Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:02

Chexiya Vrbetitsedagi portlashlar uchun Rossiyadan tovon talab qilmoqchi


Vrbetitsedagi o‘q-dori omborlari portlashdan so‘ng.
Vrbetitsedagi o‘q-dori omborlari portlashdan so‘ng.

Chexiya 2014 - yilda Vrbetitsedagi o‘q-dori omborlarida yuz bergan portlashlar uchun Rossiyadan kamida 1 mlrd kron (qariyb 47 mln dollar) tovon puli talab qilishni rejalamoqda. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Alena Shillerova Chexiya televideniyesidagi chiqishida ma’lum qildi.

Tovon to‘lash haqidagi da’voni mamlakat hukumati yaqin bir necha hafta ichida tayyorlamoqchi. Bu yerda gap o‘q-dori zaxiralari portlaganidan so‘ng hududni tozalashga sarflangan mablag‘ o‘rnini to‘ldirish haqida bormoqda — bu xarajatlar Chexiya davlat byudjetidan qoplangan.

Moliya vaziri Shillerovaga ko‘ra, tovon puli xalqaro huquq qoidalariga muvofiq talab qilinadi, zero 2014 - yilgi portlashlar bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida harakat qilinganda to‘lov undirish “juda uzoqqa cho‘ziladi”.

Chexiya TV ma’lumotiga ko‘ra, bir milliard kron, katta ehtimol bilan, hali yakuniy summa emas, chunki jabr ko‘rgan hudud hukumati ham, jumladan, ma’naviy zarar va yaroqsiz holga kelgan mol-mulk uchun tovon talab qilishi mumkin.

Chexiya parlamenti deputati Ondrjey Beneshik Rossiyadan tovon puli undirish Chexiyaga qiyin bo‘lishini aytdi, biroq, uning fikricha, Chexiya hukumati “bunaqa ishlarga ko‘z yuma olmasligini” ko‘rsatib qo‘yishi uchun ham shunga urinib ko‘rishi kerak.

Avvalroq Chexiya bosh vaziri Andrey Babish Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa mamlakatlar rahbarlariga murojaat qilib, ularni Vrbetitsedagi o‘q-dori omborlaridagi portlashlar ishida Chexiya bilan birdamligini namoyish etish uchun Rossiyaning aqalli bir nafardan diplomatini o‘z hududidan badarg‘a qilishga chaqirgandi.

Chexiya Respublikasi maxsus xizmatlari 2014 - yil oktabrida Vrbetitse qishlog‘idagi harbiy omborlarda yuz bergan portlashlarda Rossiya mudofaa vazirligiga qarashli Bosh razvedka boshqarmasi (BRB — GRU) xodimlarining qo‘li bor, deb hisoblaydi.

Chexiya TIV hamda maxsus xizmatlarning qo‘shma bayonotida ushbu qo‘poruvchilik amaliyotini Rossiyaning Pragadagi elchixonasida diplomatik himoya ostida faoliyat yuritgan josuslar (GRU hamda Tashqi razvedka xizmati xodimlari) boshqargani iddao qilingan edi.

Chexiya hukumati 2014 - yilda mamlakatga Aleksandr Petrov hamda Ruslan Boshirov nomiga berilgan Rossiya pasportlari bilan kirgan ikki shaxsni qidiruvga bergan. Bu yerda gap Buyuk Britaniya hukumati 2018 - yili Solsberi shahrida ota-bola Sergey va Yuliya Skripallarni zaharlaganlikda gumon qilayotgan muhtamal josuslar haqida bormoqda. Ularning haqiqiy ismlari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkin ekanligi iddao qilinadi.

“Respekt” nashri hamda “Bellingcat” guruhining qo‘shma tadqiqotiga ko‘ra, Chexiyadagi amaliyot Moskvadagi 29155-sonli harbiy qism komandiri general-polkovnik Andrey Averyanovning shaxsiy nazorati ostida bajarilgan.

Keyinroq chex matbuoti tadqiqotda GRUning ehtimoliy agentlari Chepiga va Mishkindan tashqari, yana bir rossiyalik – sobiq harbiy xizmatchi va ayni paytda Chexiya fuqaroligiga ega Nikolay Shaposhnikov nomi ham mavjudligi haqida yozdi. U 27 yil burun Chexiyaga ko‘chib o‘tgani aytilmoqda.

Tadqiqotchilar aniqlashicha, aynan Shaposhnikov tanishi Bernatikka elektron maktub yuborib, o‘zini qurol-yaroq inspektorlari qilib ko‘rsatgan GRU josuslarining Vrbetitse qishlog‘iga yetib kelish sanasini xabar qilgan.

Portlashlar yuz berganida Shaposhnikov ham Chexiyada bo‘lgan, holbuki, u anchadan beri Gretsiyada muqim istiqomat qiladi.
Uni politsiya so‘roq qilgan, ammo boshqa tafsilotlar jamoatchilikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG