Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:12

Global iqlim sammiti: Tanqidlarga qaramasdan, Ozarbayjon o‘z nufuzini oshirish ilinjida


COP29, Boku, Ozarbayjon.
COP29, Boku, Ozarbayjon.

Ozarbayjon ilgari ham yirik tadbirlar uchun tanqidlarga duch kelgan. Biroq, bu muammo COP29 bilan yanada kuchayishi mumkin.

Ozarbayjon BMTning global iqlim sammitiga mezbonlik qilishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, o‘zi kutgan e’tiborni qozonmoqda. Ammo odatda bo‘lgani kabi, bu neftga boy avtoritar davlatda yuqori darajadagi xalqaro tadbir o‘tkazilar ekan, e’tiborning aksariyati salbiy.

Boku o‘tgan yili 11-22-noyabr kunlari BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 29-konferensiyasiga (COP29) mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritganida, Amnesty International va Human Rights Watch (HRW) kabi tashkilotlar tomonidan tanqid bo‘lishini kutgan edi. Biroq, u biznes va moliya doiralarida ham tanqidga uchramoqda. "Financial Times" va "The Economist" nashrlaridagi tanqidiy maqolalarda Ozarbayjon COPdan o‘zining "jiddiy darajada nuqsonli" iqlim rejalaridan e’tiborni chalg‘itish, avtoritar prezident Ilhom Aliyevning obro‘sini "oqlash" va umuman, tuzumni "yashil niqob" ostida yashirish, inson huquqlari bo‘yicha yomon ko‘rsatkichlar va boshqa kamchiliklardan chalg‘itish uchun foydalanayotgani aytilgan.

Экологик акциянинг илк куни дунё бўйлаб мингдан зиёд фаол қўлга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:14 0:00

"Ba’zi ommaviy axborot vositalarining Ozarbayjon obro‘sini soxta bahonalar bilan bulg‘ashga qaratilgan tuhmat kampaniyasiga to‘xtalmasdan o‘tolmayman," dedi Aliyev 10-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan COP oldidan o‘tkazilgan yig‘ilishda. "Bunday behuda urinishlar bizni iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini bartaraf etishdek olijanob vazifamizni bajarishdan chalg‘ita olmaydi."

Bu Ozarbayjon ilgari ham boshidan kechirgan jarayon. U uzoq vaqtdan beri keng ko‘lamli tadbirlarni o‘tkazishni xalqaro obro‘ qozonish yo‘li deb biladi. Mamlakat 2012-yilda Eurovision qo‘shiq tanloviga mezbonlik qilgan. U bir necha bor yozgi Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishga muvaffaqiyatsiz bo‘lsa-da, harakat qilgan va ikkita Olimpiadaga o‘xshash tadbirlarga mezbonlik qilgan: 2015-yildagi Yevropa o‘yinlari va 2017-yildagi Islom birdamligi o‘yinlari. 2017-yildan beri u Boku shahri markazida Formula 1 musobaqasining Ozarbayjon Gran-prisini o‘tkazib kelmoqda.

Ozarbayjon hukumati bunday mezbonlik imkoniyatlariga "brend yaratish maqsadlarida" intiladi, deydi Pragadagi Charlz universitetida davlat boshqaruvi bo‘yicha tahlilchi va doktorant Najmin Komilsoy.

U Ozodlik radiosiga shunday dedi: "Hukumat tadbir arafasida xalqaro ommaviy axborot vositalarining salbiy e’tiboriga juda sezgir. Ular COP29da iloji boricha ko‘proq G‘arb ulushdorlari ishtirok etishini va tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishni istashadi."

Ozarbayjon o‘tmishda ham yirik tadbirlar uchun salbiy shuhrat orttirgan. Ammo COP29 muammoni yanada kuchaytirishi mumkin, chunki uning global ahamiyati va Misr hamda Birlashgan Arab Amirliklaridagi o‘tmishdoshlariga daxldor noaniqliklar mavjud.

Buyuk Britaniyada joylashgan Chatham House tahlil markazining yangi hisoboti hammuallifi, ozarbayjonlik jurnalist Arzu Geybulla shunday deydi: "Menimcha, hukumat COP Formula 1 yoki Eurovision emasligini, uning global oqibatlari borligini to‘liq anglamagan."

Нима учун минтақада сел кўп кузатилмоқда? Ким айбдор?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:53 0:00

COP29ning ozarbayjonlik tashkilotchilari Teneo PR firmasiga tadbirning ommaviyligini boshqarish uchun 4,7 million dollar to‘lamoqda. Teneo ingliz tilidagi yirik ommaviy axborot vositalariga alohida e’tibor qaratib, matbuot bilan bog‘lanishga yuzlab marta uringan.

Tashkilotchilarning konferensiya haqidagi asosiy g‘oyalaridan biri shuki, u "tinchlik"ka bag‘ishlanadi. Ular " COP sulhi" tashabbusini ilgari surib, butun dunyodagi urushayotgan tomonlarni tadbir davomida janglarni to‘xtatishga chaqirdilar. Chatham House Ozarbayjonning yaqinda Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olish uchun harbiy harakati va uning qo‘shni Armanistonga bosimi davom etayotganini hisobga olgan holda bu g‘oyani "nomuvofiq" va "ishonchsiz" deb baholadi.

Shuningdek, u tinchlikni kun tartibiga chiqarish COP29ning asosiy iqlim muammolaridan chalg‘itishi va shu bilan uni muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

Chatham House mualliflari shunday yozadi: "COP29ning salbiy natijasi, eng yaxshi holda, yashil niqob haqidagi ayblovlarga sabab bo‘lishi mumkin. Eng yomon holda esa, vazifa bajarilmaganida ayblashlari mumkin. Ozarbayjonga nisbatan tanqidlar, ehtimol, uning xalqaro obro‘siga putur yetkazadi va hukumatga nisbatan xayrihohlikni yo‘qotadi. Bu esa, COP29 muvaffaqiyatli o‘tkazilgan taqdirda rahbariyat umid qilganidek, mamlakatning xalqaro munosabatlarini mustahkamlash yoki qayta o‘rnatishdan ko‘ra aksincha natija beradi."

Tanqidiy matbuotga qarshi kurashda Ozarbayjon rasmiylari va hukumat tarafdori bo‘lgan ommaviy axborot vositalari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan usullardan foydalanishdi, jumladan, buni global arman lobbisi deb atashdi.

Shuningdek, ular Ozarbayjon e’tiborni jalb qilish orqali "yashil niqob"ga intilishi mantiqsiz ekanligini ta’kidlaydilar. Ozarbayjonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Elin Sulaymonov Times radiosiga bergan intervyusida shunday dedi: "Bu mutlaqo mantiqsiz, chunki hozir sodir bo‘layotgan narsa Ozarbayjonga ko‘proq e’tibor qaratadi. Bu kimga kerak? Kim e’tibor markazida bo‘lib, tekshiruvdan qochishga urinardi?"

Ozarbayjon Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri, ko‘p yillik davlat neft kompaniyasi rahbari, shuningdek COP29 prezidenti Muxtor Babayev noma’lum dushmanlarni aybladi. U shunday dedi: "Ozarbayjon katta muvaffaqiyatlarga erishdi: hududiy yaxlitlikni tikladi, iqtisodiy yutuqlarga erishdi, xalqaro maydonda mustahkam o‘rin egalladi. Ba’zi davlatlar buni qabul qila olmaydi, ular adolatli baho berishga qiynaladi. Biroq biz [shunday kampaniyani] kutgan edik." Ammo u mamlakat piar vakillarini bunga qarshilik ko‘rsatgani uchun maqtadi.

Babayev shunday dedi: "Ushbu professional jamoaning mehnati tufayli bu yil biz xalqaro ommaviy axborot vositalariga ma’lumot bermagan va bayonot qilmagan bir hafta ham bo‘lmadi. Hozir ular [xorijiy jurnalistlar] mamlakatimiz qudratini tushunishadi va ko‘rishadi."

Komilsoy aytishicha, oxir-oqibat, bunday yirik tadbirlarga xalqaro siyosatchilarga qaraganda xalqaro nodavlat tashkilotlar va matbuot kamroq e’tibor qaratadi. U shunday dedi: "Ozarbayjon elitasi uchun COP29 hukumatlararo platforma bo‘lib, uning fuqarolik jamiyati jihati ahamiyatsiz."

Natijada Ozarbayjon hukumati tanqidga nisbatan befarq bo‘lib qolishi mumkin.

Geybulla shunday deydi: "U ichki va tashqi mas’uliyat masalasida o‘zini dadil va mutlaqo bepisand ko‘rsatmoqda."

XS
SM
MD
LG