Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:04

Karantinda ishi ko‘paygan IIB xodimlarining oyligi kamaydi


IIB xodimlari karantin davrida ish yuklamasi ortganini aytmoqda
IIB xodimlari karantin davrida ish yuklamasi ortganini aytmoqda

IIV post-patrul va qo‘riqlash xizmati xodimlarining oyliklari 30-40 foizgacha kamaygan. Qo‘shimcha (nadbavka) va mukofot hech kimga berilmayapti. Bu haqda Ozodlikka Farg‘ona viloyatining Beshariq va Buvayda tumani¸ Toshkent va Xorazm viloyatidagi IIB xodimlari bildirdi.

Beshariq tuman IIB sida leytenant unvonidagi zobitning aytishicha, oylik va qo‘shimchalar bilan hisoblaganda, maosh 50 foizga kamaygan.

“Karantin bahonasida byudjet tashkiloti ishchilarining oyligini 50 foizga qisqartirishgan, shu jumladan, militsiya xodimlarinikini ham. Topshiriq mingta, lekin pul oz. Topshiriqlarni bajarish uchun esa qog‘oz, benzin, tunu kun uyga kirmasdan, ko‘chada ovqat yeyish kerak. Ovkat esa qimmat. Davlat e bu pullarni kompensatsiya qilib bermayapti. IIV tizimidagi barcha tashkilotlarda shunaqa ahvol.”

Ozodlik IIV PPX serjanti rutbasidagi toshkentlik xodim bilan joriy yilning 23 - noyabrida telegram mesenjeri orqali yozishdi.

Oyiga 3550000 so‘m olib kelgan serjant karantin davrida 500 ming so‘m kam oylik olayotganini aytdi.

Oyligi yarim million so‘mga kamaygan serjant
Oyligi yarim million so‘mga kamaygan serjant

Ozodlik Buvayda¸ Xatirchi va Urganch tumanlaridagi IIB xodimlardan ham ayni mazmundagi javobni oldi.

Uchqo‘rg‘ondan Buvaydaga qatnab ishlaydigan leytenant rutbasidagi PPX xodimi oylik kamaygani va qolgan maosh yo‘l harajatlaridan ortmayotganidan shikoyat qildi.

Mehnat qonuniga zid

Ozodlik suhbatlashgan huquqshunos Marimboy Rajabov “karantin yoki ishchi - xodim salomatligini saqlash uchun boshqa cheklovlar paytida ish beruvchi xodimning o‘rtacha oyligini berib turishi mavjud qoidalarga ko‘ra shart” ekanligini ta’kidladi.

“Mehnat kodeksining 219-moddasiga asosan, xodim ish jarayonida o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelib qolganligi bilan bog‘liq cheklovga duch kelgan paytida ish beruvchi ana shu davr mobaynida xodimning o‘rtacha ish haqi to‘lashi lozim. Karantin sababli xodim ishga chiqmasa ham? baribir o‘rtacha oyligi to‘lanishi kerak. Endi xodim o‘zining hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatda tegishli ishni bajarishni rad etishga haqlidir. Bu xolatda ham ish beruvchi ishchining talabini qondirishi kerak. Masalan koronavirus yuqishi tayin bo‘li turgan joyga xodim bormayman desa ish beruvchi uni majburlashga haqqi yo‘q. Shu bilan birga ish qilmading deb oyligidan kesishga yoki intizomiy chora ko‘rishga huquqi yo‘q.”

Rajabovning aytishicha mehnat kodeksi bilan bir qatorda karantin borasidagi prezident farmonida ham oylik 100 foiz to‘lashi kafolatlangan:

“Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimning roziligi bilan unga ish haqi saqlanmagan ta’til berish mumkin. Xodim, istasa, o‘z arizasiga binoan, ta’til puli to‘lanmaydigan ta’tilga chiqishi mumkin. Shu bilan birga, ish beruvchi o‘z xodimni karantin munosabati bilan ta’tilga chiqarishi ham mumkin. Bu holatda ish haqi 100 foiz saqlanib qolinishi prezident farmonida belgilab berilgan. Qarang, ishlamasa ham 100 foiz oylik berilishi kerak. Siz aytayotgan holat, ya’ni IIB xodimlarini ishlatib, oyligini kam berish Mehnat kodeksi va prezident farmonining qo‘pol ravishda buzilishidir.”

Ozodlik Ichki ishlar vazirliklari viloyat va tuman bo‘limlari bilan bog‘lanib, oyliklar kamaygani faktini aniqladi. Ammo Ichki Ishlar vazirligi mansabdar shaxslari yoki axborot xizmatidan nima uchun kamaytirilgani borasida izoh ololmadi.

Byudjetdan oylik oladigan hammaning oyligi kesilgan

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi mulozimi IIB xodimlarining oyligi kamligi borasidagi Ozodlik savoliga javoban “barcha byudjet tashkilotlarida oylik qisqargani"ni aytish bilan cheklandi.

O‘zbekiston milliy axborot agentligi jurnalistlarining oyligi ham karantin paytida 23 foizga kamaydi, deya ma’lumot berdi tashkilot hisobchisi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti va Ozodlik suhbatlashgan o‘nlab byudjet tashkiloti xodimlari ham oyliklari uchdan birga kamayganini bildirishdi.

Ozodlik muxbiri suhbatlashgan byudjet tashkiloti hisobchisi xodimlarning oyliklarini kesish borasida Moliya vazirligi ko‘rsatmasi borligini aytdi. Hisobchiga ko‘ra, bu ko‘rsatma prezident farmoniga asoslangan. Ammo farmonda "ustama haq to‘lanmasin¸ maoshlar qisqartirilsin" degan mazmundagi jumlalar yo‘q.

Ozodlik hozircha Moliya vazirligi mas’ullaridan bu borada izoh olishga muvaffaq bo‘lgani yo‘q.

Ozodlikka gapirgan byudjet tashkiloti mulozimlaridan biri hukumat davlat byudjeti defitsitini kamaytirish maqsadida ayni choralarga qo‘l urayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

O‘zbekiston Moliya vazirligiga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmi bo‘yicha byudjet kamomadi 6,7 trln so‘m yoki yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmining 2,6% ini tashkil etgan.

Shu yilning 11 - sentabrida Oliy Majlis Senatidagi chiqishida Moliya vaziri Temur Ishmetov koronavirus, karantin hamda Buxoro va Sardobadagi tabiiy va texnogen ofatlar sabab davlat byudjetining harajatlar qismiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilganini aytgandi.

XS
SM
MD
LG