Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:03

Buxoroning cho‘l hududlarida qo‘ylar ochlikdan o‘lmoqda


Buxoro. Peshko‘ tumanilik fermerning aytishicha, uning qo‘ylari ochlikdan o‘lmoqda.
Buxoro. Peshko‘ tumanilik fermerning aytishicha, uning qo‘ylari ochlikdan o‘lmoqda.

Buxoro viloyatining Peshko‘ tumani cho‘l hududlarida qo‘ylar ochlikdan nobud bo‘lmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan mahalliy chorvadorlarning aytishicha, dag‘al ozuqa va yem-hashak yo‘qligidan och qolgan qo‘ylar cho‘l yaylovda qum va tosh aralash yantoqlarni yeb, oshqozoni tiqilib o‘lmoqda.

Peshko‘ tumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Zavhiddin Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda ba’zi fermerlar qishlov oldidan ozuqa bazasini g‘amlamagani oqibatida qo‘ylar orasida o‘lim holatlari bo‘layotgani, lekin muammo ko‘lamli emasligini aytdi.

Ozodlikka Peshko‘dan kelgan suratlarda tumanning cho‘l hududida o‘nlab qo‘y jasadlari yotganini ko‘rish mumkin.

Peshko‘ tuman, Qoraqir massivida yashovchi fermer Normurod Ro‘ziqulovning Ozodlikka aytishicha, ozuqa yetishmovchiligi o‘zi va tumandagi boshqa chorvadorlarni og‘ir ahvolga solib qo‘ygan:

- Bizniki cho‘l hudud. Qo‘ylarni asosan dalada oziqlantiramiz. Dag‘al yem-hashak yo‘q. Qo‘ylar ochlikdan o‘t aralash qum va mayda toshlarni yeb, oshqozoni tiqilib qolib, o‘shandan o‘lish ko‘p bo‘lyapti. Mening bir oy ichida 12 ta qo‘yim nobud bo‘ldi. Qo‘shni xo‘jaliklarda ham o‘lim ko‘p bo‘lyapti.

Peshko‘lik ismi ochiqlanmasligini istagan boshqa fermer yem-hashak yo‘qligidan qo‘ylarini sotishga majbur bo‘lganini aytdi:

- O‘ttiz qo‘yim bor edi, beshtasi o‘ldi. Qutqarib qolishning iloji bo‘lmayapti. Tumanda yuzlab chorva nobud bo‘lyapti. Shuning uchun, o‘lmasidan oldin bozorga olib chiqib arzonga bo‘lsa ham sotishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki bir telejka somon 600 ming so‘mga chiqib ketgan.

Peshko‘ tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi rahbari Zavhiddin Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda ozuqa yetishmovchiligi sabab qo‘ylar orasida o‘lim holatlari bo‘layotganini tasdiqladi, lekin tuman bo‘yicha muammo ko‘lamli emasligini aytdi:

- Qo‘ylar uchun yetarli ozuqa bazasi bo‘lmagan. Har bitta chorvador qishlov oldidan molini, qo‘yini ozuqa bazasini jamlab qo‘yishi kerak. Har bosh qo‘y hisobiga kamida 150 kilogramm dag‘al xashak, 30 kilogramm kuchli ozuqalar zaxirasi kerak bo‘ladi. Ba’zilari qo‘chqorni qo‘yga vaqtli ko‘shgan, sentabrda qo‘shgan. Bu juda erta. Uni qornidagi qo‘zisi vitaminlarni oladi, ozuqa ko‘p kerak bo‘ladi. Shuni ta’sirida ham o‘lim bo‘lyapti. Lekin, hozir bahor, yerlarga jon kiryapti, buyog‘iga muammo bo‘lmaydi.

Buxoroning Peshko‘ tumani chorvachilik bo‘yicha ilg‘or tumanlardan sanaladi.

Zavhiddin Qurbonovning aytishicha, tumanda hozir 100 mingdan ortiq qoramol, 220 mingdan ortiq qo‘y-echki boqilyapti.

Shulardan qanchasi ozuqa yetishmovchiligidan o‘lgani haqida Qurbonov aniq ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Fermer Normurod Ro‘ziqulov nafaqat Buxoro viloyati, balki boshqa hududlarni ham go‘sht bilan ta’minlab kelayotgan Peshko‘da chorvachilikning tang holda qolgani yaqin oylarda go‘sht narxlarida aks etishi mumkinligini nazardan qochirmaydi:

- Viloyat hokimligi e’tibor karatishi kerak masalaga. Arzon narxda olib kelishni yo‘lga qo‘yib berishi kerak. Aks holda chorvachilik barbod bo‘ladi. Qo‘y go‘shti sakson mingga chiqib ketdi bu yil. O‘tgan yil bilan solishtirganda narxlar o‘ttiz foizga oshdi. Chorvachilik mana bunaqa bo‘lsa go‘sht yana ham oshadi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi ham dekabrdagi o‘z hisobotida go‘sht mahsulotlari narxlari o‘sishiga sabab bo‘lgan uch omildan biri sifatida yem-xashak bazasi kamayishini tilga olingan edi.

“Go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishning yetarli darajasi ta’minlay olinmagani ozuqa bazasi rivojlanmaganligi bilan bog‘liq”, deyilgan vazirlik hisobotida. Bu o‘z navbatida, mazkur mahsulotlarning birja narxlarining mos ravishda 17%, 21% va 27%ga oshishiga olib kelgan.

XS
SM
MD
LG