Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:17

Bayden Ukraina "Birdamlik" kunida Rossiya tahdidi saqlanib qolayotganidan ogohlantirdi


Ukraina 16 - fevralda Birdamlik kunini nishonladi.
Ukraina 16 - fevralda Birdamlik kunini nishonladi.

Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy urush boshlashi aytilgan 16 - fevralda Ukrainada Birdamlik kuni nishonlandi.

Bir kun avval Rossiya o‘z qo‘shinini Ukraina chegarasidan qaytara boshlaganini bildirdi. Biroq NATO buni inkor qilgan.

AQSh prezidenti Jo Baydenga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga tajovuz qilishi xavfi hamon mavjud, Rossiya harbiylari hanuz Ukrainaga tahdid soluvchi pozitsiyalarni egallab turishibdi.

Oq uy rahbariga ko‘ra, Ukraina atrofida, jumladan, uning Belarus bilan chegaralari yaqinida to‘plangan rus askarlari soni 150 mingga yetganini aytgan.

Ukrainada 16 - fevral Birdamlik kuni sifatida nishonlanmoqda. Prezident Vladimir Zelenskiy bir kun avval 16 - fevralni Ukraina Birdamlik kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Bugun Zelenskiy ukrainaliklarni qutlab, birdamlikka chaqirdi.

“Hammamizni tinch-totuv yashash, oilamiz, ota-onamiz va farzandlarimiz bilan baxtli hayot kechirish istagi birlashtiradi. Biz bularning bariga to‘liq haqlimiz. Chunki biz o‘z uyimizda, Ukrainadamiz. Hech kim Ukrainani biz kabi sevmaydi va uni biz kabi himoya qila olmaydi. Barcha-barchani Ukraina birdamlik kuni bilan muborakbod etaman. Biz birga bo‘lsakkina yakdil bo‘lamiz, Biz faqat birgalikda kuchlimiz. Biz "Ukraina birga” telemarafoniga start berdik. Telemarafonni telekanallarimizda kuzatib boring", dedi Zelenskiy.

Avvalroq ayrim ommaviy axborot vositalari, jumladan, Germaniyaning Spiegel nashri Rossiya Ukrainaga 16 - fevral kuni urush e’lon qilish ehtimoli borligi to‘g‘risidagi xabarlarni tarqatgan edi.

Ammo 15 - fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi 130 ming harbiysini Ukraina bilan chegaradosh hududlardan “harbiy mashg‘ulotlar yakunlangani munosabati bilan” olib chiqib ketayotganini bildirdi.

“Janubiy va G‘arbiy harbiy okrug bo‘linmalari o‘z vazifalarini tugallab, temir yo‘l va avtomobil transportiga yuklarni ortishni boshlab yubordilar va bugundan o‘z harbiy qismlariga jo‘naydilar. Alohida bo‘linmalar harbiy kolonnalarning bir qismi sifatida mustaqil yurishadi”, dedi Mudofaa vazirligi rasmiy vakili Igor Konashenkov.

16 - fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Janubiy harbiy okrug qo‘shinlarining ayrim qismlari jangovar mashqlar yakunlangani ortidan Qrimni tark etganini bildirdi.

"Interfaks"ning Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berishicha, Qrimdan jangovar mashg‘ulotlarda qatnashgan harbiy texnika, artilleriya uskunalari va askarlar temir yo‘l orqali olib chiqib ketilmoqda.

15 - fevralda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya Ukraina bilan chegaradosh hududlardan harbiylarini olib chiqib ketayotgani kuzatilmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

Shu kuni AQSh prezidenti Jo Bayden ham Ukrainadagi vaziyatga doir bayonotida Rossiyaning Ukrainaga tajovuz qilish xavfi hamon mavjudligi, rus harbiylari hanuz Ukrainaga tahdid soluvchi pozitsiyalarni egallab turishganini aytdi.

“Rossiya mudofaa vaziri bugun ayrim harbiy qismlar Ukraina yaqinidagi o‘z pozitsiyalarini tark etayotganini ma’lum qildi. Yaxshiku-ya, ammo biz buni hali tekshirganimiz yo‘q. Biz Rossiya harbiy bo‘linmalari o‘z bazalariga qaytganini hali tasdiqlaganimiz yo‘q. Darhaqiqat, bizning tahlilchilarimiz ta’kidlashicha, ular hali ham o‘ta xavfli mavqeda turibdi va hozirda Rossiya Ukraina, shuningdek, Belarus va Ukraina chegarasi bo‘ylab 150 mingdan ortiq qo‘shinni ushlab turibdi. Bosqin ehtimoli aniq saqlanib turibdi", dedi Bayden.

AQSh prezidenti o‘z chiqishida AQSh va SSSR Ikkinchi jahon urushida ittifoqdosh bo‘lganini eslagan. U Ukrainaga qarshi muhtamal hujumni sira oqlab bo‘lmasligini urg‘ulab, Ukraina bilan Rossiyani umumiy tarixi hamda ko‘plab aloqalar birlashtirishini eslatgan.

Bayden yana bir bor Rossiyani diplomatiya yo‘lini tanlashga chaqirgan. U Rossiya xalqiga murojaat qilarkan, AQSh unga tahdid solmayotganini, Qo‘shma Shtatlar unga dushman emasligini aytgan. Baydenga ko‘ra, Vashington Rossiyani beqarorlashtirishga intilmaydi.

“AQSh va NATO Rossiyaga tahdid solmaydi. Ukraina Rossiyaga tahdid solmaydi. Ukrainada AQSh ham, NATO ham raketa joylashtirmagan. Joylashtirish niyatimiz ham yo‘q. Biz Rossiya xalqini nishonga olayotganimiz yo‘q. Rossiyani beqarorlashtirishga ham intilmayapmiz. Rossiya fuqarolariga aytaman, siz dushmanimiz emassiz va sizlar Ukrainaga, shu qadar chuqur tarixiy va oilaviy aloqalar bo‘lgan mamlakat va xalqqa qarshi qonli, vayronkor urush bo‘lishini xohlayotganingizga ishonmayman", dedi AQSh prezidenti.

Bayden o‘z bayonotida Rossiya agressiya boshlagudek bo‘lsa, AQSh va ittifoqchilari shu paytgacha joriy etilgan sanksiyalarga nisbatan ancha keskin cheklov choralarini ko‘radi, deyilgan Prezident yangi sanksiyalar agressiya boshlangan zahoti kuchga kiritilishini ta’kidlagan. Sanktsiyaga uchraydigan obyektlar ro‘yxatida u “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini ham tilga olgan.

AQSh prezidenti Qo‘shma Shtatlar, Rossiyaning “xavfsizlik kafolatlari”ga doir talablariga javoban qator takliflarni ilgari surganini aytib, Moskvani muzokaraga chorlagan. Uning urg‘ulashicha, AQSh Ukrainaga o‘zini mudofaa qilishi uchun qurol-aslaha yetkazib bergan, ammo uning hududida raketalarni joylashtirmoqchi emas.

Baydenga ko‘ra, Amerika o‘z prinsiplaridan voz kechmaydi, xususan, har bir mamlakat, shu jumladan Ukrainaning ham o‘z tashqi siyosat yo‘nalishini mustaqil tanlash huquqini hurmat qiladi.

Prezident, shuningdek, AQSh NATOdagi ittifoqchilarini himoya qilishga va kiberhujumlardan mudofaalanishga shayligini bildirgan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Bryusselda ikki kun davomida o‘tgan uchrashuvida Rossiyaning Ukraina chegarasiga askar va harbiy texnika jamlashini “sovuq urush davridan beri kuzatilmagan mislsiz voqea” sifatida ta’rifladi.

AQSh va qator davlatlar rasmiy vakillari Rossiya Ukrainaga istalgan paytda hujum qilish qudratiga ega ekani to‘g‘risida bayonot bergandi. Ammo Kreml bunday niyati yo‘qligini aytib kelgan.

Rossiyaning muhtamal hujumiga oid xabarlar manzarasida AQSh, Kanada va Germaniya Ukrainadagi o‘z elchixonasini vaqtincha Lvovga ko‘chirishga qaror qilgan.

AQSh, Kanada, Chernogoriya, Hollandiya, Yaponiya, Latviya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Daniya, Norvegiya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Litva, Finlyandiya, Italiya, Shvetsiya, Chexiya va Iroq kabi jami 40ga yaqin davlat o‘z fuqarolariga Ukraina hududini tark etishni tavsiya qilgan.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasi yaqiniga yig‘ilayotganiga oid xabarlar ommaviy axborot vositalarida o‘tgan yil kuzidan beri paydo bo‘la boshlagan. AQSh va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar Moskva harbiy hujumga hozirlanayotganini taxmin qilib, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsata boshlashgan.

Kreml bu iddaolarni rad etib, AQSh va NATOdan xavfsizlik kafolati, jumladan Shimoliy Alyansni sharqqa tomon kengaytirmaslikni talab qilgan. G‘arb vakillari printsipial masalalarda yon berish niyatlari yo‘qligini bildirishgan.

Shu o‘rinda Ukrainadan olingan so‘nggi xabarga to‘xtalsak. Ukraina raqamli transformatsiya vaziri Mixail Fedorov mamlakat davlat serverlari va banklariga 15 - fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da qilingan hakerlik hujumi, jumladan, O‘zbekiston orqali uyushtirilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Hujumlarning boshlang‘ich nuqtasi Rossiya va Xitoydan ekani aniqlandi. Soniyasiga taxminan 600 ming zararli trafik paketi uzatilgan. Mutaxassislarimiz tezkorlik bilan bu hujumlarni “qaytardi”. Ammo keyingi hujumlar Chexiya va O‘zbekiston orqali uyushtirildi. Bu hujumlar ham “to‘sildi”. Foydalanuvchilar uchun hujum harakatlari sezilmagan”, deb yozdi Mixail Fedorov Telegram kanalida.

Vazirning ta’kidlashicha, Ukraina Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar, “Privatbank” hamda “Oshadbank”ning saytlari DdoS hakerlik hujumlariga uchragan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG