8-noyabr kuni BMTning Jenevadagi qarorgohida O‘zbekiston hukumatining davriy hisobotini taqdim qilgan Inson huquqlari bo‘yicha Respublika Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatdagi qiynoqlar, odil sudlov va jurnalistlarga nisbatan olib borilayotgan mahkama jarayonlarining ochiqligi hamda Qoraqalpog‘iston voqealari haqidagi savollarga javob berdi.
Jenevadagi mazkur tinglov BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi binosida fuqarolik jamiyati institutlari va huquq faollariga to‘g‘ridan- to‘g‘ri translyatsiya qilindi.
Akmal Saidov o‘z taqdimotida O‘zbekiston hukumati qiynoqqa qarshi muntazam kurash olib borayotgani, qiynoq qurbonlariga kompensatsiya to‘lash mexanizmlari ishlab chiqilganini ta’kidladi.
Saidovning iddaosicha, mamlakatda so‘z erkinligi ta’minlangan, mahkamaga tortilgan jurnalistlarning sudlari qonuniy prinsiplarda ochiq-oshkora olib borilmoqda.
Shuningdek, 2022-yilning iyunida sodir bo‘lgan Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha ham sudlar adolatli qarorlar qabul qilgan. Uning aytishicha, Nukusdagi tartibsizliklar chog‘ida haddan tashqari kuch qo‘llagan 3 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jazoga tortilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov Jenevadagi chiqishida O‘zbekistonda bloger va jurnalistlar ustidan kechgan va kechayotgan tergov hamda sud jarayonlariga to‘xtalmadi.
Qiynoqlar xronikasi
BMTdagi tinglov oldidan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati, Germaniyadagi "O‘zbek Forumi" tashkiloti va Toshkentdagi “Snos” guruhi O‘zbekistondagi so‘z erkinligi va mulk daxlsizligi yuzasidan BMTga o‘zining muqobil hisobotlarini taqdim qilgan.
Avgust oyida Jenevadagi taqdim etilgan muqobil hisobotlarda mamlakatdagi qiynoqlar, so‘z erkinligi va mulk daxlsizligiga oid vaziyat tanqid qilingandi.
Biroq 7-noyabr kungi tinglovda BMTning tegishli qo‘mitalari ham, O‘zbekiston ham muqobil hisobotlarga munosabat bildirmadi.
Akmal Saidovning qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangani, qiynoq qurbonlariga tovon to‘lash mexanizmi ishlab chiqilgani haqidagi iddaolariga qaramasdan huquq faollari bu boradagi vaziyat hanuz tashvishlanarli ekanini aytishadi.
Shu yilning 12-aprelida IIV Tezkor qidiruv departamenti Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, Namangan viloyati IIB hamda DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri va Namangan viloyati hududlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar jarayonida Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Dilshod To‘raxo‘jayev hibsga olingan va unga nisbatan shafqatsiz qiynoqlar qo‘llanilgani haqida O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati xabar bergandi.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur ish doirasida Toshkent shahar IIBBning 2 nafar xodimiga nisbatan O‘zbekitson Repsublikasi JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Qiynoq qurboni bo‘lgan tadbirkor Dilshod To‘raxo‘jayev ishi esa jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudida ko‘rilmoqda.
Shu yilning 5-iyun kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida 36 yoshli fuqaro IIB xodimlarining noqonuniy so‘roq qilishi va jarohat yetkazishi oqibatida vafot etdi, xodimlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 4-iyun kuni tuman hududida bir qator o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, JKning 169-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergovga jalb etilgan, Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 36 yoshli U.S. so‘roq jarayonida qo‘llangan qiynoqlar natijasida vafot etgan.
Shu yilning 13-avgustiga o‘tar kechasi Toshkent shahar IIBB tergov izolyatoridan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi (“Odam o‘g‘irlash”), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Tovlamachilik”) va 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (“Bezorilik”)da ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlangan 33 yashar D. U.ning jasadi chiqdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda marhumning jasadi aks etgan videoda marhum tanasining qoraygan, ko‘kargan joylari aks etgan.
Yaqinlariga ko‘ra, D.U. 12-avgust kuni soat 21.30 lar atrofida o‘z yashash xonadonidan Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib ketilgan va uning jasadi 14-avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahar morgiga berilgan.
Huquq faollari qiynoq qo‘llashda ayblangan Toshkent shahar IIBBning 3 nafar vakiliga yengil jazolar tayinlanganini tanqid qilishgan.
Ularga ko‘ra, qiynoq qo‘llovchilarning aksariyatiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 235-moddasi (Qiynoq) emas, balki JKning 206-(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) moddasini qo‘llash amaliyoti davom etmoqda.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi BMTda qiynoqlar bo‘yicha hisobot berayotgan 7-noyabrda Ozodlik tahririyatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudining ajrimi kelib tushdi. 2023-yilning 31- oktabrdagi ajrimga ko‘ra, Qo‘qon shahar IIO FMBning ikki nafar tezkor vakili O‘zbekiston Respublikasi JKning 235-moddasi (Qiynoq)da aks etgan jinoyatni sodir etgan.
Ajrimda IIB tezkor vakillarining o‘g‘rilikda gumon qilingan shaxsga nisbatan protsessual jarayonlarida tan jarohati yetkazgani va zo‘raki iqrorlik olishga uringani qayd etiladi.
Huquq faollariga ko‘ra, aynan qiynoq masalasida tovon pullari yoki boshqa turdagi kompensatsiyalar undirgan shaxslar amaliyotda deyarli uchramaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2023- yil 7-aprelida o‘tgan yalpi majlisida hisobot bergan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) qiynoqlarni rad qilgan edi.