Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:53

Anomal issiq: Hukumatdan jaziramada ishlayotganlarga yengillik berish so‘raldi


Shu kunlarda O‘zbekiston va mintaqada anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 46-47 darajagacha yetdi.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya markaziga ko‘ra, bu so‘nggi 150 yildagi eng issiq yozdir. So‘nggi 3 yilda yozgi havo haroratining muttasil ko‘tarilayotgani qayd etilmoqda.

1 - iyuldan beri havo harorati keskin oshib borayotgani, shaharlar hamda sanoat tuzilmalarida elektr uzilishi bilan bog‘liq qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, jamoatchilik faollari va ayrim deputatlar, anomal ob-havo sharoitida ishlayotgan ishchi xodimlarning ish soatlarini ertalabki va kechki salqinga ko‘chirish taklifini ham bildirdi.

8 - iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zgidromet” tashkiloti rahbari, noqulay ob-havo paytida ishlovchilarga yengillik berish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston gidrometeorologlarga ko‘ra, mamlakatdagi bu yilgi jazirama issiq va umuman so‘nggi yillarda havo haroratining keskin o‘zgarayotgani global miqyosda tezlashib borayotgan “issiqxona effekti” jarayoniga bog‘liqdir.

Gidrometeorologiya markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, 7 - iyul kuni Navoiy va Buxoro viloyati ayrim kuzatuv stansiyalarida termometr ko‘rsatkichlari maksimal +47 daraja issiqni ko‘rsatgan.

8-iyul kuni esa, issiq havo oqimi sharqqa siljib, bugun aholisi zich yashovchi regionlarda ham havo haroratining yanada isishi yaqqol kuzatilgan.

O‘zbekistonda issiq-sovuqqa chidamaydigan eng ojiz tizim esa yana energetika tizimi bo‘lib qolmoqda.

Jazirmada poytaxtda tez-tez elektr uzilmoqda - 7 - iyul kuni qoq tushda Toshkent metrosining 3 ta bekatida chiroq o‘chib, zulmat cho‘kkan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Metropoliten ma’muriyati, 7 - iyul soat 12:55 – 13:05 oralig‘ida Toshkent shahar elektr ta’minoti tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli metropolitenning “Chilonzor”, “Yunusobod” va “O‘zbekiston” bekatlarida chiroq o‘chganini ma’lum qildi.

Energetika vazirligi esa, yozda bu tahlit tez elektr uzilayotganini anomal issiqqa bog‘ladi va bu sharoitda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoji 223 mln. kv/soatga yetganini ma’lum qildi.

Tashkilot rasmiy bayonotiga ko‘ra, jami issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr toki hajmi 173 mln. kv/soatdir.

Energetika vazirligining bu javob tarmoqlarda yana tanqidlarga sabab bo‘ldi. Zotan, vazirlik energetika ta’minotidagi uzilishlarni qishda anomal sovuq, yozda esa anomal issiqqa bog‘lash bilan cheklanmoqda. Bu tashkilotga energetik muammolarni hal qilish uchun berilayotgan ulkan mablag‘lar hisobiga oid jamoatchilik savollari esa hanuz ochiq qolmoqda.

Nafaqat kunduzi, balki tunlari ham haroratning tushmayotgani, ko‘proq shaharlar aholisini qiynamoqda.

Poytaxtda ayollar, bolalar va keksalar ko‘pqavatli uylardagi dim havodan qochib, shahar fontanlari va bog‘larida jon saqlamoqda.

Ayni paytda yana shu issiqda shahar va qishloqlarda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning haq-huquqlari kun tartibiga chiqdi.

Hukumat oftob tig‘ida mehnat qilayotgan ishchi, dehqon va fermerlar sog‘ligi muhofazasi uchun alohida chora-tadbirlarni hanuz qabul qilgani yo‘q.

8 - iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bildirilishicha, “O‘zgidromet” tashkiloti noqulay ob-havo sharoitlarida ishlayotganlarga yengillik berish bo‘yicha takliflarini Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilgan.

“Iqlimi issiq davlatlarda ommaviy ogohlantirish berilganda qo‘llanadigan huquqiy hujjatlar mavjud. Bunday hujjat bizdayam shakllantirilyapti. Hozirda yangilanish va to‘ldirish ishlari olib borilyapti. Tegishli tartibda shakllantirilib, Adliya vazirligidan huquqiy xulosa olingan holda, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi”, - degan “O‘zgidromet” rahbari o‘rinbosari Feruz Safarov 8 - iyul kungi matbuot anjumanida.

Ammo bu yengilliklar nimadan iborat bo‘ladi va shu jazirama yozdan issiqda kuyib ishlayotganlarga taqdim qilinadimi - bunisi hozircha noma’lum.


Bundan tashqari, anomal issiqda dehqonlar va bozorlardagi sotuvchilar ham nafaqat joni, moli ham kuyayotganini aytmoqda.

Toshkentdaku bozorlar yopiq, sharoiti biroz yaxshi. Ammo, viloyatlarda qoq oftob tagida turib savdo qilayotganlar mahsulotlar issiqda aynib qolayotgani, sabzavotlar so‘lib, xaridorini yo‘qotayotganidan shikoyat qilmoqda.

Shunday jazirama issiqda xorazmliklarni lol qoldirgan yana bir yangilik - Amudaryoda cho‘milishning pullik qilib qo‘yilgani bo‘ldi.

Ozodlik mobil muxbiriga ko‘ra, Amudaryo sohilining ayrim qismlari Ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan “Xorazm milliy tabiat bog‘i”ga ajratilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2019 - yil 14 - dekabrdagi qarori bilan viloyatining Urganch, Xonqa, Xiva, Yangibozor va Hazorasp tumanlarida umumiy maydoni 21 ming 687 gektar maydon shu bog‘ tasarrufiga berilishi ma’lum qilingan edi.

Endilikda Urganch tumanida yashovchilar bog‘ uchun ajratilgan suv havzalari, xususan Amudaryoda cho‘milib, dam olishni istaganlardan 12 ming 600 so‘m miqdorida pul undirilmoqda.

Ayni paytda mamlakatning bir qismida 47-48 daraja issiq kuzatilgan bir kezda boshqa qismida sharros quygan yoz yomg‘irlari ham kuzatildi.

Ayniqsa, Farg‘ona vodiysining O‘zbekiston va Qirg‘iziston qismida 6 - 7 - iyul tushdan keyin jala yog‘di, So‘x tumanida sel keldi.


O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi, 9 -10 - iyulda respublikaning barcha hududlarida kuchli shamol bo‘lishi kutilayotgani, ayrim hududlarda qumbo‘ronlari kutilayotganidan ogohlantirdi.

Ammo harorat biroz tushsa- da, ob-havo issiqligicha qoladi - turli hududlarda harorat kunduzlari 40 - 35 darajagacha issiq bo‘ladi.

O‘zbekistonlik gidrometeorologlarga ko‘ra, mamlakatdagi bu yilgi jazirama issiq va umuman so‘nggi yillarda havo haroratining keskin o‘zgarayotgani global miqyosda tezlashib borayotgan “issiqxona effekti” jarayoniga bog‘liqdir.

Bu jarayon nafaqat yer sirti, balki fazodagi issiq va sovuq havo oqimlari muvozanatini ham buzmoqda.

Global isish bois 2000 - yillardan boshlab, har yilning chorak qismida O‘zbekistonga kirib keladigan sovuq havo oqimi 10 hissaga kamayib ketgan va bu ko‘rsatkich yana pastlashi mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yozgi harorat iqlimiy me’yordan o‘rtacha 6 darajaga oshgan.

Иссиқдан қочганлар Тошкент санаторийларида дам оляпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00

Havo harorati nafaqat O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va dunyoda ham favqulodda ko‘tarilib bormoqda. Dunyoning ayrim mintaqalarida harorat 49 darajadan oshdi.

Jumladan, Kanada g‘arbida anomal issiqdan 500 kishi vafot etdi, hududda favqulodda vaziyat e’lon qilindi, maktablar, bog‘chalari va boshqa ko‘plab tashkilotlar ishi to‘xtadi.

Anomal issiq AQShning shimoli-g‘arbiy hududlarida ham kuzatilmoqda. Portlend va Sietl shaharlarida 1940 - yildan beri birinchi marta 46 daraja issiq qayd etildi.

XS
SM
MD
LG