Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:55

Allamjonov paydo bo‘ldi va "dezinformatsiya"dan ogohlantirdi


Komil Allamjonov 17-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida o‘tgan yig‘ilishda.
Komil Allamjonov 17-iyul kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida o‘tgan yig‘ilishda.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda "feyk va dezinformatsiyalar soni oshib borayotganidan" ogohlantirdi.

O‘zining rasmiy kanalidagi xabardan anglashilishicha, bu haqda u 17-iyul kuni Toshkentda mahalliy OAV rahbarlari va jurnalistlar bilan uchrashuvda gapirgan.

Allamjonovning bayonoti uning "lavozimdan chetlatilgani va xorijga qochib ketgani" haqidagi gap-so‘zlar fonida yangramoqda.

Prezident administratsiyasining axborot siyosati bo‘yicha mas’ul mulozimi o‘tgan oy jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida uning taqdiri bilan bog‘liq turli taxmin va farazlarga yo‘l ochgan edi.

Jumladan, taniqli jurnalist Anora Sodiqova shu yilning 8-iyul kuni "Allamjonovning Administratsiyadagi amaldorlik missiyasi yakuniga yetayotgan ko‘rinadi" deb yozdi.

Allamjonovning o‘zi 17-iyul kungi bayonotida bu taxmin va farazlarga bevosita munosabat bildirmagan.

Ammo u "mediadagi nosog‘lom muhit va jurnalistika etikasini tartibga solish" haqida gapirgan.

Allamjonov rahbarlaridan bo‘lgan prezident administratsiyasi ham uning taqdiri bilan bog‘liq tarmoqlardagi chiqishlarga biron-bir shaklda izoh bergani yo‘q.

Allamjonovning go‘yoki ishdan olingani haqidagi farazlar bundan oldin ham paydo bo‘lgan, ammo ana shunday farazlar ortidan u shu yilning 10-may kuni paydo bo‘lgan hamda O‘zbekistonning xalqaro matbuot reytingidagi o‘rniga izoh bergan edi.

U blogerlarga qarshi jinoyat ishlari mamlakatning xalqaro so‘z erkinligi reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatganini tan olgan.

Алламжоновнинг қайтиши: Матбуот эмас, 'мафкура котиби'
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:03 0:00

"Uchinchi odam"

39 yashar Komil Allamjonov prezident Shavkat Mirziyoyev administratsiyasining eng taniqli yuzi hisoblanadi.

O‘tgan yil avgustida prezident administratsiyasining yangilangan tarkibida Axborot departamenti rahbari etib tayinlangan Allamjonovni Ozodlik manbalari "administratsiya vertikalidagi uchinchi odam" deb ta’riflashgan.

Ilk bor 2018-yilda tadbirkorlikdan hukumatga kelgan Allamjonov monopoliya va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq qator iddaolar markazida bo‘lgan.

Uning o‘zi xalqaro jurnalistlarning hokimiyatdagi lavozimidan biznes manfaatlarini ilgari surishda foydalangani haqidagi iddaolarini rad etgan.

2018-yildan buyon prezidentning to‘ng‘ich qizi va amalda administratsiya rahbari bo‘lgan Saida Mirziyoyeva bilan tandemda ishlab kelayotgan Komil Allamjonov o‘zini so‘z va matbuot erkinligi himoyachisi hamda islohotlarning faol tarafdori sifatida taqdim qilib keladi.

U 2022-yil iyulida prezident administratsiyasiga qaytganidan so‘ng ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi bois "barcha biznes loyihalari, kompaniyalarini boshqa egalariga topshirishi"ni e’lon qilgan edi.

Ammo Allamjonovning biznes manfaatlari bilan bog‘liq iddaolar shundan keyin ham davom etgan.

"Allamjonov qayerda?"

Hukumat yig‘ilishlari va prezidentning xorijiy safarlarida tez-tez ko‘rinish beradigan, tarmoqlarda faol Komil Allamjonovning bir oydan ko‘proq vaqt davomida jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lishi turli farazlarni urchitdi.

Tarmoqlarda "Allamjonov qayerda?" degan savollar va hukumatga uning taqdiriga oydinlik kiritish haqidagi chaqiriqlar paydo bo‘ldi.

Ayrim blogerlar uning "Amerikadan boshpana so‘ragani yoki u bilan nimadir sodir bo‘lgani" haqida yozishdi.

Garchi mahalliy matbuot uning taqdiri bilan bog‘liq farazlarga o‘rin bermagan bo‘lsa-da, bu savollar jurnalistlar orasida muhokama qilingani Ozodlikka ma’lum.

Allamjonovning o‘zi hozircha bu farazlarga oydinlik kiritgani yo‘q. Ammo uning so‘nggi bayonoti o‘zi haqida tarqalgan, uning ta’biricha, "feyk va dezinformatsiya"ga ishora qilayotgandek.

Ozodlikning hukumatdagi manbasi Komil Allamjonov bilan prezidentning kichik kuyovi hamda prezident xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari Otabek Umarov va DXX o‘rtasida "urush" borligini iddao qildi.

Bu "urush"ning motivi Ozodlikka ma’lum emas, ammo vaziyatdan xabardorligini aytgan yana bir manba Otabek Umarov oldinroq Toshkentda prezident kuyoviga aloqadorligi iddao qilingan "qudratli ofis"ning fosh etilganidan g‘azabga kelganini iddao qildi. Uning da’vosicha, Umarov "mahalliy tadbirkorlar va mulozimlarga noqonuniy bosimlar o‘tkazib kelgani" iddao qilingan "ofis"ning fosh etilishida "Allamjonovning qo‘li borligini" taxmin qilgan.

Ozodlik manbalari bu xabarlar ortidan "Darxondagi ofis"da tekshiruv olib borilgani va unga aloqador Umarovning atrofidagi qator shaxslar "Dubayga qochgani"ni iddao qilishgan.

O‘zbekiston rasmiy idoralari bu xabarlarni sharhlamagan.

Ozodlik bu borada izoh olish uchun Komil Allamjonovning o‘ziga bog‘lanishga urindi, ammo hozircha muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

Prezident administratsiyasida yuqori lavozimni egallagunicha Allamjonov bir muddat Davlat soliq qo‘mitasida ishlagan va undan so‘ng tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. "Avtotest" innovatsion avtomaktabi va Milliy TV ga asos solgan Allamjonov davlat lavozimidan o‘zining biznes manfaatlarini ilgari surishda foydalangani va monopoliya yaratishga uringani haqidagi ayblarni, jumladan, Ozodlik bilan suhbatda qat’iyan rad etgan edi.

XS
SM
MD
LG