Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:53

IIB uy qamog‘idagi transgender Niginani uni kaltaklagan shaxs bilan "yarashtirdi"


Nigina nomi bilan tanilgan transgender Mirsharif Zokirov. (Videodan skrinshot)
Nigina nomi bilan tanilgan transgender Mirsharif Zokirov. (Videodan skrinshot)

7 - iyul kuni Toshkentdagi uyida kaltaklab ketilgan transgender Nigina (Mirsharif Zokirov)ning yaqinlari hodisa uyushtirilganini da’vo qilmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, IIBga hodisa bo‘yicha telefon qilingan, biroq keyinchalik Nigina bilan uni kaltaklagan erkak “yarashuv xati” yozgan.

O‘tgan yili tovlamachilik va giyohvand moddalar saqlashda ayblanib, 3 yilga mahkum etilgan Nigina 22 - iyun kuni uy qamog‘iga chiqarilgan.

Inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekistonda LGBT vakillari hamda faollarga nisbatan hujumlar kuchayganidan xavotir bildirgan.

O‘z uyida kaltaklangan transgender

12 - iyul kuni Ozodlikka bog‘langan (Mirsharif Zokirov) yaqinlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, kaltaklash hodisasi 7 - iyul kuni Niginaning Toshkentdagi uyida sodir bo‘lgan.

Nigina (Mirsharif Zokirov)
Nigina (Mirsharif Zokirov)

“Shu kuni bir yigit Niginaning uyiga kelib, undan pul talab qildi. Aytishicha, Nigina bilan o‘sha kuni telefonda tanishgan ekan. Aniq summani aytmadi. “Pul bermasang, boshqacha gaplashaman”, dedi. Nigina “Pul bermiman”, degandi, urishga o‘tib ketdi. Dazmol bilan Niginaning yuziga urdi. Sochidan tortib, podyezdga sudrab chiqdi”, - dedi anonim qolish istagini bildirgan Niginaning yaqini.

Hodisa guvohlariga ko‘ra, Niginaning qo‘shnilari aralashuvi sabab yigit kaltaklashni to‘xtatgan:

“Baqir-chaqirni eshitib, Niginaning qo‘shnilari yugurib chiqdi. Shu orada Niginaning yana bir nechta tanishi ham kelib qoldi. Shundan keyin barzangi yigit qochib ketdi”.

Ozodlikka yo‘llangan foto va videolarda Niginaning yuz-ko‘zi qonga belangani ko‘rinadi. (Niginaning yaqinlari iltimosiga ko‘ra, ushbu tasvirlar e’lon qilinmayapti).

Ozodlik muxbiri hozirda uy qamog‘ida bo‘lgan Niginaning o‘zi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘ziga berilgan jazoni to‘la o‘tab bo‘lmagunicha, matbuotga gapira olmasligini aytib, hodisa tafsilotlarini ochiqlamadi.

Niginaning yaqiniga ko‘ra, o‘sha kunning o‘zida hodisa yuzasidan IIBga murojaat qilingan:

“IIBga telefon qilindi. Lekin keyin ularni “yarashtirishdi”. Xolislar oldida ikkalasi ham “davoim yo‘q” deb yozib berishdi. Nigina ROVDdagilardan juda qo‘rqadi. Shuning uchun shunday yozishga majbur bo‘ldi. ROVDda uni unijat qilishlaridan to‘yib ketgan. “Yaxshisi, uyimda kaltak yeb o‘tirganim yaxshi, ROVDga borgandan ko‘ra” , dedi o‘sha kuni ham”.

Nigina yashaydigan hududning IIB bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 7 - iyul kuni Mirsharif Zokirovning kaltaklanishi hodisasi bo‘yicha surishtiruv boshlangan. Biroq 10 - iyul kuni da’vogar va jabrlanuvchi tomonlar yarashgani sabab ish to‘xtatilgan.

Niginaning yaqini kaltaklagan yigitning shaxsi haqida ma’lumotga ega emasligi, hodisani uyushtirilgan, deb ishonishini ta’kidlaydi:

“Bu uyushtirilgani aniq. Lekin kim tomonidan qilinganini bilmadim. Chunki bu “Gop stop” emas, ya’ni qo‘rqitib, pul oladiganlar ishi emas. U barzangi yigit sportchiga o‘xshardi. Ko‘pchilik bo‘lib ham unga hech kimning kuchi yetmadi. U Niginaga “Ko‘chada yurolmaydigan qilib qo‘yaman”, degan gapni qayta-qayta aytdi. Urganda ham Niginaning badaniga emas, balki faqat yuziga urdi. Barzangi Matiz mashinasida kelgandi. Mashinada uni 2ta qiz va 2 ta yigit kutib o‘tirdi. ROVD ham osongina “yarashtirib” qo‘ya qoldi”.

Nigina (Mirsharif Zokirov) o‘tgan yili Jinoyat kodeksining tovlamachilik (165-modda) va giyohvandlik moddalarini saqlash (276-moddasi 1-qismi) moddalari bilan ayblanib, hibsga olingandi.

U hibsda ekan, (2020 - yil sentabr oyida - tahr.), tarmoqlarda IIB yerto‘lasida uning sochi qirqib tashlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Sud Nigina (Mirsharif Zokirov)ni aybdor deb, topgach, u o‘tgan yilning 10 - noyabrida IIVning 1-sonli tergov izolyatori (Toshturma)ga o‘tkazildi.

Joriy yilning 19 - fevral kuni jamoatchilik komissiyasi tarkibida mazkur qamoqxonaga borgan “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov mahkum Mirsharif Zokirov (Nigina) bilan suhbatlashdi.

Qamoqxona xodimlari ishtirokida yozib olingan video suhbatda Nigina jazo muassasasida o‘ziga nisbatan tazyiq bo‘lmayotganini aytgan.

Niginaning yaqinlariga ko‘ra, ushbu suhbatdan ikki kun o‘tib, mahkuma manzil koloniyasiga o‘tkazilgan va 22 - iyun kuni uning jazosi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan.

Nigina mahalliy nashrlardan biriga bergan video intervyusida o‘zining transgender ekanini ochiq aytgan va keyingi yillarda bir necha bor kaltak yegani haqida gapirgandi.

LGBTga munosabat

O‘zbekistonda jinsiy ozchiliklar huquqlarining ta’minlanmagani va jinoiy qonunchilik ularni ta’qib qilishi xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan oy “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari, Oliy Majlis deputati Alisher Qodirov “Alter Ego” YouTube kanaliga bergan intervyusida gey, lesbiyan va transgender shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish hamda ularni mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qilgan edi.

O‘zbekiston hukumati xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining Jinoyat kodeksidan bir jinsli munosabatlarni jazolaydigan moddani olib tashlash haqidagi chaqiriqlarini rad etgan.

2020 - yil mart oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida Toshkent vakili bunday qilish “jamoatchilikning keskin qarshiligiga” duch kelishini aytgan edi.

Rasmiy O‘zbekistonda “lesbiyan, gomoseksual, biseksual, transgender va interseks hamjamiyat a’zolarini ish bilan ta’minlash yoki ularga sog‘liqni saqlash xizmatlarini ko‘rsatishni cheklaydigan qonunlar yo‘qligini" aytib, O‘zbekistonning bu masaladagi pozitsiyasini himoya qilgan.

Ayni paytda mamlakatdagi LGBT vakillari o‘zlariga nisabatn tazyiqlardan shikoyat qilib keladi.

28 - mart kuni Toshkentning Amir Temur xiyobonida LGBT faollari deb gumon qilingan bir guruh yoshlar hujumga uchragan. Tarmoqlarda tarqalgan videoda hujumchilardan ayrimlari “Allohu Akbar” deb hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Keyinroq hujumga uchraganlarning LGBTga aloqasi yo‘qligi, ular K-Pop va yapon anime komikslarining yosh muxlislari ekani o‘rtaga chiqqan.

Юздан зиёд эркак Тошкентнинг қоқ марказида аниме ва Кейпоп ихлосмандларига ҳужум қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:09 0:00

O‘sha kuni kechqurun Jinoyat kodeksining bir jinsli shaxslar haqidagi bandini bekor qilishga chaqirib kelgan bloger Miraziz Bozorov Toshkentdagi uyi oldida noma’lum shaxslar tomonidan do‘pposlab ketilgan. Hujumchilar hanuz topilgani yo‘q, lekin Bozorovning o‘zi Jinoyat Kodeksining 139-moddasi 3-bandi ("G‘arazli maqsadda tuhmat uyushtirish") hamda 140-moddasi ("Haqorat")da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 30 yashar Bozorov shu yil aprelidan buyon uy hibsida saqlanmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG