Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:43

Ekspertlar: Sabzi narxi oshganiga qurg‘oqchilik va zaxiraning yo‘qligi sabab bo‘ldi


O‘zbekistonliklar sabzi narxi bunchalik oshganini eslolmasliklarini aytadi.
O‘zbekistonliklar sabzi narxi bunchalik oshganini eslolmasliklarini aytadi.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda bir kilogramm sabzi narxi 17 ming so‘mgacha ko‘tarildi.

Fermer va ekspertlar buning sababini qurg‘oqchilik, oziq-ovqat mahsulotlari zaxira tizimining ishlamasligi bilan izohlamoqda.

Ozodlik suhbatlashgan dehqonlarning aytishlaricha, o‘tgan yili sabzi narxining suv-tekin bo‘lgani uchun bu sabzavot turi kam ekilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda sabzi narxining qimmatlagani yuzasidan yumorli postlar ham ko‘paya boshladi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi narx ko‘tarilishi sababini fevral va aprel oylarida ob-havoning keskin sovishi oqibatida sabzi kech yetilayotgani bilan izohladi.

Qashqadaryo viloyat, Qarshi shahrida yashaydigan uy bekasi Nafisa 24 - iyun kuni bozorda bir kilo sariq sabzining narxi supermarketda 17 ming so‘mga chiqqanini ko‘rgan:

“Keyin bozorga kirdim. Sariq sabzi 11 ming, qizil sabzi 8 ming so‘m. Tarixda bunaqasi bo‘lmagan”.

Suv bo‘lmadi

Koson tumanida sabzikorlik bilan shug‘ullanadigan Abdurahmon ismli dehqonning aytishicha, suv bo‘lmagani sababli ko‘pchilikning ekini qurib qolgan:

“Bizning Beruniy hududimiz sabzichilar mahallasi. Viloyatning yarmini sabzi bilan ta’minlardik, desak xato qilmasam kerak. Bilasiz, sabzi ekilganidan keyin darhol sug‘oriladi. U o‘sib toki tagini soya qilguncha doimiy namlik saqlanib turilishi kerak. Biz ko‘proq yomg‘irga umid qilardik, lekin yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Suv ham olib kelolmadik. Ko‘pchilikning sabzisi shunday qilib qurib qoldi. Tarvuzni suvsiz bir qancha muddat ushlab turish mumkin, lekin sabzini bir kun ham ushlab turolmaysiz”.

Dehqonning aytishicha, hovlisiga sabzi ekkanlar ham qurg‘oqchilik sabab kuyib qoldilar:

“Bizda ko‘pchilik 4-5 metrdan odamlar kachalka bilan suv chiqarib, nasos yordamida tomorqasini sug‘orardi. Bu yil esa suv 2-3 metr pastga tushib ketdi, kachalkalar ham qurib qoldi. Oqibatda hovlidagi ekinlarga ham suv topib berolmadik”.

Zaxirada sabzi bo‘lmagan

Buxoro viloyat, Jondor tumanida fermerlik qilayotgan Shuhrat Razzoqovning aytishicha, sabzi narxi qimmatlashib ketganiga ikki sabab bor:

“Birinchisi, o‘tgan yili sabzi 300 so‘mgacha tushib ketdi. Ko‘p dehqonlar xarajatini ham chiqara olmay qoldi. Shuning uchun men bilgan dehqonlar bu yil sabzi ekmadi. Ikkinchi sababi suv yo‘q. Odamlar ekkan hosili suvsizlikdan qurib qolaverganidan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan”.

Shuhrat Razzoqov, sabzi narxining ko‘tarilishiga asosiy sabab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining zaxira bazasi yo‘qligida deb biladi:

“Bizda asosiy zaxira sifatida faqat un, yog‘ va shakar ko‘riladi. Aholidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olib, zaxira qiladigan tashkilotlar tugab ketgan. Mana bu yil piyoz 300 so‘m bo‘lib qoldi, yanagi yil hamma endi sabzi ekadi, piyoz qimmat bo‘ladi. Narxlar qimmatlashib ketishining asosiy sababi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, uni zaxira qilish tizimi butunlay ishdan chiqqan. Ilgari sobiq ittifoq davrida “zagotkontora” degan idora bo‘lardi. O‘sha aholidan meva sabzavotlarni sotib olib, birday, bir xil narxda savdoga chiqarib turardi. O‘shanda aholi yetishtirgan biror mahsulot qolib, chirib ketmas edi. Masalan, qishin yozin kartoshka, piyoz, sabzi narxi bir xil turardi”.

Bahor kech keldi

Andijon viloyat, Paxtaobod tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, ob-havoning sovuq kelishi oqibatida sabzi rivoji kech qolgan:

“Har yili eski sabzi bilan yangi sabzining bozorga chiqishi o‘rtasidagi tafovut bir hafta, o‘n kun bo‘lardi. Bu yil bahor kechikkani va kunlar kechroq isigani sabab sabzi kech yetilyapti. Shuning uchun narx birdaniga ko‘tarildi. Bizda hozir bir kilo sabzining narxi 11 ming so‘m”.

Planli-proporsional rivojlantirish yo‘q bo‘ldi

Sobiq ittifoq davrida Qashqadaryo viloyatidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tayyorlash va zaxira qilish idorasida rahbar bo‘lib ishlagan sobiq mulozimning aytishicha, iqtisodiyotni planli-proportsional rivojlantirish izdan chiqqanligi sababli, ayrim bir qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bir davrga kelib misli ko‘rilmagan darajada qimmatlashib ketmoqda:

“Masalan, Qashqadaryo viloyatining qariyb to‘rt million aholisi bor deylik. Shuncha aholiga bir yilda qancha kartoshka, piyoz, sabzi kerak? Ana shu va eksport hisoblab chiqilib, shunga yarasha ekin ekilishi va uning zaxirasi ta’minlanishi kerak. Ana shundagina narx navoning ko‘tarilib ketishini oldini olish mumkin. Hozir bunday tizim yo‘q. Hozir kim nima xohlasa shuni ekadi. Mayli, xohlaganini eksin, lekin hukumat uni sotib oladimi, zaxira qiladimi, lekin aholini birinchi ehtiyojdagi mahsulotlar bilan ta’minlashi shart”.

Mutaxassisning aytishicha, mamlakatda qurg‘oqchilik bo‘lishi yilning boshidanoq ayon edi, lekin hukumat bunga tayyorgarlik ko‘rmadi:

“O‘zbekistonda hukumat idoralarida qanchadan qancha odamlar prognozlash bilan shug‘ullanib, oylik olib o‘tiribdi. Nega ular mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qancha zaxira qilingani va qanchaga etishi bilan shug‘ullanmaydi. Nega ular, taqchil bo‘ladigan mahsulotlarni zaxira qilish tavsiyalarini hukumatga bermaydi. Hukumat qurg‘oqchilik bo‘lishini bilganku, nega zaruriy choralarni ko‘rmadi?”

Vazirlik izohi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva kuni-kecha AOKAda o‘tkazilgan brifingda sabzi narxlarining keskin oshib ketganligiga shunday izoh bergan edi:

"Joriy yilning aprel-may oylarida sabzining bozorlardagi o‘rtacha narxi 2000-2500 so‘mni tashkil etgan. Ammo, hozirgi paytda sabzining narxi keskin oshishi kuzatilmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida fevral va aprel oylarida havoning keskin sovib ketishini ko‘rsatishimiz mumkin.

Aynan shu sababli ertaki muddatda ekilgan sabzining pishishi 20-25 kunga uzayishi qayd etildi. Shu bois sabzining mavsumiy to‘liq etilish va yig‘ishtirib olish muddati iyun oyining oxiriga to‘g‘ri kelmoqda. Bozorlarda talab ko‘payib ketib, taklif hajmining kamayishi narxlarga ta’sir o‘tkazgan”.

Ozodlik Qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavotchilik boshqarmasi bilan bog‘lanib, bu masala yuzasidan boshqa savollari ham borligini bildirdi. Ammo vazirlik mulozimi brifingda berilgan ma’lumot bilan cheklanishimizni aytdi.

Sabzivoy ulug‘landi

O‘zbekistonda sabzi narxining birdaniga qimmatlab ketganiga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham turli xil munosabat bildirmoqda.

Yangi uzilgan sabzi uyumiga yonboshlab yotgan dehqon Telegram kanalida tarqalgan videoda shunday deydi:

“Ho‘v, DEUdagilar, mundoq tuzukroq moshinalaring bormi, sabzini puliga oladigan yoki MERSga boraymi, Germaniyaga”.

Boshqa bir rasmda esa sabzining narxi valyutalar oldi-sottisi ro‘yxatida paydo bo‘ladi.

Boshqa bir videoda esa qo‘liga ikki dona sabzi ushlab turgan odam shunday deydi:

“E, qoyil mana shu ikki dona sabzi besh ming so‘m bo‘lyapti. Bir kilosi 17 minggacha. Bu turishda bilmadim oshni qanaqa qilib yeymiz, go‘shtning narxigacha chiqib borasanmi, deymanda!”

XS
SM
MD
LG