Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:48

Karmanada aholi noroziligidan so‘ng gaz va elektr ta’minoti yaxshilangani aytilmoqda


Navoiy viloyat, Karmana tumanidagi Kalovot mahallasi ahli gaz va elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanishini talab qilib, ko‘chaga chiqdi. 2020, 16 -dekabr
Navoiy viloyat, Karmana tumanidagi Kalovot mahallasi ahli gaz va elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanishini talab qilib, ko‘chaga chiqdi. 2020, 16 -dekabr

Navoiy viloyati Karmana tuman Gaz ta’minoti hamda Elektr tarmoqlari xodimlarining 18 - dekabrda Ozodlikka bildirishicha, tuman, shu jumladan Kalovot mahallasi aholisini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash izga tushgan.

Yangiariq MFY tarkibiga kiruvchi Kalovot mahallasi ahli gaz va elektr energiyasi yo‘qligidan norozilik bildirib, 16 - dekabrda katta avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi.

Karmanaliklarning norozilik aksiyasi prezident Mirziyoyev hukumatga gaz eksporti hajmini qisqartirib, yonilg‘ini ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq bergan kunga to‘g‘ri keldi.

Kalavot mahallasi ahlining 16 - dekabr kungi norozilik aksiyasidan olingan suratlarda o‘nlab odam avtomobil yo‘lida turganini ko‘rish mumkin.

16 - dekabr kungi voqea aks etgan bu suratlarni Ozodlikka jo‘natgan kalovotlikning yozishicha, “xalq gaz, svet yo‘qligidan katta yo‘lni yopgan, katta janjal bo‘lgan”.

Karmana tuman, Kalovot mahallasi ahlining norozilik aksiyasi. 2020, 16 - dekabr.
Karmana tuman, Kalovot mahallasi ahlining norozilik aksiyasi. 2020, 16 - dekabr.

Ozodlikka murojaat qilgan kalovotlik “hech kim muammoni yecholmayotganini” ham qo‘shimcha qilgan.

“Karmanagaz” xodimi: 2 kundan beri gaz ko‘tarildi

“Karmanagaz” korxonasining ismi aytilmasligini so‘ragan xodimi Ozodlikka kalovotliklarning 16 - dekabrdagi chiqishidan so‘ng gaz ta’minoti yaxshilanganini bildirdi:

“Gaz berildi. Hamma joy bir me’yorda ta’minlanyapti. Norozilik to‘xtadi. Kechadan buyon “gaz yo‘q, gaz pasaydi”, deb odamlar hech qayoqqa chiqmayapti. Hamma mahallaga bir xil berilyapti.

“Karmanagaz” xodimi aholi noroziligiga “gaz pastligi sabab bo‘lgan”ini tan oldi. Vaziyat esa, mana bunday o‘nglandi:

“AGRSlardan (AGRS - avtomatik gaz taqsimlash stansiyasi) gaz qo‘shildi. Shu kunda 16,2 bosim bilan gaz o‘tyapti. Havo sovib ketsa, bosimni yanada orttirshimiz mumkin. 2 kundan beri Odamlarni qoniqtiradigan darajada gaz berilyapti”, - dedi xodim.

“Karmanagaz” xodimi o‘z uyida gaz yonib turganini qo‘shimcha qildi:

“Uyimda shu kunda gaz yaxshi, zangori yonyapti, agar bosim past bo‘lsa, sariq yonadi va is gazini ko‘p chiqaradi. Ovqat pishyapti, choy qaynayapti”.

Elektr tarmoqlari: 16 - dekabrda 2 transformatorni sozladik

Karmana tuman Elektr tarmoqlari korxonasi xodimi (bu xodim ham ismi aytilmasligini ma’qul ko‘rdi) aytishicha, 16 - dekabr kuni aholi norozilik bildirgan joyga u ishlaydigan korxona vakillari ham borgan. “Biroq kalovotliklarning noroziligi asosan gazdan bo‘lgan edi”, - dedi u.

Karmana tuman, Kalovot qishlog‘i ahlining norozilik aksiyasi. 2020, 16 - dekabr
Karmana tuman, Kalovot qishlog‘i ahlining norozilik aksiyasi. 2020, 16 - dekabr

“Kalovot mahallasi tokni ikkita transformatorimizdan oladi. 141-transformatordagi nuqson o‘sha kuni (16 - dekabr) soat 13.20 da tuzatilgan va kuchlanish berilgan va o‘shandan keyin svet o‘chmagan. Boshqa transformator qizib ketgan va o‘sha kuni 15.55 da almashtirilgan. Ayni damda hech qayerda uzilish yo‘q” , - dedi Karmana Elektr tarmoqlari xodimi Ozodlikka 18 - dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14.06 da.

Xodimning aytishicha, elektr iste’moli ustidan nazorat markazlashtirilgan:

Agar iste’molchining qarzi bo‘lsa, Toshkentdan turiboq o‘chirib qo‘yishadi. Chunki hozirda butun mamlakat bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi ishga tushgan. Qarzi bo‘lsa, xuddi telefon kompaniyasiday o‘chirib tashlaydi. Biz o‘zimizcha o‘chira olmaymiz”.

Elektr tarmoqlari vakilining aytishicha, kalovotliklar norozilik aksiyasi o‘tkazgan kun arafasida elektr ta’minotida ko‘p uzilishlar bo‘lgan edi:

“15 - dekabrda ko‘p uzilishlar bo‘ldi va o‘sha kungi kamchiliklarni 16 - dekabrda o‘nglab chiqdik. 15 - dekabrda havo sovuq bo‘ldi va Karmanada o‘sha kuni gaz yo‘q edi. Biroq so‘nggi ikki kundan beri (17, 18 - dekabr) tumanda ommaviy o‘chirishlar yo‘q”.

Xodimning aytishicha, Karmana tumani tabiiy gaz bilan isitiladigan hududlar ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun tumanga elektr energiyasi faqat yoritish va maishiy texnikani ishlatish uchun ajratiladi. “Transformatorlarimiz ham shunga mo‘ljallangan. Isitish uchun mo‘ljallangan emas. Gaz ko‘tariluvdi elektr ta’minotidagi uzilishlar ham o‘z o‘zidan to‘xtadi”, - dedi xodim.

Ozodlik kalovotliklarning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Karmana tuman Elektr tarmoqlari xodimi optimizmiga shu tumandagi Katta machit qishlog‘ida yashovchi jurnalist Dildora Boymurodova sherik bo‘lmadi:

“Kalovot mahallasi bizdan 15 chaqirim narida. 16 - dekabr kungi voqeadan xabarim yo‘q. Lekin elektrning o‘chib turishi - bor gap. Mana bugun ertalab 6 larda ham o‘chdi. Har kuni hech yo‘q bir marta o‘chadi. O‘chgandayam yo nonushta yoki kechki ovqat paytida o‘chadi”, - dedi jurnalist 18 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Jurnalistning aytishicha, kattamachitliklarda tabiiy gaz muammosi yo‘q. “Qishlog‘imiz yonidan gaz magistrali o‘tgani uchunmi, bilmadim, har qalay, gazimiz yaxshi”.

Ozodlik tuman aholisini energiya bilan ta’minlash bilan bog‘liq vaziyatni sharhlab berishini so‘rab, Karmana tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamshid Bobomurodov bilan bog‘landi. Hokim muovini savolni eshitganidan so‘ng aloqa yomonlashganini aytib, uzib qo‘ydi.

Energetika inqirozi boshlanganidan bir oy o‘tib...

16 - dekabr kungi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev hukumatga gaz eksporti hajmini qisqartirib, ichki iste’molga yo‘naltirish haqida topshiriq berganini ma’lum qildi.

Bu joriy yilning noyabr oyi oxirgi o‘n kunligida mamlakatda gaz va elektr taqchilligi kuzatila boshlaganidan buyon o‘tgan qariyb bir oy vaqt mobaynida Mirziyoyevning ayni muammoga birinchi bor e’tibor qaratishidir.

Mirziyoyev 2016 - yil dekabrida prezidentlikka kelishidan avval aholining gaz va elektr muammosini hal qilishga va’da bergan edi. Ammo o‘tgan vaqt ichida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmagan, bu yil esa havo haroratining keskin tushib ketishi energetika sohasidagi jiddiy bo‘hronga sabab bo‘ldi.

Qator hududlar, jumladan, Andijon va Buxoroda sovuqda qolgan aholining norozilik chiqishlari kuzatildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Muammoning ildizi o‘tgan 30 yil davomida energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvat manbalarining yaratilmaganida.

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, iqtisodchi olim Saparboy Jubayev 90-yillar boshida O‘zbekiston qo‘shni Qozog‘iston bilan deyarli bir xil - yiliga 50 mlrd kv/soat atrofida elektr quvvati ishlab chiqargani, bugunga kelib mamlakat deyarli 30 yil oldingi ko‘rsatkichda qolib ketganini aytgan edi. Ayni paytda Qozog‘iston elektr quvvati ishlab chiqarishni ikki barobarga ko‘paytirgan.

XS
SM
MD
LG