Линклар

Шошилинч хабар
28 декабр 2024, Тошкент вақти: 02:03

Alvido, "Zumrad va Qimmat”! O‘zbekistonda yagona multiplikatsion filmlar studiyasi tugatildi


"Zumrad va Qimmat" multfilmi.
"Zumrad va Qimmat" multfilmi.

O‘zbek animatsiyasi asoschilaridan biri, 70 yashar rejissyor Nozim To‘laxo‘jayev Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekkino” rahbariyatini "o‘zbek multfilm san’atini butkul yo‘q qilish"da aybladi.

To‘laxo‘jayevga ko‘ra, bundan uch yil avval O‘zbekiston prezidentining qarori bilan tashkil etilgan “Multiplikatsion filmlar studiyasi” faoliyati “O‘zbekkino” rahbarining may oyidagi qarori bilan tugatilgan va xodimlari ishdan bo‘shatilgan.

- “Multiplikatsion filmlar studiyasi”ning 30 nafar professional xodimlari – animatorlar, rejissyorlar, muharrirlar ko‘chaga uloqtirildi. Ko‘chada qolgan ayrim rejissyorlar va animatorlar ish izlab Rossiya, Qozog‘istonga ketish haqida o‘ylayapti. Yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida o‘zbekistonlik bolalarni quvontirib kelgan professional, davlat animatsiyasini shu bilan o‘ldirishdi va dafn qilishdi. “O‘zbekkino”ning hozirgi rahbari o‘zbek animatsiyasining go‘rkovi sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi, - deydi To‘laxo‘jayev.

Taniqli multiplikator va aktyor Nozim To‘laxo‘jayev.
Taniqli multiplikator va aktyor Nozim To‘laxo‘jayev.

Bundan oldin “Multiplikatsion filmlar studiyasi”ning bir guruh xodimlari ham “O‘zbekkino” rahbariyatini multiplikatsiyani yo‘q qilishda ayblab chiqishgandi.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan "Bolalar bilan vidolashuv" deb nomlangan xatda, jumladan shunday deyiladi:

“Xuddi Amir Temur xiyobonida ko‘p yillik daraxtlar kesilgani, buyuk kinorejisser Malik Qayumov tashabbusi bilan qurilgan “Kinochilar uyi” buzilgani, jahon tan olgan buyuk yozuvchilar N.Gogol va M.Gorkiyning haykallari ag‘darib tashlangani kabi mamlakatimizdagi yana ko‘plab tarixiy obidalar, yodgorliklar kabi yo‘q qilindi.

Bizning o‘rnimizga endi turli kompaniyalar va ularning mahsulotlarini reklama qiladigan, amerikaliklardan o‘g‘irlangan seriallarni “yasaydigan”, arzon, o‘rtamiyona filmlarni suratga oladigan bir nechta xususiy animatsion studiyalar keladi. Endilikda, davlat va xalq pullari aynan shu narsalarga sarflanadi! 60 yillik madaniy tariximiz bilan xayrlashish fursati yetdi! Alvido, nohaq toptalsa-da, o‘z tomoshabinini topa olgan o‘zbek multiplikatsiyasi! Alvido, shuncha ta’na-dashnomlarga qaramay, xalqaro mukofotlar va xalqaro festivallarda g‘olib bo‘lib kelgan o‘zbek multfilmlari! ”, deyiladi bir guruh o‘zbek animatorlari imzolagan ochiq xatda.

“U multfilmlarni bolalar ko‘rmaydi”

“O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Nozim Safari Ozodlik bilan 11 - may kungi suhbatda “Multiplikatsion filmlar studiyasi” O‘zbekiston prezidentining qarori bilan tugatilayotganini aytdi.

“Prezidentning kinematografiyaga oid yangi qaroriga binoan ayrim davlat unitar korxonalari bilan birga “Multiplikatsion filmlar studiyasi” ham faoliyatini to‘xtatmoqda. Bu degani multfilm san’ati tugatilyapti, degani emas. Xususiy sektorga beriladi. Xususiy studiyalar o‘zlarining assotsiatsiyasini tashkil qilgan. Animatsiya san’at o‘laroq tugamaydi”, - deydi Nozim Safari

“O‘zbekkino” Milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Safari “Animatsion filmlar studiyasi” DUK tomonidan yaratilgan, buning uchun ulkan davlat mablag‘lari sarflangan animatsion filmlar o‘zbek yosh tomoshabinlari e’tiborini jalb qila olmaganini ham qo‘shimcha qildi.

“So‘nggi paytlar bolalar orasida mahalliy animatsiyaga qiziqish pasaygani rost. O‘zbek multfilmlarini bolalarga ham ko‘rsatdik, televizion reytinglarni o‘rgandik. Zamonaviy dunyo bolalar talabi ancha baland. Xususiy sektorda esa jonlanish sezilmoqda. Xususiy studiyalar yaxshi ishlayapti. Ular animatsiyada 3D texnologiyalarini qo‘llamoqda. Raqobat paydo bo‘lsin, yaxshi multfilmlar paydo bo‘lsin, deb qilinyapti bu ishlar. Lekin multiplikatorlar ko‘chada qolmaydi. Ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi”, - deydi Safari.

Nozim To‘laxo‘jayev “Multiplikatsion filmlar studiyasi” ishlagan qisqa metrajli filmlar sifati past, degan fikrga qo‘shilmaydi.

“Yarim asr davomida shakllangan o‘zbek multiplikatsiyasi bu. Xalqaro festivallarda sovrinlar olgan multiplikatsiya bu. Hozir hususiy studiyalar shu festivallarga chiqib ko‘rishsin-chi. Afsuski, “O‘zbekkino”ga kinoni tushunmaydigan, o‘z davrida Gulnora Karimova bilan hamkorlik qilib yurgan odam kelib, hamma yoqni rasvosini chiqardi. Prezidentimiz multfilm sa’natini rivojlantiraman deb turgan paytda bu odam sa’natni o‘ldirdi. Agar rahmatli Obid Asomov tirik bo‘lganida, bunga yo‘l qo‘ymasdi”, - deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

“Zumrad va Qimmat”ning beshigi

1965 - yilda «O‘zbekfilm» studiyasida rejissyor Damir Salimov “6x6 kvadratda" degan multfilmni suratga olgan edi. O‘zbekiston kino tarixida ilk multfilm sifatida qolgan asar qo‘g‘irchoqlarning mexanik harakatiga asoslangan.

Ilk chizilgan multfilm 1969 - yili suratga olindi. “Jasur chumchuq” asari o‘z davri uchun ilg‘or texnologiya asosida suratga olingan edi.

1970 - yilda “O‘zbekfilьm”da multfilm ustaxonasi tashkil qilindi. Nozim To‘laxo‘jayev suratga olgan “Cho‘ldagi ko‘l” multfilmi bu studiya yaratgan ilk asar bo‘ldi.

Keyinchalik Nozim To‘laxo‘jayev rassom Sergey Alibekov bilan yaratgan “Mayin yomg‘ir yog‘adi”¸ “Miks” kabi asarlar o‘zbek animatsiya san’ati durdonasi o‘laroq tarixga kirdi.

“O‘zbekfilm” multfilm ustaxonasida “Zumrad va Qimmat”, “Farhod va Shirin”, “Baxrom va Dilorom”, “Jaloliddin haqida doston”, “To‘maris” kabi multfilmlar ham yaratilgan.

O‘zbek xalq urf-odatlari nafaqat qahramonlarning kiyimlarida, balki ularning xarakterlari, dialoglari, intonatsiyalarida ham namoyon bo‘la boshladi.

"Har yili studiyada oltidan ortiq multfilmlar dunyoga keldi va butun o‘zbek animatsiyasi tarixida 300 dan ortiq filmlar yaratildi", - deydi Nozim To‘laxo‘jayev.

Sovet davrida xalqaro sovrinlar olgan o‘zbek multiplikatsiyasi, mutaxassislarga ko‘ra, keyingi chorak asr mobaynida rivojlanmasdan qolib ketdi.

2017 - yilda prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan milliy kinematografiyani rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Uning doirasida «O‘zbekkino» Milliy agentligiga 2018 - yilda 15 ta, 2022 - yildan boshlab har yili 50 tadan multfilm ishlab chiqarishga mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.

2018 - yilda O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevning farmoni asosida “Animatsion filmlar studiyasi” DUK tashkil qilinib, unga taniqli xajvchi Obid Asomov rahbar etib tayinlandi. Obid Asomov o‘limi ortidan studiya moliyaviy va tashkiliy muammolar girdobida qolgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG