Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:00

AQSh maxsus xizmatlari: Jurnalist Xashoggini o‘ldirishni valiahd shahzoda Muhammad buyurgan bo‘lishi mumkin


Jamol Xashoggi
Jamol Xashoggi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon muxolifatchi jurnalist Jamol Xashoggini o‘ldirishni buyurgani yoki hech bo‘lmaganda suiqasdni ma’qullagani ehtimoli katta. Amerika maxsus xizmatlarining e’lon qilinishi kutilayotgan hisobotida shunday xulosaga kelingan. Bu haqda hisobot mazmuni bilan tanishib chiqqan matbuot nashrlari xabar qildi.

The Washington Post gazetasi kolumnisti Jamol Xashoggi 2018 - yil oktabrida Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgandi. Hodisadan so‘ng Xashoggining jasadi bo‘laklarga bo‘linib, konsullik binosidan olib chiqib ketilgan va haligacha topilgan emas.

Xashoggi Saudiya Arabistoni rasmiylari, xususan, shahzoda Muhammad siyosatini tanqid qilib kelgan.

Jinoyatda shahzoda Muhammad qo‘li borligi haqidagi gumonlar qotillik ortidanoq paydo bo‘lgan edi. Shahzodaning o‘zi Xashoggi o‘limiga aloqador ekanini qat’iyan rad etib keladi.

Boshida Saudiya Arabistoni qotillik sodir etilganini rad etishga urindi, ammo keyinroq jinoyat o‘z elchixonasi ichida sodir bo‘lganini tan oldi.

Konsullikda Xashoggini o‘ldirib, tanasini maydalagan Saudiya razvedkasi zobitlari o‘zboshimchalik bilan chora ko‘rgani iddao qilindi va ular sudlandi.

2020 - yilning may oyida Xashoggi oilasi qotillarni afv qilish bo‘yicha bayonot bilan chiqdi. Qirollik qonunchiligiga ko‘ra, bunday holatlarda ayblanuvchiga o‘lim jazosi berilishi mumkin emas. Natijada mazkur ish bo‘yicha besh kishi 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Yana uch kishiga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi.

Xabarlarga ko‘ra, AQSh razvedkasi hozirlagan hisobotda shahzodaning jinoyatga aloqadorligini ko‘rsatuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalil keltirilmagan, hisobot mualliflari bunday amaliyotni qudratli shahzoda roziligisiz amalga oshirib bo‘lmasligini xulosa qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden hisobot mazmuni bilan tanishib chiqqan va uni qirol Salmon bilan telefon orqali muhokama qilmoqchi. Avvalroq Bayden AQShning mintaqadagi ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Ar-Riyod bilan munosabatlarni «qayta ko‘rib chiqish» zarurligini aytgan edi.

Donald Tramp ma’muriyati davrida Xashoggi o‘ldirilgani va Saudiya Arabistoni Yamanda tinchi aholiga havodan hujum qilganidan keyin ham Vashington – Ar-Riyod aloqalari o‘zgarmagan edi. Baydenning ta’kidlashicha, AQSh Yamandagi mojaroda Ar-Riyodni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi.

Payshanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbatlashgani xabar qilingan edi. Diplomatlar AQSh razvedka xizmatlari hisobotni muhokama qilgan-qilmagani ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG