Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:56

Harbiy ekspert: Talvasaga tushgan Rossiya kattaroq hududlarni bosib olishga so‘nggi bor urinmoqda


Ukraina sharqidagi rus tanklari.
Ukraina sharqidagi rus tanklari.

Ukrainada harbiy harakatlar boshlangan 24-fevral sanasidan beri Rossiya Mudofaa vazirligi faqat bir marta talafotlar haqida ma’lumot berib, 498 askari o‘lganini va 1600 nafar askar yaralanganini tasdiqladi. Ammo talafotlari aslida bundan ko‘proqligini qat’iyan inkor etib kelmoqda.

Ukraina rasmiylari Rossiya armiyasi talafotlari xususida tamom boshqa raqamlarni keltirishadi: ulardagi ma’lumotga ko‘ra, butun urush mobaynida Rossiya o‘lganlar, yaradorlar va asir olinganlar bilan birga jami 12 ming askaridan ayrilgan.

Ayni paytda RF prezidenti Vladimir Putin muddatli xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar ham, zaxiradagilar ham Ukrainadagi “amaliyot”ga jalb etilmaganini va jalb etilmasligini so‘nggi bir necha kun ichida ikkinchi bor aytdi.

Putinning “muddatli xizmatni o‘tayotgan harbiylar Ukrainadagi janglarda qatnashmayapti”, degan gapiga ishonsa bo‘ladimi? RF qo‘shinlarining Ukraina urushidagi talafotlari aslida qancha, mamlakatning odam resurslari va moddiy zaxiralari yana qanchaga yetishi mumkin? Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari, harbiy ekspert Leonid Polyakov “Nastoyashcheye vremya” efirida ana shu savollarga javob berdi.

– Putin muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar Ukrainadagi urushda ishtirok etmayotganini, ishtirok etmasligini aytmoqda. Unga ishonsa bo‘ladimi?

– Putinga ishonish – o‘zingga nisbatan behurmatlikdir, biz bunga ishonch hosil qilganmiz. U nuqul yolg‘on gapiradi. Mantiq va aql emas, allaqanday afsonalar boshqaradi uni. Hozirgi vaziyat Putinning o‘z afsonalari qurboni bo‘lganini anglatadi.

Rossiyalik muddatli harbiy xizmatchilarga kelsak, ulardan qanchasi asirga tushganidan so‘ng o‘zlari tan oldi: o‘tgan yilning dekabrida ularni mashqlarda qatnashish uchun Ukraina chegaralariga yaqin hududlarga jo‘natishgan ekan. Ular butun qishni dalalarga tikilgan chodirlarda o‘tkazishgan, holdan toyishgan. Ular shartnoma imzolashga majbur etilganliklarini yoki o‘rnilariga boshqalar qo‘l qo‘yganini aytishyapti. Qisqasi, Rossiya yuridik jihatdan istalgan bahona bilan o‘zini oqlashi mumkin, ammo Ukrainaga jo‘natilgan askarlar orasida muddatli harbiy xizmatchilar haqiqatan ko‘p.

Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari,harbiy ekspert Leonid Polyakov
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari,harbiy ekspert Leonid Polyakov

– Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya jangovar kuchlarining qariyb 100 foizi Ukrainadagi urushda qo‘llanib bo‘lgan. Sizdan buni oddiy odamlar tiliga o‘girib berishingizni so‘ramoqchimiz: “jangovar kuchlarning qariyb 100 foizi” nima degani? Va shaxsan siz Pentagonning fikriga qo‘shilasizmi?

– Men ushbu bayonotni originalda o‘qiganim yo‘q. Bu yerda, aftidan, Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida, Qrimda va Belarusda 200 minggacha askar to‘plagani nazarda tutilyapti (bu raqamlar rasman tasdiqlanganicha yo‘q – “NV” izohi). Ayni paytgacha salkam 150 ming harbiy Ukrainaga kiritilgan, balki bundan ham ko‘proqdir. Shuning taxminan uchdan biri boy berildi – o‘ldirildi, yarador bo‘ldi, daraksiz ketdi yoki asir tushdi (bu ma’lumot ham hozircha rasman tasdiqlanmagan – “NV”). Xullas, yana qanchadir askar Ukrainaga tashlanishi mumkin, lekin bu unchalik muhim emas, chunki ishg‘ol uchun to‘plangan asosiy kuchlar allaqachon kiritilgan.

Menimcha, ba’zi qismlarni ushlab turishibdi. Masalan, yanvar oyida va fevral boshlarida Ukraina chegaralari atrofida o‘tkazilgan “mashqlar” tasvirlariga e’tibor bersangiz, BMP-3 piyodalar mashinalari aks etgan kadrlarni ko‘rasiz. Bu eng so‘nggi harbiy ishlanmalardan biri: garchi Sovet Ittifoqi davrida yaratilgan bo‘lsa-da, Rossiya qurolli kuchlariga endi-endi yetkazib berilmoqda. Bu BMPlarning ikkita to‘pi bor: biri 100 mm kalibrli, ikkinchisi 30 mm kalibrli “avtomatik” qurol. Ukrainada men ularni hali uchratmadim.

Bu nima degani? Bilishimcha, bunaqa BMPlar Yelnya shahri (Rossiya) yaqinida joylashgan 1-tank armiyasi ixtiyorida. Demak, ularni Ukrainaga hali kiritishmagan yoki cheklangan miqdorda bo‘lgani uchun umuman kiritishmoqchi emas.

To‘g‘ri, Rossiya Qrimdan yoki mamlakat ichkarisidan yana 20-30 ming askarni olib kela oladi. Balki, Uzoq Sharq, Markaziy Osiyo, Sibir va Kavkazdagi qo‘shinlardan yig‘ib olishar. Ammo ularni avvalboshdan urushga jalb qilish rejalanmaganligi sababli bu jarayon uzoqqa cho‘ziladi. Qolaversa, bu askarlarning Ukrainada urushda qatnashishni juda ham xohlaydi, deyin qiyin. Qisqasi, qo‘shimcha kuch to‘plab kelish oson emas.

Shu bois ham biz Rossiyaning jon talvasasida Ukrainaga mumkin qadar chuqurroq kirishga, iloji boricha ko‘proq hududlarni bosib olishga harakat qilayotganini kuzatmoqdamiz. Ular endi favqulodda xavf tug‘dira olishmaydi, chunki hammasining joyi belgili, harakatlari nazoratda va birin-ketin yo‘q qilinyapti.

– Rossiya harbiylari Ukraina hududiga juda chuqur kira olmaydi, deb o‘ylaysizmi?

– Biz ularni to‘xtata olishimizni, olg‘a siljigani qo‘ymasligimizni tushunib yetishdi, men shuni nazarda tutyapman. Muzokaralarda tillari ustunroq bo‘lishi, ushbu bosqin oqibatlari ustida savdolashishga ko‘proq imkoniyat qolishi uchun ular iloji boricha ko‘proq hududni bosib olishmoqchi. Shu bilan birga, Xarkov, Chernigov, Sumi va boshqa qator shaharlarni vayron qilish bilan “qarshilik ko‘rsatishga jur’at etgan” ukrainlardan qasos olishmoqda. Ya’ni biz siz bilan tipik Rossiya strategiyasiga guvoh bo‘lyapmiz – “dushman taslim bo‘lmayotgan ekan, undan o‘ch olish va mumkin qadar ko‘proq zarar yetkazish kerak”, degan strategiyaga.

Taxminimcha, yaqin hafta mobaynida biz dushmanni sekin-asta orqaga surishni boshlaymiz – Xarkov bo‘sag‘asida ular allaqachon chekinmoqda. Yoki, Nikolayev yaqinida bo‘lganidek, qirib tashlaymiz.

Украинага босқин: 14-кун | Рус қўшини тинч аҳолини бомбаламоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:51 0:00

– AQSh razvedkasiga ko‘ra, Rossiya hozirda Ukrainada o‘z tarafidan urushga tashlash uchun Suriyada jangarilarni yollamoqda. Ukraina armiyasi tomonida esa butun boshli chet el legioni tuzilyapti. Ukrainani himoya qilish uchun ko‘ngilli bo‘lib kelgan ajnabiylar bilan yollanma suriyaliklar urushda burilish yasay olisharmikan? Va bu burilish kimning foydasiga bo‘ladi?

– Suriyaliklar urushga yollanayotgani haqida xabar Rossiya ichidagi auditoriya uchun tarqatilgan bo‘lishi mumkin. Go‘yo, Rossiyaga xayrixohlar ham bor, degan mujda berish maqsadida. Harbiy nuqtai nazardan esa, bu juda kulgili. Suriyadanmi, boshqa yerdanmi keladigan, hatto qachon kelishi noma’lum jangarilar bilan biz tashkil qilayotgan jangovar bo‘linmalarning professional, veteran jangchilarini taqqoslab bo‘ladimi? O‘zlaringiz bilgan belarus va chechenlardan tashqari, Isroildan, AQShdan, Yevropa mamlakatlaridan ko‘ngillilar kelishmoqda. Agar suriyaliklar kelishsa, shaxsan mening bunga ko‘zim yetmaydi, – ular Ramzan Qodirovning shotirlari kabi, shu yerda o‘lim topishadi. Qodirovchilardan ko‘pini yo‘q qildik, qolganini ham yo‘q qilamiz – Gostomelda, Buchada, Vorzel va Irpendagi xunrezliklari uchun hammasi tovon to‘laydi.

XS
SM
MD
LG