Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:39

Aleksey Navalniy Moskva aeroportida hibsga olindi(VIDEO)


Aleksey Navalniy Sheremetyevo aeropotida - Moskva, 17 - yanvar, 2021
Aleksey Navalniy Sheremetyevo aeropotida - Moskva, 17 - yanvar, 2021

  • Politsiya xodimlari 17 - yanvar kuni Berlindan Moskvaga uchib borgan Kremlning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyni pasport nazoratidan olib ketishgan, ammo hibsga olingani haqidagi savolga javob bermaganlar.
  • Keyinroq Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) muxolifat liderining hibsga olinganini tasdiqladi. Navalniy bilan birga uchib borgan advokatiga unga hamrohlik qilishga ruxsat berilmagan.
  • Avvalroq FSIN Navalniyni federal qidiruvga bergan va u Rossiyaga qadam bosishi bilan hibga olinishini bildirgan edi. Rasmiylarga ko‘ra, Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida xorijdalik payti sinov muddati shartlarini buzgan.
  • O‘tgan yil avgustida zaharlangan Navalniy oxirgi bir necha oy Germaniyada davolanayotgan edi. Germaniyalik shifokorlar uning Novichok turkumidagi asabni falaj qiluvchi modda bilan zaharlanganini aytishgan. Navalniy o‘zining zaharlanishida Putinni ayblagan.
  • Aleksey Navalniy o‘tirgan samolyot 17 - yanvar kuni parvozlar jadvalida ko‘rsatilganidek, Moskvaning Vnukovo aeroporti emas, balki Sheremetyevoga qo‘ndi.

Berlindan uchgan “Pobeda” aviashirkati uchog‘i "Vnukovo" aeroportiga Moskva vaqti bilan 19.20da, Toshkent vaqti bilan 21:20da qo‘nishi kutilayotgandi.

Avvalroq ayni aviashirkatning boshqa ikki samolyoti "texnik sabablarga ko‘ra" Sheremetyevoga yo‘llangan.

Navalniy o‘tirgan samolyot Sheremetyevoga qo‘nishini avvalroq uning bortida bo‘lgan Ozodlik/Ozod Yevropa rus xizmati muxbiri tasdiqlagandi.

«Radio Svoboda» muxbiriga ko‘ra, parvoz, umumiyatla, osoyishta o‘tgan. Navalniy matbuot bilan uncha uzoq muloqot qilmagan, ammo unga parvoz davomida hamrohlik qilgan va o‘zini qurshab olgan jurnalistlarga do‘stona munosabatda bo‘lgan. Muxolifatchi samolyotda shovqin ekanini aytib, Vnukovo aeroportiga qo‘ngach, u yerda gapirish imkoni bo‘ladi, deb ishonishini ta’kidlagan.

Samolyot uchuvchisi ikki marta radio orqali murojaat qilib, tartib saqlash, ekipaj va yo‘lovchilarga xalaqit bermaslikni so‘ragan.

Samolyot Moskvaga qo‘nishidan avval 30 minut kechikayotgani aytilgan, shundan so‘ng Sheremetyevo aeroportiga yo‘naltirilgan.

Navalniy o‘zi bilan birga uchib borayotgan jurnalistlarga bergan qisqa suhbatida vataniga qaytishdan qo‘rqmasligini aytdi.

"Vnukovo"da Navalniyning yuzlab tarafdorlari to‘plangan va ulardan o‘nga yaqini qo‘lga olingan.

Rasmiylar Navalniy uchayotgan samolyot "Vnukovo"ga emas, "Sheremetyevo"ga "texnik sabablar" ortidan qo‘ndirilganini aytmoqda.

Navalniy tarafdorlari qo‘lga olinmoqda

Moskvaning “Vnukovo” aeroportida Aleksey Navalniyni kutib olishga kelgan muxolifat tarafdorlari qo‘lga olindi
Qo‘lga olinganlar orasida Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi xodimlari Lyubov Sobol va Ruslan Shaveddinov ham bor. Shuningdek, yaqinda qamoqdan chiqarilgan siyosiy mahbus Konstantin Kotov va Aleksey Navalniyning yaqin qarindoshi Oleg politsiya tomonidan qo‘lga olindi.

Politsiya ularning qanday asoslar bilan qo‘lga olingani yuzasidan ma’lumot bermadi.

Navalniyning tarafdorlari Vnukovo” aeroportiga kelishda davom etmoqda. Bir kun avval Moskva prokuraturasi aholini “ommaviy tadbirlar o‘tkazilmasligi shart”ligi to‘g‘risida ogohlantirgan edi. Navalniy tarafdorlari esa bir odamni kutib olish jarayoni “ommaviy tadbir emas”, demoqda.

Navalniy Moskvaga kelishi bilan qamoqqa olinishi mumkin

Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) Kreml tanqidchisi bo‘lgan muxolifatchi Aleksey Navalniy mamlakatga qaytsa, hibsga olinishini ma’lum qilgandi.
Federal xizmatning bildirishicha, Navalniy shartli ravishda qamoqqa hukm qilingan shaxs sifatida nazorat tartibida qayddan o‘tmay kelmoqda.

Sud FSIN arizasini qanoatlantirsa, muxolifatchi 3,5 yilga qamalishi mumkin.

Navalniy 2014 - yilning dekabrida tovlamachilikda ayblanib 3,5 yilga shartli ravishda qamalgan edi. Jazo muddati 2020 - yilning 30 - dekabr kuni tugagan.

Muxolifatchi o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmay keladi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi bu ishni o‘rganib, Navalniy Rossiyada adolatli sudlov huquqidan mahrum etilgani to‘g‘risida qaror chiqargan.

Navalniy o‘tgan yilning avgust oyida zaharlanish alomatlari bilan Omskda kasalxonaga yotqizilganidan keyin tibbiyot uchog‘i bilan Berlinga jo‘natilgan edi.

Bir necha laboratoriya uning sovet davrida ishlab chiqilgan «Novichok» guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini tasdiqladi. Natijada Yevropa Ittifoqi yetti nafar Rossiya amaldoriga va bir tadqiqot institutiga qarshi sanksiya joriy qildi.

Navalniy Berlindagi shifoxonadan chiqqanidan keyin, Germaniyada reabilitatsiyadan o‘tdi.

Rossiya hukumati Navalniy Germaniyaga olib kelguniga qadar uning tanasida zahar izi topilmaganini da’vo qilib, ushbu holat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan bosh tortib keladi.

Navalniy uning zaharlanishida bevosita prezident Vladimir Putinni ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG