Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:55

COVID-19: Bolalarni davolash uchun maxsus protokol hozirlanmoqda — Toshkent yana pandemiya o‘chog‘iga aylandi


Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda qayd etilgan koronavirus bemorlarining 25 foizini bolalar tashkil qilmoqda. Illyustrativ surat
Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda qayd etilgan koronavirus bemorlarining 25 foizini bolalar tashkil qilmoqda. Illyustrativ surat

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEOJSX) Toshkent shahar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bolalarni koronavirusning yangi shtammidan davolash bo‘yicha protokol hozirlanmoqda.

Shahardagi qator oilaviy poliklinikalar keyingi kunlarda koronavirusga chalinayotgan bemorlar soni ortib borayotgani, ular orasida bolalar ham ko‘payganini aytmoqda.

Bundan tashqari, Ozodlik suhbatlashgan vrachlar bu safar kasallikning avvalgisidan biroz farqli klinik belgilari kuzatilayotganini qayd etdi. Poytaxtlik shifokorlar koronavirusning yangi shtammi keng tarqalmoqda, degan xavotirda.

Ammo shahar SEOJSX rahbariyati yangi shtamm tarqalayotganiga oid xavotirlarni rad etdi. Ozodlik suhbatlashgan mas’ul shaharda koronavirus ko‘payayotgani, shuningdek, bolalar orasida ham “qorishiq infeksiyaga chalinish” holatlari mavjudligini tan oldi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekovga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda qayd etilayotgan koronavirus bemorlarining 25 foizini bolalar tashkil qilmoqda. Rasmiy ayni shu holatni “Britancha shtamm” tarqalayotganidan dalolat sifatida qayd etdi.


Toshkent shahrining Bektemir, Sergeli, Uchtepa, Olmazor, Chilonzor tumanlaridagi qator oilaviy poliklinikalar shifokorlar, mart oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab poytaxtda yana koronavirusga chalinish hollari orta boshlaganini aytmoqdalar.

Shifokorlarga ko‘ra, bu galgi xastalarda kasallikning klinik belgilari biroz farqli kechayotgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Sergeli tumanida 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan OP shifokoriga ko‘ra, hozir qayd etilayotgan yangi xastalarda hid va ta’m bilmaslik belgilari kam uchramoqda.

“Hozirgi bemorlarda tomoq og‘riq, bosh og‘riq, isitma kuchli. Keyin ta’m va hid bilish yo‘qolmayapti, deyishyapti. O‘tgan yil rosa kovid kuchaygan paytda bemorlarning ko‘pida isitma kuzatilmagan, lekin kuchli qorin og‘riq, ich ketishlar bo‘lgandi. Bu yil bu alomatdan shikoyat qilyotganlar ham kam. Shuning uchun, odamlarda yangi shtamm, degan xavotir bor. Ammo, biz buni aytolmaymiz, buni laboratoriya tekshirishi kerak. Ular javobini aytishi kerak”, dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan shifokor.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, u ishlayotgan poliklinika koronavirus bemorlarini o‘tgan yili qo‘llanilgan davolash protokoli va tartibi asosida davolamoqda, og‘ir bemorlar shifoxonaga yo‘llanmoqda.

Bektemir tumanidagi OP shifokori ham bemorlar soni ortayotgani, yangi xastalarda kasallikning klinik belgilari o‘zgargani kuzatilayotganini qayd etdi:

“Bosh og‘riqdan shikoyat kuchaygan, tomoqda kuchli og‘riq. Ta’m va hid bilmaslik ham bor, lekin o‘tgan yilgidaqa emas. Men shaxsan buni yangi shtamm, deb gumon qilyapman. PTsR-test faqat koronavirusni aniqlab beradi, uni yana diagnostika qilib shtammini aniqlash kerak. Bizda hali unaqa hali yangi shtammga laborator diagnostika tekshiruvi boshlanmadi, buni tezroq boshlash kerak. Chunki, bizga aytishmadiyam hali. Bemorlarni eski tartibda davolayapmiz. Issig‘i chiqqanlarni Zangiotadagi kasalxonaga jo‘natyapmiz”.

So‘nggi kunlarda O‘zbekiston, ayniqsa Toshkent shahrida koronavirusga chalinish hollari yana orta boshlagan. 29 - mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 146 nafarga ko‘paydi (jami 82 ming 682), buning 115 nafari Toshkentda.

Shifokorlar, maktab va jamoat joylari karantinga yopilmasa, aprel o‘rtalari yoki oxirlariga borib, kasallik yanada keng tarqalib ketishidan ham xavotirda.

Shifokorlar, yangi shtamm qo‘shni Qozog‘iston va Rossiyada aniqlangani, agar O‘zbekistonda ham ommaviy yoyila boshlasa, birinchi galda bolalarga yuqishiga qarshi maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqilishi zarurligini ta’kidlmoqda.

“Toshkentda aholi juda ko‘p, qayd etilganidan bir necha barobarga ko‘p. Viloyatlar va chet el bilan keldi-ketdi ko‘p. Shuning uchun, yana koronavirus o‘chog‘i bo‘lib qoldi Toshkent. Maktablar ishlayapti, bozorlar ochiq. Transport to‘la, niqob birda bor, yo‘qda yo‘q. Agar yangi shtamm kelib qolsa, bir oyga qolmay, yana o‘tgan yilgi ahvolga qaytib qolishimiz mumkin. Bolalar uchun xavfli, shuning uchun, bolalarni karantinga olish, ular bilan birlamchi kontaktda bo‘lgan boshqa bolalarni cheklash - buning alohida tartibi yo‘q bizda. Masalan, tezkor davolash guruhlariga pediatrlarni qo‘shish kerak. Buni tezroq ishlab chiqish kerak”, dedi Olmazor tumanida 23 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan OP bosh shifokori.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (SEOJSX) Toshkent shahar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bolalarni koronavirusning yangi shtammidan davolash bo‘yicha protokol hozirlanmoqda.

Xizmatning o‘zini tanishtirmagan vakilidan olingan ma’lumotga ko‘ra, kelgusida bolalar maxsus “8-protokol” bilan davolanadi:

“8-protokol ishlab chiqilyapti hozir. O‘sha asosida bolalar davolanadi. Albatta bolalarni davolashda o‘ziga xos farqlar bor, ayrim preparatlarda. Keyin har bitta organizmga o‘ziga xos yondashiladi, bemorni davolashda. Hozircha, shaharda eski COVID-19 kasalligi chiqyapti. Bittagina bolada “Britancha shtamm” aniqlandi. Dubaydan qaytgan 14 yoshgacha bolada, shaharda boshqa bolalarda yangi shtamm chiqmadi”.

Bu xodim, keyingi paytlarda bolalarda mavsumiy ichketar kasalligi bilan koronavirusga birdan chalinish hollari uchrayotganini qayd etdi:

“Miks infeksiya” deyiladi. Mavsumiy diarreya bilan kovidga bir paytda chalinish. Zangiotada koronavirus bemorlariga ochilgan kasalxonada bolalarga bitta alohida bo‘lim ochilgan. Pediatrlar bolalarni davolayapti hozir”.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov, 23 - mart kungi chiqishida hozir kasallanayotgan bemorlarning 25 foizgacha bo‘lgan qismi bolalar ekanini ma’lum qilgandi:

“Agar o‘tgan davr mobaynidagi statistik ma’lumotlarga ahamiyat beradigan bo‘lsak, umumiy kasallanganlarning 2-5, ba’zan 5-7 foiz bolalarga to‘g‘ri kelgan. Hozirga kelib esa, bu ko‘rsatkich 25 foizgachani tashkil etmoqda. Albatta ushbu raqamlarga asoslanib, respublikamizda kasallanganlar, ayniqsa ular orasida bolalarning ko‘pligini inobatga olib, yangi holatlar “Britancha” shtamm bilan bog‘liq deyishimiz mumkin”.

Mulozim yangi kasallanish holatlarida koronavirusning qanday shtammi aniqlanganidan qat’i nazar, tashxis, davolash va profilaktika choralari bir xil qolishini bildirgan.

Ammo koronavirusning COVID-19, “Britancha”, “Braziliyacha”, “Janubiy Afrikacha” yoki mutatsiya natijasida yuzaga kelgan boshqa yangi shtammlarini qayd etayotgan Yevropa davlatlari profilaktika choralarini o‘zgartirdi.

Misol uchun Chexiya va yana bir necha Yevropa davlatlarida oddiy matodan tikilgan niqoblar o‘rniga respirator niqoblar majburiy joriy qilindi. Chexiyada tashkilotlar ishchilariga antigen negativ testsiz ishxonaga kirishi taqiqlandi.

Koronavirusning yangi turi to‘g‘risida ilk xabarlar dekabrda tarqalgan. Bu tur Buyuk Britaniyada aniqlandi, keyinchalik mutatsiyaga uchragan virus boshqa mamlakatlarga tarqala boshladi.

“Britancha shtamm” yuqumliroq bo‘lgani uchun tezroq tarqaladi va shu bilan kasallanganlar va shifokor yordamiga muhtoj bo‘lganlar sonini ko‘paytiradi. Bu shtammning xavotirli tarafi, u bolalar orasida nisbatan tez yoyiladi va kuzatuvlarga ko‘ra, bolalarda avvalgi turiga nisbatan og‘irroq kechadi.

Ushbu shtamm klassik turdagi koronavirusdan klinik belgilari bilan farq qiladi: yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, kuchli charchoq, yuqori isitma va mushaklarda og‘riq ko‘proq kuzatiladi. Hid va ta’mning yo‘qolishi esa, aksincha, deyarli kuzatilmaydi. Ikkala variantga ham bosh og‘rig‘i va ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar xos.

“Britancha shtamm” nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo aholisi orasida qanchalik tarqalganligi hamon noma’lumligicha qolmoqda, chunki Kovid-19 bilan kasallangan barcha bemorlarda ham qo‘shimcha tahlillar o‘tkazilmaydi.

O‘zbekistonda qo‘shimcha tahlillar hozircha faqat Innovatsion rivojlanish vazirligida o‘tkazilmoqda. Rasmiy bayonotga ko‘ra, vazirlikning koronavirus shtammini aniqlaydigan qo‘shimcha tahlillari 5 kunga cho‘ziladi.

XS
SM
MD
LG