz, degan kitob. Uni o‘qib chiqsangiz nima bo‘ladi? Ha sotsa bo‘laverar ekanu. Kelinglar, O‘zbekistonni sotib yuboramiz, degan fikrni shakllantiradi", deb aytgan ijtimoiy tarmoqlarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi.

Noshir Firuz Allayev
Noshir Firuz Allayev

Kitobni o‘zbek tilida nashr qilgan noshir Firuz Allayev Ozodlik bilan suhbatda diniy blogerning da’volariga munosabat bildirdi.

“Avvalo men bu blogerning kitobni to‘liq o‘qib chiqqanligini shubha ostiga olaman. Ushbu kitob bugungi kunda sobiq sovet hududidagi kam sonli demokratik va stabil rivojlanayotgan Gruziya mamlakati haqida. Kitobda Saakashvili boshchiligida jamoa qanday reformalar qilganligi va bu qanday natijalarga olib kelganligi tahlil qilingan.

Kitobda biror joyida inqilobga undov yoki inqilob haqida ma’lumot yo‘q. Aksincha, kitobni aholimiz mamlakatimizda yangi hukumat davrida bo‘layotgan reformalarni tushunishi, reformalar oson emasligini bilishi uchun tarjima qildik. Shuningdek, ko‘pchilik reformalar aslida nima ekanligini bilishini ham xohladik. Kitobda keltirilgan reformalarning aksarini O‘zbekiston hukumati ham qildi va qilishda davom etmoqda. Kitob aynan yangi hukumat olib borayotgan reformalarga hamohang tarzda tarjima qilingan».

Firuz Allaev bilan suhbat

Diniy bloger Abror Muxtor Alining pisanda qilishicha¸ kitob « oddiy talaba qizning kundaligi» xolos.

Kitob muallifi, bloger aytganiday "oddiy talaba qiz" emas. Larisa Burakova bir necha xalqaro universitetlar bitiruvchisi, kuchli iqtisodchi, turli xil xalqaro tashkilotlar uchun xulosalar yozadigan tahlilchidir.

Kitob muallifi nima deydi?

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda kitob muallifi Larisa Burakova kitob chiqqanidan beri kitobga qarshi chiqayotganlar bir xil naqoratni aytayotganiga e’tibor qaratdi.

«Odatda kitobni o‘qimay tanqid qilishadi. Chunki kitobning biinchi bobi Gruziya reformasi haqda to‘qilgan uydirma¸ cho‘pchak¸ tavqi la’nat va ataylab tarqatilgan yolg‘onlarni fosh qilishga qaratilgan. Bunday uydirmalar Gruziyadagi samarali islohotni qoralash maqsadida atayin to‘qib chiqarilgan. Men o‘zbek kitobxonlariga kitobning birinchi bo‘limini sinchiklab o‘qishni tavsiya qilaman. Bu esa o‘z navbatida Gruziyada Saakashivili amalga oshirgan islohotlarni ichdan tushunishga xizmat qiladi. Bu kitobga o‘zbeklarning qiziqqanidan minnatdorman. Tashakkur. Menimcha bu qiziqish aslida Gruziyadagi samarali islohotga qiziqishdir. Bu qiziqish zamirida O‘zbekistonda ham islohotlar meva bersin degan nekbin umid yotganiga ishonaman. Gruziya islohoti haqidagi kitobim o‘zbek tilida chiqqanidan mamnunman».

O‘z ko‘zi bilan ko‘rgan o‘zbek

Kitobning birinchi bobida urg‘ulangan nuqtalar tafsilotini Gruziyada bir muddat ishlagan va islohotlar meva berganiga guvoh bo‘lgan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish bo‘yicha mutaxassis Aziz Umarova o‘z sahifasida yoritdi:

“Men 2002 da Gruziyaga ilk marta borganimda butun sohalarning tanazzul ichida ekanligini ko‘rdim. Atirgul inqilobidan keyin barcha soha yaxshi tomonga o‘zgardi. Gruzin reformatorlari eng avvalo davlat boshqaruvini isloh qildi. Vazirlik va mulozimlar soni keskin kamaytirildi. Oyliklar oshirildi. Maishiy poraxo‘rlik va korupsiya ildizi bilan yo‘q qilindi. GAI (YPX) tizimi bunga yaqqol misoldir. GAI butkul tarqatib yuborildi. Ikki oy ichida AQSh tipidagi yo‘l-patrul xizmati yaratildi. 50 dollar pora olgan GAIchi 10 yilga qamalishi qonunga kiritildi. Shu tariqa aholining politsiyaga ishonchi oshdi. 2003 - yili so‘rovda qatnashgan aholining 5 foizi politsiyaga ishonch bildrgan bo‘lsa 2010 - yilda bu raqam 84 foizni tashkil qildi. Yong‘in inspeksiyasi tugatildi. Natijada yong‘in va unda halok bo‘lganlar soni keskin kamaydi. Mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bekor bo‘ldi va 2003 - yil bilan solishtirganda avariya ancha kamaydi. Gruziyada nodavlat tashkilotni 2 minut ichida vazirlik ro‘yxatidan o‘tkazsa bo‘ladi. Gruziya sabog‘i shundaki, ishlamayotgan nazorat organlarining yo‘q bo‘lishi mamlakatning xavfsiz va farovon bo‘lishini ta’minladi".

Aziza Umarova
Aziza Umarova

Kitobni o‘zbekchaga tarjima qildirib, nashr qilgan tadbirkor va bloger Firuz Allayevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Larisa Burakovaning kitobi “O‘zbekistondagi islohotlarga uyg‘un ruhda yozilgan "kerakli" kitobdir.

«Kitobni o‘qiganlar unda yozilganlar qanchalik asosli ekanligiga guvohlik berishlari mumkin. Yoki o‘zingiz o‘qib ko‘rib guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Yana bir da’vo: go‘yoki bizni Amerika qo‘llab quvvatlar ekan. Asaxiy Books loyihasini O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etganmiz. Shu kungacha loyihaga 2.5 milliard so‘m investitsiya qildik. Na Asaxiy Books ga, na www.asaxiy.uz internet-do‘koniga shu kungacha chet eldan bir so‘m pul tikilmagan, chet eldan hech qanaqa yordam olmaganmiz. Buni tegishli organlar o‘zlari tekshirib guvoh bo‘lishlari mumkin.

Yakunda shuni aytmoqchimanki, men hozirgi O‘zbekiston hukumatini to‘liq qo‘llab- quvvatlayman. Reformalar oson kechmasligini, mamlakatni bitta qaror bilan rivojlantirib bo‘lmasligini, hammasi murakkabligini tushunaman. Aynan hozirgi tizimga ishonganim uchun ham shu mamlakatda yashab, ishonib biznes bilan shug‘ullanyapman".

Gruziya isloxoti me’morlari Mixail Saakashvili va Kaxa Bendukidze
Gruziya isloxoti me’morlari Mixail Saakashvili va Kaxa Bendukidze

Rossiyadagi iqtisodiy tahlil intituti xodimi Larisa Burakovaning “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” kitobi 2011 - yilda Rossiyadagi "Yunayted Press" nashriëti tomonidan nashr qilingani ortidan keng kitobxonlar ommasi orasida muvaffaqiyat qozongan edi.

XS
SM
MD
LG