Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

Belgrad serb siyosatchisining Rossiya josuslari hujumi haqidagi da’vosini tergov qilishdan bosh tortmoqda


Chedomir Yovanovich
Chedomir Yovanovich

Serbiya Ichki ishlar vazirligi muxolifatchi siyosatchi Chedomir Yovanovichning rus diplomatlari jinoyati haqidagi iddaosini ko‘rib chiqishdan bosh tortmoqda. Yovanovichning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik diplomatlar ikki yil oldin o‘spirin qizga qilgan tajovuz bilan bog‘liq ishni politsiya bosti-bosti qilgan.

Slobodan Miloshevich davridan beri faoliyat yuritib kelayotgan dissident Yovanovich «Liberal demokratik partiya» rahbari bo‘lib, bugunga qadar uning joniga bir necha marta qasd qilingan. Siyosatchi o‘tgan oy Serbiya politsiyasi uning oilasini himoya qilishni to‘xtatganidan keyin, qiziga qilingan hujum haqida boshqa sukut saqlamaslikka qaror qilganini aytdi.

Yovanovich Serbiya politsiyasini o‘z burchini bajarmaslikda ayblamoqda. Siyosatchi 2 iyun kuni Belgraddagi uyi yonida «bezorilar» millatchilik ruhidagi qo‘shiqlarni baralla qo‘yishi ortidan politsiya bilan janjallashib qoldi, natijada prokuratura unga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘adi.

Yovanovich prokuratura ayblovini politsiya boshlig‘i Vladimir Rebich ustidan qilgan shikoyati uchun qasos deb atadi.

Siyosatchi B92 nashri bilan suhbatda:

«Menga qarshi uyushtirilgan suiqasdlar, qizimga qilingan hujumlar va mashinam ostiga bomba qo‘yganlar kim ekanini aytishlarini so‘rayman», - dedi.

2001 - yilda Yovanovich mashinasiga bomba o‘rnatilganidan beri uni politsiya himoya qilib kelayotgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda 14 yoshda bo‘lgan qiziga qilingan hujum ortidan rasmiylar unga sukut saqlashni buyurgan.

Siyosatchi rasmiylarni ushbu hodisani «ko‘mishga» urinishda ayblamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya diplomatik pasportiga ega bo‘lgan uch kishi qizining do‘sti va uning yonida turgan odamga hujum qilgan, so‘ngra qizi ichayotgan ichimlikka «ekstazi» deb nomlanuvchi gallyutsinogen dorini solgan va uni ichishga majburlamoqchi bo‘lgan.

Yovanovich qiziga hujum tafsilotlarini Rossiya harbiy razvedkasi xorijda, shu jumladan, Angliya, Bolgariya va Chexiyada amalga oshirgan zaharlashlar va boshqa hujumlar ortidan Moskva va G‘arb hukumatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarang bo‘lib qolayotgan bir paytda e’lon qildi.

Serbiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa rasmiylar Ozodlikka Yovanovichning qiziga qilingan hujum haqidagi ayblovlarini izohlab berishdan bosh tortdi.

Yovanovich o‘z iddaolarini ilk bor 14 - may kuni Blic axborot agentligiga bergan intervyusida bayon qildi.

Maqola e’lon qilinishdan bir necha soat o‘tib, Rossiyaning Belgraddagi elchisi Aleksandr Botsan-Xarchenko ayblovlarni «yovuz uydirma» deb atadi.

Yovanovichning aytishicha, Serbiya rasmiylari unga og‘zaki ravishda ish yopilgani va hech kimga hech qanday ayblov qo‘yilmaganini aytishgan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, keyingi paytda Rossiya hodisani bosti-bosti qilishga chorlab, Belgradga bosim o‘tkazmoqda.

«Ular biz ota-ona sifatida voqeadan bir necha kun o‘tgach, shikoyat bilan murojaat qilganimiz va [hisobotda ko‘rsatilgan] odamlar javob bermagani uchun ish yopilganini aytishdi. So‘nggi bir necha kun ichida Rossiya elchixonasi iltimosiga binoan Serbiya Ichki ishlar vazirligi bularning barchasini o‘tmishda chuqur ko‘mish va bu bilan ishga nuqta qo‘yish ilinjida hujjat hozirlamoqda», - dedi Yovanovich Ozodlik radiosining Bolqon xizmati bilan suhbatda.

50 yoshli Yovanovich 90 - yillarda Yugoslaviyada Slobodan Miloshevich rahbariyatiga qarshi talabalar noroziliklarini uyushtirgan kunlardan beri Serbiya siyosiy sahnasini tark etmay keladi.

Yovanovich 2001 - yil mart oyida niqobli hukumat qo‘shinlari Miloshevich villasini ishg‘ol qilishi ortidan prezident tinch yo‘l bilan taslim bo‘lishiga yetaklagan muzokaralarda muhim rol o‘ynagani aytiladi. Xabarlarga ko‘ra, Miloshevich taslim bo‘lgandan keyin, uning qizi Mariya Yovanovichga o‘q uzgan. Oradan yillar o‘tib Yovanovich «shundoq ham mushkul vaziyatni yanada og‘irlashtirmaslik» maqsadida Mariyaga qarshi ko‘rsatma berishdan bosh tortganini aytgan.

Ammo siyosatchi bugunga qadar saylovlarda g‘alaba qozona olmay keladi.

Yovanovich yillar davomida turli xil markazchi partiyalarga a’zo bo‘ldi, yangi partiya tuzdi va ularni tark etdi. 2008 va 2012 - yillarda prezidentlikka nomzodini ko‘rsatdi, ammo muvaffaqiyat qozonmadi.

U Rossiyani izchil tanqid qilib keladi va Serbiya G‘arb bilan yaqin aloqa o‘rnatishi va kelajakda NATOga a’zo bo‘lishi tarafdori. Serbiyada bunday qarash qarshilikka uchrab keladi, chunki etnik serblar 1990 - yillarda sodir bo‘lgan mojarolar paytida NATO Serbiyaga qarshi chora ko‘rganidan hali-hanuz g‘azabnok.

Yovanovich tez-tez serb millatchilari va boshqa o‘ng qanotchilarning tanqidiga uchraydi, chunki siyosatchi 90 - yillarda sodir bo‘lgan etnik qirg‘inlarda serblar aybi borligini tan oladi, Kosovo mustaqilligini hamda LGBT shaxslar huquqlarini qo‘llaydi.

U o‘zi va oila a’zolari muntazam ravishda o‘lim tahdidlarini olishini aytgan. 2001 - yilning fevral oyida Belgradda mashinasiga o‘rnatilgan bomba portlagan, ammo u omon qolgan. O‘shandan beri siyosatchini politsiya himoya qilib kelayotgan edi.

Portlash arafasida Yovanovich o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Dushan Mixaylovich bilan Yugoslaviya davlat xavfsizlik xizmatining yuqori lavozimli rasmiysi bilan o‘tmishdagi siyosiy suiqasdlar haqida suhbatlashgan bo‘lgan.

Oradan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tgach – 2012 - yilda Serbiya davlat gvardiyasining sobiq a’zosi Yovanovichga telefon orqali o‘lim bilan tahdid qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi.

Yovanovichning so‘zlab berishicha, 2019 - yilning yozida qizi Jana va uning dugonasi McDonald’s restoranida o‘tirgan chog‘ida uchta notanish odam ularning oldiga kelgan. Uchovlon Jananing dugonasini nariroqqa itarib yuborgan, so‘ngra Jananing ichimligiga oq kukunni solib, uni ichishga majburlamoqchi bo‘lgan.

Hodisaga guvoh bo‘lib, aralashgan o‘tkinchini uchala hujumchining biri yerga qulatgan. Jananing dugonasi Yovanovichning xotiniga qo‘ng‘iroq qilgan, xotini esa politsiyaga chalgan.

«[Politsiya] kelganida, uchalasi Rossiya diplomatik pasportlarini ko‘rsatgan. Buning ortidan Rossiya elchixonasidan kimdir kelib, ularni olib ketgan», - deb so‘zlab berdi Yovanovich.

Yovanovichning so‘zlariga ko‘ra, o‘tkazilgan testlar Jana ichimligiga xalq orasida «ekstazi» deb nomlanuvchi MDMA psixotrop moddasini solishganini ko‘rsatgan. Ammo Yovanovich Ozodlik radiosiga qizi ichimligida MDMA topilganini tasdiqlovchi biror dalilni taqdim etmadi.

Joriy oyda Yovanovich Blic va Ozodlik radiosi bilan suhbatda politsiya norasmiy ravishda uning farzandlari politsiya himoyasidan mahrum qilinishini ma’lum qilganidan keyin, hodisa haqida xalqqa ma’lum qilganini aytdi.

Unga bunday qaror haqida yozma ma’lumot berilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar politsiya oilasini himoya qilmasa, o‘zi ham politsiya himoyasini xohlamaydi.

Yovanovich Serbiya politsiyasi boshlig‘i Rebich ustidan qilgan shikoyatida uning xatti-harakatlari Yovanovich va uning oila a’zolari hayotiga xavf tug‘dirayotganini aytgan. Qolaversa, siyosatchi Rebich 2 - iyun kuni voqea yuzasidan ommaviy axborot vositalariga bergan bayonotlari o‘ziga va oilasiga nisbatan xalq nafratini kuchaytirayotganidan shikoyat qilgan.

Rossiya elchixonasi Yovanovichning ayblovlari bo‘yicha Ozodlikning Bolqon xizmatiga izoh berishdan bosh tortdi.

Serbiya Ichki ishlar vazirligi ham ushbu masala bo‘yicha savollarga javob berishdan bosh tortdi. Vazirlik Ozodlikning axborot erkinligiga asoslangan holda 15 kun ichida hodisaga aloqador hujjatlarni ulashishni so‘rab qilgan murojaatini e’tiborsiz qoldirdi.

Yovanovich o‘z faoliyati bilan Rossiyaning Bolqon mintaqasidagi siyosatiga tahdid solayotgani uchun Moskva uni nishonga olayotganini iddao qildi.

«Agar ularning barchasi birgalikda meni Serbiya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya, Bosniya va Gersegovinada va butun mintaqada qilayotgan ishlarimni to‘xtatish uchun meni bilvosita shantaj qilyapmiz, deb o‘ylayotgan bo‘lsalar, adashadilar», - dedi u.

Rossiya bilan muhim diplomatik va mudofaa aloqalarini o‘rnatgan Serbiya Moskvaning Bolqon yarim orolidagi eng yaqin ittifoqchisi o‘laroq ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG