Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:05

Farg‘onalik kuyovlar: Mirziyoyevning qudavachchasi qanday qilib milliard dollarlik biznes egasiga aylandi?


Farg‘onalik kuyovlar: Mirziyoyev qudalari qanday boyidi?

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan Islom Karimovning 2009 - yilgi "O‘zbekistonda juda boylar ham, juda kambag‘allar ham bo‘lmaydi"​ degan rivojlanish konsepsiyasi amalda rad etildi.

Karimov davrida uzoqda ushlangan asli o‘zbek milliarderlari O‘zbekistonda faol biznesga kirishdi; mamlakat ichkarisida ham ulardan qolishmaydigan “soya” milliarderlarning ko‘p bo‘lgani ochiqqa chiqdi.

Toshkentning badavlat oilalari¸ boy bolalari kundalik hashamatini reklama qiluvchi maxsus kanallar paydo bo‘ldi. Saroylar¸ xususiy uchqichlar¸ London va Parijga sayohatlar¸ dunyoning eng qimmat dizaynerlari kiyim-kechaklariga to‘la garderoblar¸ tansiq taomlardan sinib ketaman deydigan ochil dasturxonlar o‘zbekistonlik tarmoq foydalanuvchilari “ko‘zini yashnata” boshladi. Toshkentning o‘zida arab shahzodalari va ayniqsa Rossiya superboylariga taqlidan yashab kelgan va kelaëtgan oilalarning kam emasligi ma’lum bo‘ldi.

Bu yangi trend o‘zbek eski va yangi superboylarini bog‘lovchi eng muhim jihatni ochiqladi - O‘zbekistonning panadan ochiqqa chiqqan boylari ham¸ yangidan tug‘ilganlari ham mamlakat oliy boshqaruviga bevosita yoki bilvosita yaqin oilalar ekani ko‘rildi.

O‘zbek boylari boyligining siri ularning G‘arbdagi kabi ishbilarmonligi¸ genial biznes g‘oyalari muallifi ekani emas¸ balki davlat va xalq bergan vakolat vositasida millatning eng noyob boylik va zahiralariga qo‘li bemalol yetishida ekani yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ozodlikning navbatdagi surishtiruvi Shavkat Mirziyoyev avvaliga Bosh vazir¸ so‘ngra esa¸ prezidentlikka kelganidan so‘ng mamlakat superboylari safiga qo‘shilgan yangi oligarxlardan biri haqida. Bu oligarx kimligi¸ uning surati va boyligi ko‘lami birinchi marta jamoatchilikka e’lon qilinmoqda.

Farg‘onalik yosh milliarder

Oybek Muhammadaliyevich Umarov degan tadbirkor nomi aksar o‘zbekistonliklarga mutlaqo notanish. Bu nomni yaqinlargacha ayrim qo‘qonliklar va xos biznes guruhlaridan boshqa ko‘pchilik hatto eshitmagan ham.

Bu odamni ijtimoiy tarmoqdan ham topib bo‘lmaydi. Yosh bo‘lishiga qaramay¸ na Facebook, na Instagram va na Telegramda Oybek Muhammadaliyevich Umarov degan qo‘qonlikdan asar ham yo‘q.

Oybek Umarov oilasini o‘tmishda bevosita tanigan qo‘qonliklarga ko‘ra¸ u sovet paytida Qo‘qonda yagona bo‘lgan tilla buyumlari do‘konchisi Muhammadali Ahmadaliyevich Umarov ismli odamning o‘g‘li.

Mamadali aka Qo‘qonda hamma tanigan tillafurush edi. Shaharda o‘zi bitta shuning tilla do‘koni bo‘lardi¸ u paytlarda ko‘p narsa "pod prilavka" sotilardi. Kimga tilla taqinchoq kerak bo‘lsa¸ Mamadali akaning oldiga borardi. Sovetcha tilda¸ tilla chayqovchiligi bilan shug‘ullanardi. Qo‘qonning sovet paytidagi boylaridan edi. Go‘zalxon degan xotinidan ikkita o‘g‘li bor – 84 - yilda tug‘ilgan Otabek va adashmasam¸ 86 - yili tug‘ilgan Oybekjon”¸ - deydi sovet paytida Qo‘qon shahar maorif tizimida ishlagan sobiq mulozim.

Ozodlik gaplashgan qo‘qonliklardan yana biriga ko‘ra¸ 2007 - yil o‘sha paytdagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan quda bo‘lganidan keyin Umarovlar tillafurushdan ko‘ra¸ hokimiyatdagilarga qarindosh oila sifatida nom qozongan.

Otabek Umarov Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi qizi Shahnozaga 2007 - yili uylangan.
Otabek Umarov Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi qizi Shahnozaga 2007 - yili uylangan.

Joriy Birinchi oila va ular qarindoshlari haqida ochiq gapirish oqibatlaridan cho‘chigan Ozodlik suhbatdoshlari¸ o‘z shaxsi ochiqlanmasligini so‘radi.

Otabek Umarov otasi Muhammadali Umarov bilan birga.
Otabek Umarov otasi Muhammadali Umarov bilan birga.

Katta o‘g‘li (Otabek Umarov) Toshkentga o‘qishga ketib¸ Oyxon (Ziroat Mirziyoyevanning qo‘qonliklar orasida tanilgan ismi-tahr.)ning qiziga uylandi. Aytishlaricha¸ Oyxon katta qizimni begonaga berdim¸ kichigimni o‘zimning qo‘qonligimga beraman¸ deb Otabekka berdirgan. Otabek Qo‘qondagi boylarning bolasi boradigan 32-maxsus maktabda o‘qib¸ keyin Toshkentga ketgan. Kichigi, adashmasam, Oybek Lesoparkdagi hovlilari yonidagi maktabda¸ keyin Narxozda o‘qidi shekilli”¸ - deydi oilani bilgan qo‘qonlik mulozim.

Oybek Muhammadaliyevich Umarov degan nomni Google qidiruvga bersangiz¸ bunday shaxsning ayrim rasmiy hujjatlardagina borligiga guvoh bo‘lasiz.

Bu nom ochiq rasmiy manbalarda asosan bir tizim – «Orient Finans» (Orient Finans) bank hujjatlarida ko‘rinadi. Bu hujjatlarning Ozodlik ixtiyoridagi eng eskisi - 2015 - yilga oid.

"Orient Finans" bankning 2015 - yil 10 - iyun kungi yig‘ilishi protokolidan olingan nusxa.
"Orient Finans" bankning 2015 - yil 10 - iyun kungi yig‘ilishi protokolidan olingan nusxa.

Bank aksionerlarining 2015 - yil 10 - iyun kungi yalpi yig‘ini protokoliga ko‘ra¸Oybek Muhammadaliyevich Umarov «Orient Finans»ning to‘rt ta’sischisidan biri. Ayni paytda bank boshqaruv organi bo‘lgan Bank kengashidagi besh odamdan biri. Ayni protokolga ko‘ra¸ 2015 - yilda O‘zbekistonning “Eng yaxshi innovatsion banki” deb topilgan «Orient finans»ning 34 499 400 dona aksiyasi Oybek Umarov qo‘lida bo‘lgan.

Oybek Umarov 2015 - yili "Orient Finans" bank boshqaruv kengashi a’zosi ham bo‘lgan.
Oybek Umarov 2015 - yili "Orient Finans" bank boshqaruv kengashi a’zosi ham bo‘lgan.

Hujjatda bir dona bank aksiyasining nominal qiymati 1250 so‘m deb belgilangan. Bundan esa¸ 2015 - yildayoq Oybek Umarovning o‘zbek so‘mida milliarder¸ AQSh dollarida esa¸ millioner bo‘lgani ko‘riladi.

Umarov egalik qilgan aksiyalarning 2015 - yil iyunidagi nominal qiymati¸ dividentlarni qo‘shmaganda¸ 43,1 milliard so‘m¸ Markaziy bankning 2015 - yil iyunidagi rasmiy kursi bo‘yicha esa¸ taqriban 17 million AQSh dollariga teng bo‘lgan.

O‘zbekistondagi nom chiqargan «Orient Finans» bank ta’sis etilgan 2010 - yilning aprel oyida Oybek Muhammadaliyevich Umarov 24 yoshda bo‘lgan.

Universitetni bitirib-bitirmagan Oybek Umarovning qanday qilib valyuta konvertatsiyasi yopiq O‘zbekistondagi yirik xususiy bankning to‘rt ta’sischisidan biriga aylangani tarixi qorong‘u.

Yosh yigitchaning bank ta’sis qiladigan darajadagi pulni qayerdan olgani undan-da qorong‘uroq.

UzDaily nashrining 2011 - yili yozishicha¸ «Orient finans» bankning boshlang‘ich nizom kapitali 11,48 milliard so‘m (o‘sha paytdagi MB rasmiy kursi bo‘yicha 7 042 944 AQSh dollari ) va uning 80% jismoniy shaxslarga tegishli. Oybek Umarov bankning to‘rt ta’sischisidan biri ekani inobatga olinsa¸ uning bank ta’sis qilish uchun qo‘shgan dastlabki kapitalining million dollardan ko‘proq bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Umarovlarni tanigan farg‘onalik tadbirkor¸ Oybek Umarovning 24 yoshidayoq dollarda millioner ekanidan dalolat beruvchi rasmiy hujjatlar¸ aniqrog‘i bu pullar Umarovniki ekaniga ishonmasligini aytadi.

Oybek qo‘qonlik o‘rtoqlari bilan Gollandiyadan katta-katta qoramol olib kelib, sotib yurdi. Keyin yog‘ zavodida ham oldi-sotdi bilan shug‘ullandi. Mahalliy razborkalarga aralashib yurardi. Xullas¸ qayerdan pul chiqsa¸ o‘sha yerga bosh urib yuradigan mayda tadbirkor bola edi. Akasi Bosh vazirga kuyov bo‘lganidan keyin¸ “Farg‘onaazot”ga iqtisodchi qilib ishga kiritib qo‘yishdi¸ o‘sha yerda ancha payt ishlab yurdi. Davlatning zavodi bergan oylik bilan yashagan-da. Bankka uchreditel bo‘ladigan darajada boy yigit bo‘lganidan umuman xabarim yo‘q”¸ - deydi Oybek Umarovni bilganlardan yana biri.

Ozodlik suhbatdoshlari Oybek Umarovning xususiy bank ta’sischisiga aylanishini akasi Otabek Muhammadaliyevich Umarovning 2007 - yili o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga kuyov bo‘lishi bilan bog‘laydi.

Oybek Umarov akasi Bosh vazirga kuyov bo‘lganidan uch yil o‘tib, konvertatsiya yo‘q O‘zbekistonda xususiy bank egalaridan biriga aylangan bo‘lsa¸ qo‘qonlik iqtisodchi biznesining tomir otib¸ palak yoyishi qayin otaning prezidentlikka kelishidan so‘ng boshlandi.

Mayda tadbirkorning tarmoqlangan biznes tizimi egasiga aylanishi...

«Orient Finans» bankning qog‘ozdagi egalaridan biri bo‘lishiga qaramay¸ Oybek Umarov Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgunga qadar na Qo‘qon va na Farg‘onada jamoatchilikka bankir yo jiddiy tadbirkor sifatida tanilgan.

Karimov davrida Farg‘ona Mirziyoyev aytgan “farg‘onalik kelinlar” - Tatyana¸ Tamara va uning o‘g‘li Akbaralilar qo‘lida edi. Ular borligida Umarovlar na qulog‘i¸ na bo‘yini ko‘rsatishga botinmagan. Bor-yo‘qligini ham birov bilganmas. Kattasi Koreyada yurgan¸ kichigi “Farg‘onaazot”da ekonomist bo‘lib yurgan. 2015 - yili Farg‘onadagi Jumanji restoranida bir mushtlashuv chiqqandi. Oybek Umarovning shu janjalga aralashgani o‘rtaga chiqdi. Lekin tez orada bu janjal bosti-bosti qilib yuborildi¸ Mirziyoyevga ziyoni tegmasligi uchun. Shundan boshqa bu bolaning tilga tushganini eslolmayman. Bu bolaning bank xo‘jayinlaridan ekanini birov bilmagan”¸ - deydi farg‘onalik tadbirkorlardan biri.

2016 - yilga qadar faqat «Orient Finans» bank ta’sischi va aksionerlari ro‘yxatida ko‘ringan Oybek Muhammadaliyevich Umarov mulkdori bo‘lgan kompaniyalar akasining qaynotasi prezidentlikka kelganidan so‘ng muttasil ravishda osha boshladi.

Davlatga qarashli “Farg‘onaazot” AJ ekonomisti bo‘lgan Oybek Umarov hozirda xususiy tadbirkor sifatida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan kamida 9 ta MChJ ta’sischisi. Ayni paytda bu MChJlar yuridik shaxs sifatida yana o‘nlab kompaniya mulkdori.

2021 - yil avgustida O‘zbekistondagi kompaniyalar ochiq reestridan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ 35 yashar Oybek Umarov:

Ustav fondi 367¸5 million AQSh dollariga teng Binokor temir-beton servis MChJning eng yirik aksioneri ham yana Oybek Umarov aksioneri bo‘lgan shirkatning o‘zidir.
Ustav fondi 367¸5 million AQSh dollariga teng Binokor temir-beton servis MChJning eng yirik aksioneri ham yana Oybek Umarov aksioneri bo‘lgan shirkatning o‘zidir.
  • 1994 - yili 3 - noyabrda 2 787 400 so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan QO‘QON 2-ISHCHILAR TA’MINOTI BO‘LIMI MChJning 92.50 foiz;
  • 2010 - yil dekabrida 601 835 867 708.71 so‘m (367 421 164.657 AQSh dollari) ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan BINOKOR TEMIR-BETON SERVIS MChJning 9 foiz;
  • 2013 - yil 5 - dekabrda 9 658 900 (qariyb 10 million) AQSh dollaridagi ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan FT TEXTILE GROUP MChJ qo‘shma korxonasining 5.50 foiz;
  • 2015 - yil 28 - sentabrida 48 000 000 AQSh dollaridagi ustav fondi bilan registratsiya qilingan BEKTEMIR METALL KONSTRUKSIYALARI MChJning 14.50 foiz;
  • O‘zbekistonda 2015 - yil 25 - noyabrda 56 835 600 AQSh dollari miqdoridagi ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan BINKET GROUP MChJ qo‘shma korxonasining 0.90 foiz;
Surxondaryoda ro‘yxatga olingan Gold Dried Fruits Export MChJ ustav fondi 90 million AQSh dollariga yaqin.
Surxondaryoda ro‘yxatga olingan Gold Dried Fruits Export MChJ ustav fondi 90 million AQSh dollariga yaqin.
  • 2016 - yil 11 - mayda Surxondaryoda 242 437 500 000,00 so‘m (qariyb 84 million AQSh dollari) ga teng ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan GOLD DRIED FRUITS EXPORT MChJning 22.90 foiz;
  • 2018 - yil 1 - yanvarda 7 million so‘mlik (860 AQSh dollari) ustav fondi bilan tuzilgan K7 HOTEL MANAGEMENT MChJning 100 foiz;
  • 2019 - yil 18 - oktabr kuni 4 million so‘mlik (425 AQSh dollari) ustav fondi bilan ro‘yxatga olingan OU7 MChJning 100 foiz va
  • 2020 - yil 27 - avgustida 7 million so‘m (685 AQSh dollari) ustav fondi bilan ta’sis etilgan 7 CARBON MChJning 100 foiz aksiyalari egasidir.

(Ustav fondining so‘mda berilgan qiymati kompaniyalar ta’sis qilingan yil va oyda O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan rasmiy kurs bo‘yicha AQSh dollariga o‘girildi – tahririyat)

Raqamlar dinamikasi¸ Umarovning biznesmen sifatidagi ishonchi Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng kuchayib ketgani va bir necha yuz dollarlik ustav kapitali bilan yangi va yangi ko‘p million dollarlik biznes egasiga aylanganini ko‘rsatadi. Keyingi besh yil ichida Umarov mulkdoriga aylangan shirkatlar faoliyat turiga qaralsa¸ ular oddiy tadbirkorning tushiga ham kirmaydigan qadar xilma-xillashgani ko‘riladi.

Bu kompaniyalardagi kattayu kichik ulushlar Oybek Umarovning quruq meva eksportidan to‘qimachilik klasteri¸ qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisidan 5 yulduzli mehmonxonaga qadar egalik qilishini tasdiqlaydi.

Xususan¸ K7 HOTEL MANAGEMENT MChJning yagona mulkdori sifatida Oybek Umarov Toshkent markazidagi 7 qavat¸ 140 xona¸ basseyn va saunalik besh yulduzli MIRAN INTERNATIONAL mehmonxonasining yakkayu yagona egasi.

Miran International mehmonxonasining yagona mulkdori Oybek Muhammadaliyevich Umarovdir.
Miran International mehmonxonasining yagona mulkdori Oybek Muhammadaliyevich Umarovdir.

Ustav fondi bor-yo‘g‘i 7 million so‘m bo‘lgan bu kompaniyaning buncha katta mehmonxonani qaysi mablag‘¸ qaysi shart va asoslarda sotib olgani haqida ochiq ma’lumot mavjud emas.

FT TEXTILE GROUP MChJdagi ulush esa Umarovni Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatdagi eng yirik to‘qimachilik klasteriga aylanib borayotgan Bakantex egalaridan biriga aylantiradi.

OU7 MChJ¸ shu nomdagi brendning yagona egasi sifatida Oybek Umarov bu MChJ va brend aloqador yana qator kompaniyalar mulkdoridir. Xususan¸ Umarov ustav fondi 425 dollarlik OU7 orqali BEFIT PRO fitnes klublar tarmog‘i va Toshkentdagi BISTECCA restoraniga egalik qiladi.

2020 - yil yozidan boshlab Toshkent viloyati¸ xususan¸ Bektemir tumanidagi yangi qurilishlar topshirilgan DSK Binokor MChJning 76¸20 foiz ulushi BINOKOR TEMIR-BETON SERVIS MChJda. Bundan esa¸ davlat buyurtmasi asosida qurilayotgan yangi inshootlar quruvchisi DSK Binokor kompaniyasida ham Oybek Umarov ishtiroki borligi ko‘riladi.

Oybek Umarov yagona egasi bo‘lgan OU7 MChJ direktori Zuhra Abdusattorova Ozodlikka kompaniya egasini tanimasligini iddao qildi.
Oybek Umarov yagona egasi bo‘lgan OU7 MChJ direktori Zuhra Abdusattorova Ozodlikka kompaniya egasini tanimasligini iddao qildi.

Ozodlik 9 - sentabr kuni Oybek Umarov to‘liq yoki qisman ulushga ega kompaniyalarga qo‘ng‘iroq qilib¸ Oybek Umarovning o‘zini topish¸ mazkur surishtiruv tug‘dirgan savollarni tadbirkorning o‘zidan so‘rashga urindi. 9 kompaniya rahbarining ta’sis hujjatida keltirilgan mobil telefon raqamlarining beshtasiga hech kim javob bermadi. Javob berganlaridan uchtasi o‘zining Oybek Umarov aksioneri bo‘lgan MChJga mutlaq aloqasi yo‘qligini bildirdi.

100 foiz ulushi Oybek Umarovniki bo‘lgan OU7 MJCh direktori Zuhra Abdusattorova Ozodlikning Umarovni topish so‘roviga rad javobi berdi.

-Menda bu odam bilan hech qanday aloqa yo‘q. Shu bois¸ sizga yordam bera olmayman¸- dedi Oybek Umarov kompaniyasining hujjatdagi direktori Abdusattorova jumladan.

Orient Group – ta’sischi va sherik

Biznes faoliyati¸ ma’muriy hudud va ko‘lami o‘zbek iqtisodining aksar sektori va viloyatlariga yoyilgan Oybek Umarovning biznes strukturasi uning bir sohaga ixtisoslashgan tadbirkor emas¸ balki qudratli konglomerat vakili ekanini ko‘rsatadi.

Umarov a’zosi bo‘lgan bu konglomerat nomi esa - Orient Group («Orient grup»)dir.

Orient Group moliyaviy operatsiyalaridagi belgilovchi bo‘g‘in hisoblangan «Orient Finans» bank barobarida Oybek Umarov ta’sischi va mulkdori bo‘lgan aksar biznes tuzilmalari ayni shu guruh zanjiriga tizilgan.

O‘zbek matbuotiga ko‘ra¸ nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoda metall konstruksiyalarini qaynoq usulda rux bilan qoplashga ixtisoslashgan yagona qo‘shma korxona - BEKTEMIR METALL KONSTRUKSIYALARI («Bektemir metall konstruktsiyalari») zavodi 2017 - yilning may oyida ish boshlagan.

Toshkent viloyati Bektemir tumanining 70 gektarlik hududida joylashgan bu zavodda yo‘l to‘siqlari, yoritish ustunlari, qurilish konstruksiyalari, elektr payvandlangan quvurlar tayyorlanadi. Ustav kapitali 48 million dollar bo‘lgan «Bektemir metall konstruksiyalari» MChJning 14.5 foizi Oybek Umarov qo‘lida.

2018 yilgi rasmiy hujjatga ko‘ra¸ Binokor temir-beton servis MChJ ta’sischisi Oybek Umarovdir.
2018 yilgi rasmiy hujjatga ko‘ra¸ Binokor temir-beton servis MChJ ta’sischisi Oybek Umarovdir.

Oybek Umarov Orient Group tarkibidagi yana bir baquvvat zavod -BINOKOR TEMIR-BETON SERVIS MJCh ta’sischilaridan biri.

2011 - yilda ro‘yxatga olingan bu MChJ mulkdorlari safiga Umarovning qachon qo‘shilgani noma’lum. Ma’lum bo‘lgani¸ Umarov kompaniyaning besh aksiyadori safida paydo bo‘lishi ortidan¸ uning temir-beton jihozlar va beton ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistonning eng oldi zavodiga aylanganidir.

Ozodlik surishtiruvi davomida Shavkat Mirziyoyevga atab Ohangaron tog‘larida qurilgan maxfiy rezidensiya uchun 100 ming kub metrdan ko‘proq beton va boshqa metall konstruksiyalarni aynan Mirziyoyevning o‘z oilasiga aloqador BINOKOR TEMIR-BETON SERVIS shirkati yetkazib bergani o‘rtaga chiqqan edi.

Orient Group tarkibiga kiruvchi yana qator boshqa MJChlar ham¸ rasmiy reestr hujjatlariga ko‘ra¸ Oybek Umarovga begona emas.

Qo‘qonlik Umarovning Surxondarëda 2017 - yil avgustida ro‘yxatga olingan Gold Dried Fruit Export MChJ sida 22.9 foiz ulushi bo‘lsa¸ eshik va yog‘och mebellar ishlab chiqarish bo‘yicha “Markaziy Osiëda”gi eng yirik fabrika deb taqdim etilayotgan Binket Group qo‘shma korxonasida ham bir foizga yaqin ulushi bor.

OU7 - Oybek yoki Otabek Umarov?

Oybek Muhammadaliyevich Umarov prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi¸ Prezident davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) raisi o‘rinbosari¸ DXX polkovnigi Otabek Muhammadaliyevich Umarovning ukasi ekani haqida biror rasmiy ma’lumot ochiqlangan emas.

Otabek Umarov onasi Go‘zal Umarova bilan
Otabek Umarov onasi Go‘zal Umarova bilan

Umarovning mahalliy matbuotda berilgan rasmiy biografiyasida ham uning ukasi borligi aytilmagan. Ijtimoiy tarmoqda faol¸ xususan¸ Instagramda 9 millionga yaqin folloveri bor Otabek Umarov biror joyda ukasi borligini tilga olgan yoki u bilan tushgan suratini qo‘ygan emas.

Oybek Umarov onasi Go‘zal Umarova bilan. Oybek Umarovning hozircha ochiq manbalardagi yagona bu surati Umarova tug‘ilgan kuniga atab tayyorlangan videorolikdan olindi.
Oybek Umarov onasi Go‘zal Umarova bilan. Oybek Umarovning hozircha ochiq manbalardagi yagona bu surati Umarova tug‘ilgan kuniga atab tayyorlangan videorolikdan olindi.

Umarovlar davrasiga yaqin toshkentlik tadbirkorlardan biri Oybek Umarovni nafaqat Otabek Umarov¸ balki Mirziyoyevlar oilasining “eng qattiq qo‘riqlanadigan sirlaridan biri”¸ deb ataydi.

Oybek Umarov haqida ma’lumot chiqsa¸ jamoatchilik uning nomidagi biznesning asl egasi kimligi¸ uning pullari qayerdan kelib qayerga ketayotgani¸ muhimi bu boylikka eltuvchi yo‘lning kim orqali o‘tishini bilib qoladi-ku! Shunga Umarovni ko‘z qorachig‘idek asrashadi va imkon qadar ko‘zdan narida tutishadi”¸ deydi bu suhbatdosh.

Amalda bor¸ qog‘ozda yo‘q oligarx?

Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarov¸ rasmiy biografiyasiga qaralsa¸ xususiy biznes bilan shug‘ullanmaydi.

Mutaxassisligi bo‘yicha avtomobilshunos bo‘lgan Umarov qaynotasi Bosh vazirligi davrida davlatga qarashli “O‘zavtosanoat” tizimida ishlagan. Yuqori lavozimli amaldorlarning bolalariga berilgan norasmiy imtiyozga asosan¸ Umarov ham 2005 - yildan “O‘zavtosanoat”ning xorijdagi ofislarida ishlagan. 2012 - yili “O‘zAvto Koreya» vitse-prezidenti etib tayinlangan Umarov¸ qaynotasi prezidentlikka kelgunga qadar¸ Bosh vazir Mirziyoyevning ikkinchi qizi Shahnoza bilan Seulda yashagan.

2016 - yilda Mirziyoyev prezident bo‘lishi bilan avtomobilshunos kuyov Prezident Davlat xavfsizlik xizmati rahbarining o‘rinbosari¸ de-fakto qaynotaning Bosh qo‘riqchisi etib tayinlandi va hozirga qadar shu lavozimda qolmoqda. Bir paytning o‘zida¸ lavozimiga ko‘ra¸ DXX raisi muovinlaridan biri ham hisoblanadi.

Joriy yil boshida avtohalokatga uchrab¸ xorijda operatsiya qilingan Otabek Umarov jamoatchilikka ko‘rinmay qolgan bo‘lsa-da¸ uning bu lavozimlaridan ozod etilganiga oid rasmiy yoki norasmiy ma’lumot hozircha yo‘q.

O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan kompaniyalar reestriga ishonilsa¸ Otabek Umarov mamlakatda faoliyat yurgizayotgan biror kompaniyaning rasmiy mulkdori emas.

Ayni paytda Otabek Umarov O‘zbekistonda yaxshi tanilgan ikki biznes strukturasiga bevosita aloqadorligini Instagram sahifasida o‘zi e’lon qilgan.

Ulardan biri OU7 brendi bo‘lsa¸ ikkinchisi 7 piktogrammasi. Umarovning o‘z ism-familiyasi qisqartmasi va 7 raqamiga ixlosi shu qadar kattaki ¸ ijtimoiy tarmoqlardagi niklariga qaralsa¸ o‘zini bu ikkalasining mutlaq egasi deb biladi.

Apple ilovalari do‘konida OU7 ilovasining muallifi Otabek Umarov deb yozilgan.
Apple ilovalari do‘konida OU7 ilovasining muallifi Otabek Umarov deb yozilgan.

Apple ilovalar do‘konida OU7 Training ilovasining Otabek Umarovniki ekani yozilsa¸ OU7.uz saytida uning Otabek Umarov qo‘llovida yaratilgani aytiladi. Davlat amaldori bo‘lgan Otabek Umarovning bu “qo‘llovi” moliyaviy yoki boshqa xarakterda ekaniga biror joyda oydinlik kiritilgan emas. Qolaversa¸ avtomobilshunos polkovnikning qanday qilib kompyuter ilovasi «yaratgani»ga ham biror shaklda izoh berilgan emas.

Bu ma’lumotlar¸ OU7 brendi¸shu nomdagi MChJ¸ qolaversa¸ jamoat fondining qog‘ozdagi egasi Oybek Umarovni katta aka¸ ularning amaldagi “avtori” va homiysi Otabek Umarovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydi.

Rasmiy aloqadorlik hozirgacha ochiqlanmagan bo‘lsa-da¸ oddiy o‘zbekistonliklar avval- boshdanoq Otabek Umarovni OU7, qolaversa¸ u egalik qiluvchi BeFit brendining haqiqiy egasi deb biladi. Bunga esa¸ tarmoqlarda OU7 qisqartmasini Oybek emas¸ balki Otabek Umarov va uning “fan”lari ishlatishi¸ Otabek Umarovning BeFit sport klubini to‘xtovsiz reklama qilishi¸ xorijlik mehmonlaridan to MMA chempionlarini ayni shu klubda qabul qilishi sabab bo‘lgan.

7Saber saytiga ko‘ra¸ mazkur brend tarixi Otabek Umarov "yaratgan piktogramma"dan boshlanadi.
7Saber saytiga ko‘ra¸ mazkur brend tarixi Otabek Umarov "yaratgan piktogramma"dan boshlanadi.

Prezidentning kenja kuyovi nomi bilan bevosita bog‘liq ikkinchi brend - 7Saber. 2021 - yilning 29 - iyunida Toshkentda katta dabdaba bilan taqdim etilgan bu brend¸ uning rasmiy saytida aytilishicha¸ bevosita Otabek Umarovning “dunyoga mashhur 7 raqami piktogrammasi” ortidan tug‘ilgan. Dabdabali taqdimot marosimini Instagram sahifasida ko‘z-ko‘z qilgan Otabek Umarov “men ixtiro qilgan belgi yaxshi qo‘llarda ekanligiga shubham yo‘q”¸ deb yozdi.

7Saber saytiga ko‘ra¸ Dubaydagi Berkeley Square Investments guruhi bu piktogrammani sotib olish uchun O‘zbekistonda Urban Hayot MChJ qo‘shma korxonasi tuzgan.

“Mualliflik huquqi egasi bilan muzokaralar natijada, litsenziyalash shartnomasi imzolagan va emblemadan foydalanish huquqi 5 yilga Urban Hayot MChJga o‘tkazilgan”. Bundan esa¸ Otabek Umarovning 7 raqami yozilishini o‘z “ixtirosi” deb e’lon qilib¸ unga mualliflik huquqini rasmiylashtirgani va shu asosda bu huquqni Dubaydagi “investor”ga sotgani anglashiladi. Bunday “litsenziyalash shartnoma”si narxi¸ qolaversa bu loyihaga kimning¸ qancha sarmoyasi yotqizilgani haqida biror ma’lumot yo‘q.

O‘zbekistonda keng tarqalgan amaliyotga ko‘ra¸ davlat amaldorlari mamlakat ichkarisidagi biror biznes strukturasini o‘z nomiga rasmiylashtirmaydi. Offshordagi qobiq kompaniyalar bundan mustasno. Offshor kompaniyalar asl egalari kimligini ko‘rsatuvchi hujjatlar¸ Gulnora Karimova misolida ko‘rilgani kabi¸ Shveysariyaning eng qattiq qo‘riqlanadigan banklarida saqlanadi.

O‘tmishda boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilganiga qaramay¸ “Angren sement”dan to Sijjak oromgohi¸ Coca-Cola asosiy aksiyalaridan to Toshkentdagi qimmatbaho restoran va tungi klublar egasi Gulnora Karimova ekani “ochiq sir” edi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasining bu kabi o‘nlab kattayu kichik kompaniya aksiyalarining Karimova qo‘lida ekani¸ ulushlarning tekin yoki suvtekinga olingani haqida rasmiy bayonot berishga yetadigan jasorati Karimov o‘lganidan keyingina paydo bo‘ldi.

Mirziyoyevning ham xabari yo‘qmi?!

Islom Karimov O‘zbekistonda “juda boylar ham¸ juda kambag‘allar ham bo‘lmaydi” deb turgan bir paytda uning qizlari¸ xususan¸ Gulnora Karimova dollarda milliarderga aylanib ulgurgan edi. Shveysariyaning birgina bankida unga oid 1 milliard AQSh dollariga yaqin mablag‘ning muzlatilgani buni butun dunyoga ochiqladi.

Xorij telekommunikatsiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar pora olgani bilan bog‘liq xalqaro mojaro boshlanishi ortidan Karimov to‘ng‘ich qizini o‘zidan uzoqlashtirgan va Gulnora Karimova otasi tirikligida uy qamog‘iga olingan edi.

Aksar o‘zbekistonliklar qizlarining ulkan biznes imperiya qurib¸ mamlakat boyliklarini o‘z shaxsiy mulkiga aylantirganidan “Karimovning xabari yo‘q”¸ deb ishongan. Gulnoraning uy qamog‘iga olinishi bunday qarashni yanada kuchaytirgan edi.

O‘z oilasi va MXX tomonidan informatsion izolyatsiyada saqlangani iddao qilingan Islom Karimovdan farqli¸ O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi haqiqiy ahvol¸ davlat amaldorlarining ishlaridan yaxshi xabardorligini aytib keladi.

«Mening fojiam shundaki, men sizlar haqingizdagi hamma narsani bilaman»¸ degan edi 2017 - yil yanvarida o‘tkazilgan hukumat majlisida hokim va vazirlariga qarata Mirziyoyev.

2021 - yil 17 - avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” nashri chop etgan yozma javoblarida Mirziyoyev hozirgi IT davrida real vaziyatdan uzilib qolish mumkin emasligini ta’kidladi.

Shaxsan o‘zim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-e’tiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas”¸ dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokim va vazirlari haqida "hamma narsani biladigan” Shavkat Mirziyoyev o‘z oilasi¸ qiz va kuyovlari¸ quda va yaqin qarindoshlari ishlari¸ xususan¸ ularning biznes imperiyasi o‘z qanoti ostida favqulodda gullab-yashnayotganidan xabari bormi?

Bu savolga javobni Oybek Umarovning eng yaqin biznes sheriklari jamlangan va uning o‘zi bevosita ta’sischi va aksioneri bo‘lgan Orient Group kompaniyalarining keyingi 4 yil ichidagi bosh investori kim o‘zi¸ degan boshqa bir savoldan izlaymiz.

O‘zbek va Oman davlati pullari va OU biznesining gullab-yashnashi

Orient Group tarkibiga kiruvchi o‘nlab kompaniyaning keyingi 4 yil ichidagi eng yirik investori¸Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlardan ko‘rinishicha¸ O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasidir.

2010 - yili ta’sis etilgan bu kompaniya ustav kapitalining 75 foizi Oman sultonligining Investitsion boshqarmasi¸ qolgan 25 foizi esa¸ O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasiga qarashli. O‘zbekiston suveren boyligi saqlanadigan Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasi kapitali¸ kompaniya rasmiy saytiga ko‘ra¸ 2020 - yilga kelib 25 milliard AQSh dollariga etgan.

Biz sheriklik munosabatlari quramiz va investorlarning o‘z biznesini rivojlantirishiga¸ shu orqali mamlakat iqtisodi rivojini tezlatishga ham hissa qo‘shamiz”¸ deb yozilgan bosh ofisi Toshkentda joylashgan O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi rasmiy saytida.

Ochiq manbalardan topilgan ma’lumotlar¸ bu kompaniyaning keyingi to‘rt yil davomida aynan kimlar bilan “sheriklik munosabatlari qurgani” va kimning “biznesini rivojlantirishga hissa qo‘shgani”ni aniq ko‘rsatadi.

Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasining 2016-2020 - yillardagi investitsiya loyihalarini maxsus o‘rganib chiqdi. Lasslettning yangi tadqiqoti ham asosan O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi va Orient Group o‘rtasidagi eksklyuziv hamkorlikka bag‘ishlanadi.

-O‘zbekistondagi kompaniyalar reestridan shirkatlar kapitali va aksionerlariga oid to‘plangan ma’lumotlar O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi keyingi to‘rt yil ichida turli loyihalarga 187 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritganini ko‘rsatadi. Bu investitsiyalar izi esa¸ 187 million dollarning 85 foizdan oshig‘i¸ ëki qariyb 161 million dollarining Orient Group loyihalariga berilganini ko‘rsatadi¸ - deydi Kristian Lasslett.

Ozodlik ko‘rgan rasmiy hujjatlar tahlili Lasslettning xulosasini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston suveren jamg‘armasi pullarining O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi orqali aynan bitta xususiy guruh - Orient Group shirkatlariga berilayotganini davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev biladimi?

Buning javobi¸ mazkur kompaniyaning investitsion kapitaliga pul beraëtgan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ta’sis qilish haqidagi prezident Farmoni va jamg‘arma Nizomida yozib qo‘yilgan.

2006 - yili ta’sis qilingan O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasi Nizomiga ko‘ra¸ bu jamg‘arma pulidan investitsiya kiritish ëki imtiëzli kredit ajratish faqat bir yo‘l - Prezident qarori asosidagina amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda¸ bu jamg‘armadan bir so‘m olishdan oldin prezident roziligini olish¸ uning maxsus qarorini chiqartirish shart. Yanayam soddaroq tilda aytsak¸ bu pullar O‘zbekistonning “qora kuni”ga asralgan va ular saqlanadigan sandiq kaliti bitta shaxs – prezidentning qo‘lida.

Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasi hammuassisi bo‘lgan O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi ochiq manbalardan topilgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ Oybek Umarov mulkdori bo‘lgan Gold Dried Fruits Export MChJga 25 million¸ Binokor temir-beton servis MChJga qariyb 19,5 million dollar mablag‘ kiritgan.

-Korporativ hujjatlar va moliyaviy ma’lumotlarni o‘rganish Orient Groupga aloqador va bir-biriga chatishib ketgan kamida 58 kompaniya faoliyat yurg‘izayotganini ko‘rsatadi. 2020 -yil oxiriga kelib¸ bu kompaniyalar kapitali uch baravarga ko‘paydi va Islom Karimov o‘limi oldidagi 276 million dollardan 728 million dollarga yetdi. Kapitali bu qadar oshgan mazkur konglomeratning jami boyligi millliard dollarlarda baholanishini taxmin qilish mumkin¸ deydi professor Lasslett Ozodlik bilan suhbatda.

Nizomiga ko‘ra¸ iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirishga sarflanishi lozim bo‘lgan Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi mablag‘ining nega aynan shundoq ham qudratli xususiy konglomerat biznesini yanada kuchaytirish uchun sarflangani haqida hozirgacha O‘zbekiston jamoatchiligiga na ma’lumot va na izoh berilgan.

Ozodlik davlat mablag‘ining prezident oilasiga bevosita aloqador xususiy kompaniyalarga investitsiya tariqasida berilishi sabablarini oydinlashtirishni so‘rab O‘zbek-Oman investitsiya kompaniyasi¸ shuningdek Orient Group matbuot xizmatlariga yozma murojaat qildi. Ozodlik savollariga javob berilmadi.

Oilaga aloqador biznesga ochiq qo‘llov

Mirziyoyevning o‘z kuyoviga aloqador kompaniyalarga qo‘llovi ularga millat jamg‘armasi pullaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish haqida qaror chiqarish bilangina cheklanmaydi.

Ochiq rasmiy ma’lumotlar Shavkat Mirziyoyevning Orient Group tarkibidagi kompaniyalar¸ xususan¸ Oybek Umarov bevosita mulkdori bo‘lgan xususiy shirkatlar faoliyatini ochiq qo‘llab-quvvatlab kelayotganini ham ko‘rsatadi.

Prezident matbuot xizmati bergan ma’lumotlar Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri Orient Group tarkibidagi kamida sakkizta kompaniyaga “tashrif buyurib”¸ hukumat mulozimlariga bu xususiy korxonalar faoliyatini yanada kengaytirish borasida topshiriqlar berganini ko‘rsatadi.

Xususan¸ 2020 - yil 21 - avgust kuni “Bektemir metall konstruksiyalari” zavodini borib ko‘rgan Shavkat Mirziyoyev ¸ prezident matbuot xizmatining yozishicha¸ o‘z qudavachchasiga qarashli “mazkur korxonani sanoat klasteriga aylantirish” haqida topshiriq bergan.

Bektemir tumanidagi keng ko‘lamli qurilishlarni Oybek Umarov rasman hissadori bo‘lgan DSK Binokor kompaniyasi topshirgan ham yana Mirziyoyevning shaxsan o‘zi bo‘ladi.

Ayni paytda¸ kuyoviga aloqador shirkat rahbarlaridan bir qanchasi shaxsan Mirziyoyev tomonidan orden va mukofotlar bilan taqdirlangan. Ular orasida DSK Binokor, Building Innovation rahbarlari bor.

Mirziyoyev bu kompaniyalarning asl egalari kimligi¸ ular orasida o‘z oilasi vakili ham borligini bilmasligi mumkinmi?

Prezidentning joylardagi safarlarini tashkillashtirish jarayonidan xabardor Toshkent mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Mirziyoyev boradigan har bir korxonadan tortib u ko‘rishib¸ gaplashadigan har bir shaxs¸ xususan¸ “tadbirkor” ga oid ma’lumot oldindan tayërlanadi va davlat rahbariga taqdim etiladi.

Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati mulozimi Ozodlikka bunday protokolning aksar davlatlarda bir xil ekani¸ prezidentga u boradigan har bir kompaniya bo‘yicha ham og‘zaki¸ ham yozma ma’lumot berilishini tasdiqladi.

Ozodlikning Shavkat Mirziyoyevga u boradigan xususiy kompaniyalar kimniki ekani haqida to‘liq ma’lumot beriladimi¸ degan savoliga prezident matbuot xizmati javob bermadi.

Orient Group. Umarovlar guruhdoshlari kim?

2010 - yilda «Orient Finans» bank ta’sis etilishi ortidan tarmoqlana boshlagan Orient Groupga aloqador kompaniyalar¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarning ko‘rsatishicha¸ kamida 58 ta. Ular orasida «Orient Finans» bankdan tashqari eng tanilganlari¸ «Megaplanet» va «Makro» supermarketlar tarmog‘i¸ Golden House developerlik shirkati¸ «Erkatoy» do‘konlari va «Lokomotiv istirohat bog‘i» va Lokomotiv futbol klubidir.

O‘zbek iqtisodiyotining aksar sektoridagi «yetakchi» shirkatlar jamlanmasi bo‘lgan bu badavlat konglomerat rasmiy sayti bir necha oydan beri “ta’mirda” degan iddao bilan ishlamayapti.

Sayt arxividan olingan ma’lumotga ko‘ra¸ Orient Group ta’sischilari uch shaxs – Fayzulla (ayrim hujjatlarda Payzullajon deb yozilgan -tahr.) Rahmatullayevich Mirzayev¸ Saken Jetebayevich Po‘latov va Dilmurod Ilyosovich Po‘latov (ikkala Po‘latovlarning bir-biriga qarindoshligi ma’lum emas).

Aynan ana shu ajralmas uchlik¸ keyingi 11 yil davomida Orient Group tarkibida paydo bo‘lgan aksar kompaniyalarning ham ta’sischi va egasidir. Surishtiruv markaziga qo‘yilgan Oybek Muhammmadaliyevich Umarov¸ aynan ana shu uch shaxs bilan birgalikda o‘tgan oyga qadar «Orient Finans» bank ta’sischisi edi.

2021 - yil 27 - iyul kuni «Orient finans» bank yirik aksioneri Oybek Muhammadaliyevich Umarov o‘z aksiyalarini 53 milliard so‘mga sotdi. Oybek Umarov¸ mahalliy matbuot ta’kidicha¸ bank aksiyalarini o‘z sheriklariga nominal qiymatdan qariyb ikki baravar arzonga sotgan. Bunday shoshilinch va favqulodda oldi-berdi ortidagi sabablar hozircha Ozodlikka ma’lum emas. Ma’lum bo‘lgani¸ bu oldi-sotdining mazkur jurnalistik surishtiruv doirasida Orient Groupga yuborilgan savollar ortidan amalga oshirilgani¸xolos.

Orient Groupning qog‘ozdagi uch ta’sischisidan faqat bittasi – Saken Po‘latov nomigina jamoatchilikka qisman tanish. Uzoq yil ukasi Alisher Po‘latov bilan Toshkentdagi “Lokomotiv” futbol klubini boshqargan Saken Po‘latov ayni kunlarda o‘zbek bokschilarining eng katta homiysi sanaladi.

Tokio olimpiadasidagi O‘zbekiston g‘alabalariga qo‘shgan hissasi uchun Shavkat Mirziyoyev Saken Po‘latovni "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirladi.
Tokio olimpiadasidagi O‘zbekiston g‘alabalariga qo‘shgan hissasi uchun Shavkat Mirziyoyev Saken Po‘latovni "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirladi.

Ulkan biznes imperiyasi mulkdorlaridan biri bo‘lish barobarida Po‘latov keyingi to‘rt yil ichida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo boks konfederatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi, Osiyoda boksni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash fondi rahbari va Osiyo boks konfederatsiyasining vitse-prezidentiga ham aylandi.

Fayzulla Mirzayev Orient Group tarkibidagi o‘nlab shirkat ta’sischi va mulkdoridir.
Fayzulla Mirzayev Orient Group tarkibidagi o‘nlab shirkat ta’sischi va mulkdoridir.

Orient Group tarkibidagi aksar kompaniyalarda katta ulushga ega Fayzulla (Payzullajon) Mirzayev jamoatchilikka mutlaq notanish shaxs. Uning nomini faqat o‘nlab kompaniya ta’sis hujjatlari va aksionerlari ro‘yxatidagina uchratish mumkin¸ xolos. Mirzayevga oid aniq ma’lumot yoki uning suratlari unga oid kompaniyalar saytida yo‘q.

Orient Groupning uchinchi ta’sischisi Dilmurod Ilyosovich Po‘latov. Guruh tarkibidagi o‘nlab kompaniyada ulushi bor bu shaxs¸ ijtimoiy tarmoqda nisbatan faol.

Dilmurod Ilyosovich Po‘latov o‘zining prezident kuyovlari¸ ayniqsa¸ kenja kuyov Otabek Umarovga "juda yaqinligi"ni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilib kelmoqda.
Dilmurod Ilyosovich Po‘latov o‘zining prezident kuyovlari¸ ayniqsa¸ kenja kuyov Otabek Umarovga "juda yaqinligi"ni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilib kelmoqda.

Xususan¸ Dilmurod Po‘latovning Instagram sahifasidagi surat va postlar uning qog‘ozdagi biznes sherigi Oybek Umarovning akasi - O‘zbekiston prezidentining kenja kuyovi Otabek Muhammadaliyevich Umarovga yaqinligini ko‘rsatadi.

Instagramda Otabek Umarov bilan tushgan suratlaridan biriga Po‘latov “best friends” – eng yaqin do‘stlar deb yozganidan uning prezident kuyovining xos davrasi a’zosi ekani anglashiladi.

Orient Groupning asl egalari kim?

O‘zbekistondagi mustaqil jurnalist va blogerlarning yozishicha¸ mazkur trio Karimov davrining eng qudratli generallari – mamlakat aholisini 23 yil qo‘rquvda ushlagan MXX raisi Rustam Inoyatov va o‘zbekistonlik tadbirkorlar yuragiga vahima solib kelgan Soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev himoyasidagi shaxslar hisoblanadi.

Orient Group biznesining avval boshdan MXXning qudratli raisi Rustam Inoyatov himoyasida ekani aytiladi.
Orient Group biznesining avval boshdan MXXning qudratli raisi Rustam Inoyatov himoyasida ekani aytiladi.

Orient Group¸ Ozodlik gaplashgan o‘zbek mulozim va tadbirkorlarining qat’iy iddaosicha¸ avval-boshdan ana shu ikki qudratli generalning oilaviy biznesi bo‘lgan.

General Botir Parpiyev O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasini 14 yil (2004-2018 - yillarda ) uzluksiz boshqargan.
General Botir Parpiyev O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasini 14 yil (2004-2018 - yillarda ) uzluksiz boshqargan.

Orient Group ta’sischilarining O‘zbekiston ichkarisi¸ qolaversa¸ xorijda ta’sis etilgan kompaniyalarda Inoyatovning o‘g‘li Sharif Inoyatov va Parpiyevning o‘g‘li Bobur Parpiyev bilan biznes sherik ekani¸ bu shaxslar o‘rtasidagi bevosita aloqadorlikni tasdiqlaydi.

General Botir Parpiyevning o‘g‘li¸ "Orient Finans" bank egalaridan biri Bobur Parpiyev boshqa qudratli general Rustam Inoyatovga kuyov bo‘ladi.
General Botir Parpiyevning o‘g‘li¸ "Orient Finans" bank egalaridan biri Bobur Parpiyev boshqa qudratli general Rustam Inoyatovga kuyov bo‘ladi.

Bobur Batirovich Parpiyev 2013 - yildan “Orient Finans” bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari¸ 2016 - yildan 2020 - yilga qadar esa¸ boshqaruv raisi bo‘lgan. Hozirda bank kuzatuv kengashi raisi.

Oybek Umarovning Orient Group kompaniyalaridagi ulushining o‘sib borayotgani guruh ichidagi qo‘llar nisbatining o‘zgarayotganidan darak beradi. Raqamlar¸ Karimov davrida Inoyatov va Parpiyev oilaviy biznes imperiyasi deb ko‘rib kelingan bu konglomeratdagi Mirziyoyevlar oilasi ulushining keyingi 5 yil ichida muttasil oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

-Mazkur surishtiruv O‘zbekistondagi eng katta va boyligi nihoyatda tezlik bilan oshib borayotgan konglomeratlardan birining bevosita prezident Shavkat Mirziyoyevga aloqadorligini ko‘rsatadi. Aynan ana shu aloqadorlik tufayli bu konglomerat davlat jamg‘armasi puliga tuzilgan investitsiya kompaniyasi bilan eksklyuziv munosabatga ega. Bu fakt o‘zini Karimov davri siyosatidan uzoqlashtirishga urinib kelayotgan Mirziyoyev oldiga qator jiddiy va o‘ng‘aysiz savollarni qo‘yadi. Bu savollar javobsiz qolar ekan¸ O‘zbekistonning Karimov davridagidan ko‘ra kuchliroq avtoritarizm botqog‘iga botish ehtimoli kuchayib boraveradi, - deydi britaniyalik professor Kristian Lasslett.

Ozodlik mazkur surishtiruv doirasida tug‘ilgan savollar bilan O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatiga elektron pochta orqali yozma murojaat qildi. Ammo savollar javobsiz qoldi.

Ozodlik surishtiruvga aloqador tomonlarning rasmiy izoh va javoblariga ochiqligini ta’kidlaydi.

Ushbu surishtiruv professor Kristian Lasslett bilan hamkorlikda hozirlandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG