Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:44

Arosatda qolgan talabalar. Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirganlar muammosi hal bo‘lmayapti


O‘sh universitetidan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan talabalarning bir guruhi
O‘sh universitetidan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirgan talabalarning bir guruhi

7 - fevral kuni qo‘shni respublikalarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini mahalliy OTMlarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlanganiga bir yil to‘ladi.

Bir yildirki, o‘qishini vataniga ko‘chirib, arosatda qolgan talabalar arzini eshitadigan mutasaddi topilmayapti.

2020 - yil 4 - fevraldagi hujjatga muvofiq, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklarga o‘qishini imtihonsiz O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati berilgan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shni davlatlardan jami 36 ming 400 nafar talaba O‘zbekistonga qaytgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir yil davomida talabalar muammosiga biror munosabat bildirmadi.

Arosatdagi talabalar

Qashqadaryolik Shahriyor Abdushukurov O‘zbekiston hukumati qaroriga ishonib, o‘qishini ko‘chirib, arosatda qolgan minglab talabalardan biri.

Qozog‘istonning Chimkent shahridagi Muxtor Avezov nomli universitetning ikkinchi kursida o‘qiyotgan Shahriyor o‘tgan yili o‘qishini Qarshi muhandislik- iqtisodiyot institutiga ko‘chirgan.

Shahriyorning otasi Hamroqul Qarshiyevga ko‘ra, o‘g‘li Qarshi muhandislik- iqtisodiyot institutining Energetika fakultetida ikkinchi kursning ikkinchi semestrini o‘qigan va shu davr uchun kontrakt pulini to‘lagan.

- Bir semestr o‘qidi. Qozog‘istonda ikkinchi kursning birinchi semestrini tugatgandi. Ikkinchi semestrni bu yerda o‘qidi. Onlayn tarzda o‘qish bo‘ldi. Yarim yillik kontrakt pulini to‘ladik. Ikkinchi kurs yopildi. Lekin 2020- 2021 - o‘quv yili boshlangach o‘g‘limni sessiyaga chaqirishmadi,- deydi Hamroqul Qarshiyev Ozodlik bilan 2 - fevral kungi suhbatda.

Samarqandlik Ulug‘bek Bobomurodov ham Shahriyor singari vaziyatda. Samarqand iqtisodiyot-servis institutiga o‘qishini ko‘chirganini yozgan Ulug‘bekka ko‘ra, ushbu oliygohda u singari vaziyatdagilar soni anchagina:

“Mingdan ziyod talaba sarson. 2019-2020 - o‘quv yilining ikkinchi semestri uchun kontrakt to‘lovlarini to‘laganimizdan so‘ng dars jarayonlarida qatnashdik. 2020-2021 - o‘quv yili boshlangach, bizni darslarga chaqirishmadi. Kontrakt shartnomalari ham tuzilmadi. Institutga qabul qilinganlik haqidagi buyruq ham chiqmadi. Endi esa ortga yo‘l yo‘q. Biz talabalar bilan shug‘ullanadigan mas’ul yo‘q. Rektor oldiga kirgizishmayapti”.

Bunday vaziyatdagi talabalarning aniq soni O‘zbekiston bo‘yicha qancha ekani noma’lum. Birgina Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ularning soni 400dan ziyod. Oliygoh mulozimlariga ko‘ra, o‘tgan o‘quv yilida qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan jami 1400dan ortiq talaba Qarshi muhandislik- iqtisodiyot institutiga hujjat topshirgan, ulardan faqat 1000dan ziyodi talabalikka qabul qilingan.

Sabab nima?

Talabalar bilan suhbatlardan ma’lum bo‘lishicha, ular o‘tgan yilning 7 - fevralidan 15 - martigacha bo‘lgan muddatda hujjat topshirish uchun O‘zbekistonga qaytgan va yarim yil o‘qigach, ulardan qo‘shni davlatda o‘qigani haqidagi hujjatning asl nusxalari talab qilingan.

Pandemiya sabab joriy qilingan karantin bois mamlakatdan chiqa olmagan talabalar esa talab qilingan hujjatni o‘z vaqtida oliygohga taqdim qila olmagan.

“Biz Oliy ta’lim vazirligi qoshidagi goskomissiya qarori bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan qaytgan talabalarni srazu o‘qishga tushirib yubordik. Goskomissiyaga hujjat topshirganlarning barchasi to‘g‘ridan -to‘g‘ri o‘qiy boshladi. Lekin talabalar xorij davlatidagi oliygohdan “akademik ma’lumotnoma”ni bizga taqdim qilmaguncha, uni talabalikka qabul qilish haqida buyruq chiqarmaymiz. Tartibi shunaqa. Talaba soxta hujjat to‘g‘rilab, bizni aldamasliklarini oldini olish maqsadida qilingan bu. “Akademik ma’lumotnoma” degani - qo‘shni davlatdagi institut “haqiqatan ham bizlarda o‘qidi, quyidagi fanlarni o‘tdi” deb yozib beradi. Agar shu hujjat bo‘lmasa, talabalikka qabul qila olmaymiz. Hozir butun mamlakat bo‘ylab, xorijdan qaytgan talabalar duch kelayotgan muammo sababi faqat shu, “akademik ma’lumotnoma”ni taqdim qila olmayotgani”,- dedi Samarqand davlat universitetining Ozodlik bog‘langan xodimi.

“Akademik ma’lumotnoma” olish qiyin!?

Qarshi muhandislik- iqtisodiyot instituti mulozimlaridan biri talabalarning “akademik ma’lumotnoma”ni taqdim qila olmayotgani sababini shunday izohladi:

“Tartibga ko‘ra, biz qo‘shni davlatdagi oliygohlarga zapros jo‘natamiz. Biz zapros jo‘natgan paytimizda talaba u yoqda kontrakt pulini to‘lamagan bo‘lsa, fanlardan qarzdor bo‘lsa, ular hujjat bermayapti. Hatto bitta kitob qarzi bo‘lsa ham, ular hujjat bermayapti. Shuning uchun bu muammoni hal qilish bizning vakolatimizga kirmaydi, biz bu muammoni yecha olmaymiz”.

Shahriyorning otasi Hamroqul Qarshiyevga ko‘ra, o‘g‘li uchun talab qilinayotgan hujjatni olish uchun u 12 million so‘m harajat qilishi lozim bo‘lyapti:

- O‘g‘lim u yoqdan ochisleniye bo‘lmagan. “Talabalar safidan chiqarishingizni so‘rayman” deb ariza berishi kerak ekan. Bu ariza berilmagan. Chunki o‘sha paytda ariza berish xatarli edi. Mabodo u yoqqa ariza berib kelsa, bu erda o‘xshamay qolsa, quruq qolib ketardi. Shuning uchun ariza berilmagandi. Karantin boshlangach, Qozog‘istonga o‘ta olmadik. U yoqda o‘g‘lim haliyam talabalar ro‘yxatida turibdi. Lekin kontrakt pullarini to‘lamagani uchun “akademik ma’lumotnomani” berishmayapti. Biz bu yerga bir semestr uchun pul to‘laganmiz. Lekin shu pulni Chimkentdagi institutga ham to‘lashimiz kerak bo‘lyapti. O‘tgan yilgi ikkinchi semestr va bu yilgi birinchi semestr uchun taxminan 8 million so‘mga tushyapti. Hujjat olmoqchi bo‘lgan odam ularga shu pulni to‘lashi kerak. Keyin bu yerga yana qayta to‘lash kerak, 4 million so‘m atrofida.

Ozodlik 2 - fevral kuni o‘tkazgan surishtiruvi natijasida aniqlashicha, ayrim oliygohlar xorijdan qaytgan talabalar uchun talab qilinayotgan “akademik ma’lumotnoma”ni olish yo‘lini hal qilishgan.

Jumladan, Toshkent Tibbiyot akademiyasining Ozodlik bog‘langan mas’uliga ko‘ra, ular qo‘shni davlatlarga o‘z vakillarini jo‘natib, ushbu hujjatni olib kelishgan.

“Biz o‘zimizning domlalarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga yubordik. Domalarimiz o‘sha yerdagi institutlarga borib, shug‘ullanishdi. Haqiqatan ham talaba o‘sha yerda o‘qiyotganini tekshirib, hujjatlarini olib kelishdi. Bizda “akademik ma’lumotnoma” ololmagan talaba qolmadi. Biz hammasini olib bo‘ldik. Bitta muammo bor edi, Tojikistondagi institutdan kelgan talabaning hujjatlari bilan bog‘liq. U ham hal bo‘ldi, yaqinda unga ham buyruq chiqdi”.

Yana bir muammo: Kursni pasaytirish

Ozodlikka bog‘langan ayrim talabalar ular bir kursda ikki marta o‘qishga majbur bo‘layotganidan shikoyat qilishdi.

“Men Qirg‘izistondagi O‘sh davlat universitetidan SamDUga hujjatlarimni topshirgandim. U yoqda ikkinchi kursni o‘qidim, hozir qaytadan yana ikkinchi kursda o‘qishimni aytishyapti. Nima qilishimni bilmayapman. U yoqdan uje hujjatlarimni olib keldim. U yoqqa ham qaytib bora olmayman. Bu yerda bitta kurs pastda o‘qishni ham istamyapman. Bir yil umrim zoye ketyapti”, -deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan talaba yigit.

Ayni muammo deyarli har bir oliygohda bor, jumladan, Qarshi muhandislik- iqtisodiyot institutida ham.

“Vazirlar Mahkamasining 393- qarorida aniq ko‘rsatilgan bu holat. Namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va mutaxassislik fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda biz talaba kursini pasaytiramiz. U yoqda o‘qigan fanlari biznikidan farq qilishi mumkin. Talaba 4 ta fanni o‘zi mustaqil o‘zlashtira olmaydi. Shuning uchun uni biz bir kurs pastga olamiz, talaba shu fanlarni o‘qishi shart”, dedi Qarshi muhandislik- iqtisodiyot instituti mulozimi.

Ushbu muammoga duch kelgan ayrim talabalar bir kurs pastda o‘qishni istamasdan xorijdagi oliygohga qaytib ketgan hollari ham mavjud. Jumladan, Toshkent Tibbiyot akademiyasiga qo‘shni davlatlardan jami 183 nafar talaba kelgan, ularning 11 nafari esa yana ortga qaytib ketgan.

“Ular kelib hujjat topshirdi. Lekin ularning kursini biz aniqlaymiz. Bu 11 nafar talaba katta kurslarda o‘qirdi. Ularda fanlar farqi 4tadan ko‘p bo‘lgani uchun ularga bir kurs pastda o‘qish yoqmadi va ular qaytib ketishdi”,- dedi Toshkent Tibbiyot akademiyasi mas’uli.

Vazirlik sukunati

Ozodlik o‘tgan bir yil davomida qo‘shni davlatlardan qaytarilgan talabalar bilan bog‘liq muammolar borasida o‘nlab maqolalar qildi. Har safar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga izoh so‘rab murojaat qilindi. Shu paytgacha vazirlik na Ozodlik va na mahalliy matbuotga talabalarning ushbu muammosi yuzasidan izoh berdi.

2 - fevral kuni Ozodlik muxbiri yana ushbu vazirlikka bog‘lanib, qo‘shni davlatlardan qaytgan talabalar muammolariga biror yechim bor-yo‘qligini so‘radi.

Matbuot bilan gaplashishga mas’ul shaxs vaqti tig‘izligi aytib, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Ўқишини кўчираётган талабалар: ЎшДУдаги вазиятга Андижон тиббиёт университети сабабчи!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:25 0:00

Qulaylik yaratish maqsadidagi qaror

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirining qo‘shni davlatlardagi talabalarni o‘quv yili o‘rtasida qaytarishga doir buyrug‘i mamlakat prezidenti ma’muriyati topshirig‘iga binoan chiqarilgani ma’lum bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik yozgan edi.

Vazirlik o‘z qarorini “talabalar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadi” bilan izohlagan.

Davlat komissiyasining 2020 - yil 4 - fevraldagi 12-son bayoni bilan qo‘shni 3 davlat - Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonliklarga o‘qishini imtihonsiz O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati berilgandi.

Qo‘shni davlatlardan o‘qishini ko‘chirishni istovchilar sonining nihoyatda ko‘pligidan¸ vazir avvaliga bir hafta qilib belgilangan ko‘chirish jaraënini 15 - martga qadar uzaytirgan edi.

Respublika Oliy ta’lim kengashi Xushnudbek Xudoyberdiyevga ko‘ra, o‘shanda hujjat topshirgan jami 36 ming 400 nafardan ko‘proq talaba mamlakat bo‘ylab 80 ta OTMda o‘qishga qabul qilingan.

Ulardan qanchasi rasman talabalar safiga qo‘shilganiyu qanchasi hanuz arosatda qolayotgani ma’lum emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG