Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:47

Jahongir Otajonov “shariatga zid” bo‘lgani uchun qo‘shiq aytishni to‘xtatganini e’lon qildi


Jahongir Otajonov
Jahongir Otajonov

Taniqli xonanda, tarmoqlarda muxlis va xeyterlariga ega 42 yashar Jahongir Otajonov joriy yilning 10 - dekabr kuni Instagramdagi sahifasi orqali “shariat nomaqbul qilgani bois qo‘shiqchilik faoliyatiga nuqta qo‘ygani"ni e’lon qildi.

Otajonov Ozodlik mobil muxbiri bilan suhbatda bu qaror uzil-kesil ekanini ta’kidladi.

Sotsial fanlar doktori Xurshid Habibning fikricha, qo‘shiqchi "ijtimoiy tarmoqning o‘ta dindor segmenti bosimi ostida" ushbu qarorga kelgan bo‘lishi mumkin.

Otajonov o‘z musiqiy faoliyati uchun litsenziya olgan “O’zbekkonsert”davlat muassasasi vakili “qo‘shiqchining diniy e’tiqodi bilan bog‘liq qarori hurmat qilinishi”ni ta’kidladi.

Xonanda va muzikant Dilnur Komilov esa, Otajonovning “men endi halol yo‘lga kirdim” deb video chiqargani "o‘zbek musiqa san’atida faol bo‘lgan ustozlarga malomat kabi yangraganidan dili og‘rigani"ni aytdi.

Jahongir Otajonov
Jahongir Otajonov

Otajonov aynan nima dedi?

Qo‘shiqchi Jahongir Otajonov 10 - dekabr kuni Instagram sahifasida "endi boshqa qo‘shiq aytmasligi"ni derazasidan, Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi ko‘rinib turgan avtomashina ichidan turib, ikki daqiqalik video orqali sokin va bosiq ovozda bildirdi:

“Bismillahir Rohmanir Rohiym. Assalomu alaykum aziz do‘stlar. Mana men, nihoyat¸ inshoolloh, Ollohning irodasi bilan o‘zimni ikki yildan beri qiynab kelgan savollarga ushbu daqiqalarda javob topdim, deb o‘ylayman. O‘zim yaxshi ko‘rgan¸ meni shuncha darajotga yetkazgan, xalqimizni orasida ozmi, ko‘pmi obro‘ qozontirgan kasbim¸ ya’ni musiqachilik kasbimdan Olloh uchun¸shariatimizga to‘g‘ri kelmagani uchun voz kechdim. Voz kechishga jur’at qildim. Hammalaringga kattakon rahmat. Yillar davomida meni olqishlab¸ ashulalarimni eshitib, shunchalik hurmat-e’tibor qilganinglar uchun. Hammanglardan Olloh rozi bo‘lsin. Shu qatorda mendan xafa bo‘lgan¸ sahna ishlarimdan norozi bo‘lgan do‘stlarimiz va yurtdoshlarimizga ham sog‘lik, salomatlik tilayman. Mendan rozi bo‘lishliklarini so‘rab qolaman. Olloh barchanglardan rozi bo‘lsin. Sog‘-salomat bo‘linglar. Bugundan boshlab menga musiqachilik kasbi bo‘yicha murojaat qilmanglar..."

Bu video e’lon qilinishi ortidan Otajonovga oid tarmoq sahifalaridan qo‘shiqlar o‘chirilib, musiqaning harom ekaniga oid yozuv joylandi.

Otajonov sahifasidagi ëzuv
Otajonov sahifasidagi ëzuv

Tarmoq olqishladi va xavotir bildirdi

Qo‘shiqchining bayonoti tarmoqda turlicha qarshilandi. Taniqli kinotasvirchi Umida Ahmedova “bu ketishda, ertaga konservatoriya va teatrlar ham yo‘q qilinadi”, deya xavotir bildirdi.

Sotsial fanlar doktori Xurshid Habibga ko‘ra "Otajonov ijtimoiy tarmoqning o‘ta dindor segmenti bosimi ostida" shu qarorga kelgan bo‘lishi mumkin.

“San’atdan ketishi sababi menimcha ikkita: ijodiy inqiroz va tarmoq bosimi. Lekin ko‘p san’atkorlar ijtimoiy tarmoq psixologiyasini tushunmayapti, uning bosimi ostida qolib ketyapti.Ijodkor odam ijtimoiy tarmoqdan uzoqroq yurishi kerak, degan teoriyalar bor.

Buni vrachlar, psixologlar xam aytyapti. Reislamizatsiya jarayonining yon ta’sirlari va natijalari bular”, - deydi Xurshid Habib.

Uning fikricha, davlatning bu borada aniq pozitsiyasi yo‘qligi muammoli.

"San’atkorlar davlatni o‘ziga tayanch sifatida ko‘rmaydi. Chunki bizda ijodkorni qanotiga oladigan jiddiy sekulyar qatlam yo‘k”, - deydi suhbatdosh.

"Otarchi" deb tamg‘alanish sindromi

Xurshid Habib nazarida jamiyatning san’atkorga past nazar bilan qarashi ularning ruhiy majruhligiga sabab bo‘ladi.

“Bir psixologik nuqta bor, shunga alohida e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylayman: Bizda artistning daromadi to‘ydan. To‘yga it ham, bit ham keladi. Bittasi yopishadi, bittasi o‘padi, bittasi tepadi, bittasi so‘kadi. Ijodkor "xaqiqiy" muxlisning madaniy ahvoli bilan yuzma-yuz bo‘ladi. Bizning jamiyat artistni sevadi, lekin unga hurmat ko‘rsatmaydi. Xojiboy bizning qishloqqa kelganda, rosa kayfiyati tushganini sezgandim. Shayxlar, taqvodorlar qatlamida esa buning aksi. Xalq tavoze’ ko‘rsatadi. Yaqiniga borishga jur’at qilolmaydi. Xoh kattalar, xox faqirlar davrasi bo‘lsin, shayx hurmatda. Psixologik nuqtai nazardan artistlik va xalq bilan muloqot qachondir mening ham jonimga tekkan bo‘lardi va men ham shayxlikni, taqvodorlikni tanlagan bo‘lardim. Jahongirning san’atdan ketishi shaxsiy masala, lekin jamiyatdagi aktual psixologik muhit bilan bogliq".

Xurshid Habib san’atkorlar faoliyatida COVID-19 pandemiyasi yuzaga keltirgan bo‘shliqqa ham e’tibor qaratadi.

“Ijodni kichik davrada bo‘lsa ham namoyish etish va buning evaziga haq olish imkoniyati kamaydi. Pandemiya ijodkorlarning soatlab tarmoqda o‘tirishiga va tarmoqdagi ta’na-dashnomlarga ma’ruz qolishiga sababchi bo‘ldi", -deydi hozirda Germaniyada yashayotgan tadqiqotchi.

U Jahongir Otajonov o‘zbek qo‘shiqchilari orasida isyonkor tabiati bilan ajralib turganini aytadi.

"Jahongir Otajonov o‘zbek qo‘shikchilik san’atida pand-nasihat, ma’naviyatchilik, "onajoning rozi sil" stilida qo‘shiq kuylamagan men bilgan yagona xonanda".

Dunyoviy davlatda musiqaga taqiq yo‘q

Jahongir Otajonovning “Musiqa harom” ekani haqidagi bayonoti qo‘shiqchilar orasida e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Xonanda va muzikant Dilnur Komilov Ozodlik bilan suhbatda Otajonovning “men endi halol yo‘lga kirdim” deb video chiqargani o‘zbek musiqa san’atida faol bo‘lgan ustozlarga malomat kabi yangraganidan dili og‘riganini aytdi.

“Shariatga ko‘ra, degan asosda butun bir musiqiy tamaddun ustiga chiziq tortish, eng kamida insofsizlik. Qolaversa, O‘zbekiston sekulyar, ya’ni dunyoviy davlat. Otajonov o‘z chiqishi bilan “qo‘shiq aytayotganlar gunohkor” deyishu bugungi sahnada ijod qilayotgan ustoz san’atkorlarga malomatdir"¸ - deydi qo‘shiqchi.

Ayni paytda Jahongir Otajonov diniy ko‘z qarashi tufayli san’atdan voz kechishini e’lon qilayotgan birinchi o‘zbek qo‘shiqchisi emas.

Bundan 10 kun oldin yoshlar orasida mashxur “Ummon” musiqiy guruhi qo‘shiqchisi Shohruh ham “qo‘shiq shariatda harom qilingani" vajidan o‘zining san’atdagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgan edi.

O‘zbekistonda qo‘shiqni tashlab, diniy sohani tanlagan ijodkorlar oldin ham bo‘lgan. Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Istirohat» ko‘chasida joylashgan, Abdulhamid Hoji masjidi muazzini Doniyor Toshmuhamedov (Doniyor Fayz) bir paytlar yoshlar sevadigan pop qo‘shiqchi edi.

U 90-yillarda "Seni sevdim", "Jonon bo‘laman deb", "Feruzabonu", "Nozanin" singari qo‘shiqlari bilan tanilgan.

Sulola vakili

Iste’dodli xonanda va bastakor Jahongir Otajonov 1978 - yilda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston va turkmanistonliklarning sevimli san’atkorlari - Ortiq Otajonov va Qo‘ziboy Otajonov Jahongirning amakilari bo‘ladi.

"Oilaviy muhit meni ham san’atga qiziqishimni paydo qilgan", degan edi u Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Jahongir hali 1-sinfda o‘qigan yillaridayoq qo‘shiq aytishni boshlagan.

U Toshkentdagi Uspenskiy nomidagi maxsus bilim yurtida va O‘zbekiston davlat konservatoriyasida musiqadan saboq olgan.

XS
SM
MD
LG