Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:51

Buxoroda YuNESKO himoyasidagi madrasaning xususiy shirkatga berilishi norozilikka sabab bo‘ldi  


“Gavkushon” madrasasi 16-asrda Shayboniylar hukmronligi davrida qurilgan.
“Gavkushon” madrasasi 16-asrda Shayboniylar hukmronligi davrida qurilgan.

Buxorolik faollar YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida “Gavkushon” madrasasining mehmonxona tashkil etish uchun xususiy qo‘llarga berilganidan, buning oqibatida unga shikast yetishi mumkinliginidan tashvishlanmoqda.

Buxoro markazidagi eng yirik qadamjolardan biri bo‘lgan “Gavkushon” madrasasi 16-asrda Shayboniylar hukmronligi davrida qurilgan.

So‘nggi ellik yil davomida bu madrasa binosida buxorolik misgarlarning "Kandakor" hunarmandlik markazi joylashgan.

O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi rasmiylari “Gavkushon” madrasasining “Asilbek nuri” MChJga ijaraga berilganini tasdiqladi.

Ozodlik suhbatlashgan vazirlik mulozimiga ko‘ra, u yerda yengil restavratsiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, obyektda mehmonxona qurish ishlari qilinmagan va xavotirlarga asos yo‘q.

“Gavkushon” madrasasi san’atshunoslar xavotiriga sabab bo‘layotgan Buxorodagi yagona tarixiy obida emas.

65 yoshli buxorolik kandakor Rahmatillo Quliyevning Ozodlikka aytishicha, ellik yil davomida ularning hunarmandlik markazi bo‘lib kelgan qadimiy “Gavkushon” madrasasi hokimlik tarafidan noqonuniy hatti-harakatlar asosida hususiy shirkatga mehmonxona qurish uchun berib yuborilgan.

“Zarb seximiz va hunarmandlarni bepul o‘qitish markazimiz bo‘lgan u yerda. Chet davlatlardan turistlar kelib ko‘rar edi. Hokimlikdagilar hech qanday ogohlantirishsiz bu madrasani ”Asilbek nuri” degan mas’uliyati cheklangan jamiyatga qo‘pol qilib aytganda sotvordi. Yigirmadan ortiq usta hozir ko‘chada qolda.”, - deydi Quliyev.

1968 - yilda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidovning buyrug‘i bilan “Gavkushon” madrasasi usta Salimjon Hamidov va uning 13 nafar shogirdiga topshirilgan edi.

Rahmatillo Quliyev shu 13 shogirdning biri bo‘lgan.

“Deyarli unutilgan ko‘p asrlik hunarmandchilikning yangi hayoti o‘sha madrasadan boshlangandi. Bu ”Asilbek nuri” mas’uliyati cheklangan jamiyatga noqonuniy yo‘l berib yuborilgan. Ularning maqsadi madrasani mehmonxona qilish bo‘lgan. Madrasaning bir qismida remont ishlari ham qilishdi. Bu aslo mumkin emas. YuNESKO himoyasidagi obidaga bitta mix ham qoqish mumkin emas. Ellik yil davomida avaylab qarab kelgan obidani rasvo qilishyapti”, - deydi Rahmatillo Quliyev.

Buxoro markazidagi eng yirik qadamjolardan biri bo‘lgan "Gavkushon" madrasasini YuNESKO 1997 - yilda muhofazasiga olgan.

"Biz avaylab qarab kelgan madrasa vayron bo‘lib ketishidan xavotirdamiz", - deydi Quliyev.

Madrasa ustida talashuv

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, “Gavkushon” madrasasining 529,36 kv.metrdan iborat qismi 2019 - yilning aprel oyida “Asilbek nuri” MChJga 5 yil muddatga ijaraga berilgan.

Bunga obyektlarni investitsiya majburiyatlariga muvofiq ijaraga berish haqidagi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 102-qarori asos qilib keltirilgan.

Hujjatda “Gavkushon” madrasasining “Asilbek nuri” MChJga ijaraga berilgan qismida yengil restavratsiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilgani aytiladi.

Ammo, obyektda mehmonxona qurish ishlari qilinmagan.

Buxorolik faollar va san’atshunoslarning noroziligi ortidan mehmonxona qurish rejasidan voz kechilgan.

O‘zbekiston Turizm va sport vazirligidagi ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimning Ozodlikka aytishicha, dastlabki ijarachi “Kandakor” shirkati bilan ijara muddati 2020 - yil, noyabr oyi oxirida tugagan.

“Madrasa to‘liq muxofazamizda. U yerga ziyon yetkazildi degan gaplar asossiz, mehmonxona qurilmaydi u yerda. Vazirimiz qattiq turyapti bu masalada. Har bir obida u kishining nazoratida. Lekin, “Kandakor” shirkati madrasaning 82,07 kv.metr qismini tegishli ijara shartnomasi tuzmagan holda egallab kelmoqda. Bundan tashqari, ular madrasada choyxona qurib, ijara shartlarini buzganliklari ham aniqlangan”, - dedi vazirlik mulozimi.

Buxorolik kandakor Rahmatillo Quliyev madrasaning bir qismida sayyohlar uchun choyxona tashkil qilganliklari va madrasaning uchta hujrasini egallab o‘tirganliklarini Ozodlikka tasdiqladi.

“Hozir uchta hujra kaliti bizda, to‘g‘ri. Choyxona ham qilganmiz, bu ham to‘g‘ri. Sud qaror chiqardi bo‘shatib berish haqida. Biz bo‘shatdik, uchta hujraga ko‘chirdik hamma narsani. Bu yerdan chiqib ketmayapmiz, nima uchun chunki bularni ishi noqonuniy bo‘lgan. Obyektni bizdan qabul qilib olib keyin tanlovga qo‘yishi kerak edi. Ular bizdan qabul qilmasdan, bizni ogohlantirmasdan bo‘sh joy deb yashirin tanlov qilib ularga o‘tkazgan.

Choyxonani turistlarni jalb qilibsh uchun ochganmiz. Ziyoni bo‘lmagan buni obidaga. Davlat tomonidan o‘tkazilgan festivallarni ham bizga yuklagan, shu choyxonada o‘tkazganmiz, birov g‘iring demagandi o‘shanda. Endi hammaga kerak bo‘lib qoldi, chunki turistlar gavjum yerda joylashgan”, - deydi Quliyev.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarda Buxoro ijara boshqarmasi “Kandakor” shirkatini binoni ijaraga berish uchun tanlov o‘tkazilishi haqda ogohlantirgani aytiladi.

“Kandakor” shirkati rahbari R.Quliyevga 12.01.2018 - yil tanlovda qatnashish huquqi borligi haqida 01/26-sonli ogohlantirish xati berilgan. Biroq, “Kandakor” shirkati rahbari R.Quliyev tanlovda qatnashmagan”, - deyiladi hujjatda.

San’atshunoslar xavotiri

Mutaxassislar kuzatuvlariga ko‘ra, YuNESKO tomonidan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va himoyaga olingan hududda mehmonxonaning qurilishi muhofaza qilingan tarixiy obida atrofining landshafti buzilishiga olib keladi.

Buxorolik san’atshunos Sharifa Narziqulovaning aytishicha, aynan shu bois ularning e’tirozlari ortidan mehmonxona qurish to‘xtatilgan.

“Mehmonxona qurilmaydi deyishyapti, lekin turistik markaz bo‘ladi degan gaplar bor. YuNESKO tomonidan butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va himoyaga olingan hududda bunday narsalar qilish tarixiy obidaga ziyon yetkazmay qo‘ymaydi. Bu madrasani to‘liq davlat himoyasiga olishi kerak, xususiy shirkatlarga ishonib bo‘lmaydi. Kecha choyxona qilishgan bo‘lsa bugun mayxona qilishadi”, - deydi Narziqulova.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Tursunali Qo‘ziyev “Gavkushon” madrasasi qonun doirasida davlat muxofazasidagi obida ekanini Ozodlikka aytdi.

“Kuni kecha Buxoroda bo‘lib, barcha madrasalarni, jumladan “Gavkushon” madrasasini ham ko‘zdan kechirdim. Buxorodagi shu kungacha yetib kelgan madrasalar ichida eng ajoyib va yaxshi saqlanib qolganlaridan. Bu bebaho tarixiy me’moriy madaniy obida O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tasarrufida bo‘lib, amaldagi qonun doirasida davlat muhofazasidadir”, - deydi Qo‘ziyev.

Ammo, buxorolik misgarlar madrasadagi ustaxonasi olib qo‘yilganidan keyin ular asos solgan kandakorlik maktabi barbod bo‘lish yoqasiga kelib qolganini iddao qilishadi.

“Hozir na biz, na ular bir ish qiladi u yerda. Bizdan qabul qilib olmasdan, yashirin tanlov qilib, bizga aytmasdan reyderskiy zaxvat qilib olishdi. Biz ko‘chada qoldik. Shu bilan ellik yillik maktabimiz ham yo‘qolib ketyapti”, - deydi Rahmatillo Quliyev.

“Gavkushon” madrasasi san’atshunoslar xavotiriga sabab bo‘layotgan Buxorodagi yagona tarixiy obida emas.

Bundan oldin Buxoroning UNESCO himoyasidagi hududida kafe quriligi norozilikka sabab bo‘lgan. Keyinchalik bu rejadan voz kechildi.

Uch yil avval esa XVI asrda qurilgan Buxoro markazidagi Abdulazizxon madrasasining devori ta’mir paytida qulab tushgan edi.

Quruvchilar madrasa tagidan komunikatsiya quvurlari uchun shaxta qazgan paytda devor o‘pirilib ketgan.

XS
SM
MD
LG